Top.Mail.Ru
Homilador pedagogni shtatlar qisqarishi munosabati bilan ishdan bo‘shatish — jinoyat

Homilador pedagogni shtatlar qisqarishi munosabati bilan ishdan bo‘shatish — jinoyat

11:17 / 14.10.2025 395

Mehnat huquqi bo‘yicha ekspert Muahammadamin Karimjonovning ma’lum qilishicha, “Advokat Karimjonov” advokatlik byurosiga umumiy o‘rta ta’lim maktabidan murojaat kelib tushgan.


Murojaatda aytilishicha, homilador ayolga shtatlar qisqarishi munosabati bilan ogohlantirish xati berilgan. Bu holat 2025-yil 1-oktyabrdan maktab maslahatchisi lavozimining joriy etilishi munosabati bilan, direktor o‘rinbosarlarining shtati maqbullashtirilishi ortidan sodir bo‘lgan.


Muahammadamin Karimjonovning ta’kidlashicha, ayolini homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganini bila turib, ishdan bo‘shatish qonunchilikka zid.


Mehnat huquqi bo‘yicha ekspert holatni quyidagicha sharhladi:


Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi homiladorlikning 30-haftasidan boshlab hududiy ambulator-poliklinikalarning, akusher-ginekolog (umumiy amaliyot shifokori) tomonidan bosh shifokor o‘rinbosari bilan birgalikda bir yo‘la 126 kalendar kuniga beriladi.


Ayol dekretga chiqdimi, chiqmadimi, homiladorlikning nechanchi haftaligining ham ahamiyati yo‘q. Tamom-vassalom, ayol homiladormi bo‘ldi, qisqarishga tushirib bo‘lmaydi. Tuqqanidan keyin qisqartiramiz desangiz ham adashasizlar, chunki 3 yoshgacha bolasi bor ayol yoxud 3 yoshgacha bo‘lgan bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan ota (vasiy)ni ham qisqarishga tushirib bo‘lmaydi!


Sababi, MK 163-modda 1-qism 6-bandiga ko‘ra homilador ayollar (ushbu Kodeks 408-moddasi) va uch yoshgacha bolasi bo‘lgan xodimlar (ushbu Kodeks 409-moddasi) uchun kafolatlar berishni nazarda tutadigan talablarga rioya qilmasdan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi.  


MK 408-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.


Jinoyat kodeksining 148-moddasiga ko‘ra ayolini homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganini bila turib, ishdan bo‘shatish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. 

“Ayrim rahbarlar tomonidan yuqoridagidek qonunni pisand qilmaslik holatlari sodir qilinishi, achinarli holat. Homilador va 3 yoshgacha bolasi bor ayol yoxud 3 yoshgacha bo‘lgan bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan ota (vasiy)ni qisqartirib bo‘lmaydi!

Hattoki, yuqoridagi vallomatlar bo‘shat, men javob beraman desa ham bu toifa xodimlarni qisqarish bilan bo‘shatmang! Shunday deganlarning ahvolini ko‘ryapmiz, sudlarda, iltimos yarashaylikdan uyog‘iga o‘ta olishmayapti!”, - deydi Muhammadamin Karimjonov.

O‘ylaymizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu holatga tezkorlik bilan munosabat bildiradi.


Eslatib o‘tamiz, joriy yil 7-oktyabr kuni @xalqtaliminfo kanalida qisqarish jarayoni haqida ovozli chat tashkil qilinib, batafsil tushuntirish berilgandi. 


Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Qisqartirish

Ulashish