Top.Mail.Ru
Ta’lim jihozlari ortidagi korrupsiya fosh etildi

Ta’lim jihozlari ortidagi korrupsiya fosh etildi

16:30 / 16.03.2026 342
Jizzax shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga asl narxi 15,2 mln so‘m bo‘lgan interaktiv doskalarni 25 mln so‘mdan o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax viloyati boshqarmasi Paxtakor tuman bo‘limi katta tezkor vakili shaxsiy boylik orttirish maqsadida o‘zining 1989 y.t., muqaddam sudlangan tanishi bilan til biriktirib, texnika ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi MCHJ ish boshqaruvchisining ishonchiga kirishadi.


Ya’ni, mazkur MCHJ bilan Jizzax shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi o‘rtasida 20 dona interaktiv doskalarning oldi-sotdi shartnomasini elektron do‘kon orqali tuzilishida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, doskalarni qimmat narxda o‘tkazib berishni va’da qilishadi.


Ular o‘zlarining qo‘shtirnoq ichidagi xolis xizmatlari evaziga MCHJ ish boshqaruvchisidan 85 mln. so‘m talab qilishadi. Aniqlanishicha, Departamentning katta tezkor vakili xizmat mavqeidan foydalangan holda, Jizzax shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga asl narxi 15,2 mln so‘m bo‘lgan interaktiv doskalarni 25 mln so‘mdan o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan.


Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab 1989 y.t. fuqaro 85 mln so‘mni olgan vaqtida ushlandi.


So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, undan 30 mln so‘mni Departament xodimi o‘zining yana bir hamtovog‘i bo‘lgan – maktab direktori bilan birgalikda, o‘z yashash xonadoni oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.


Holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, IJQKD Paxtakor tuman bo‘limi katta tezkor vakili va maktab direktoriga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Korrupsiya

Ulashish