Top.Mail.Ru
“X-variant” mojarosiga to‘liq nuqta qo‘yildimi?

“X-variant” mojarosiga to‘liq nuqta qo‘yildimi?

23:18 / 19.05.2026 3.45k

Avvalroq tarix fanidan o‘tkazilgan “Milliy sertifikat” imtihonlari oldidan “x-variant” sotilgani haqida xabar bergandik. Imtihondan oldin audiochatda o‘qib eshittirilgan 50 ta savoldan 33 tasi hamda 2-aprel kuni mavjud bo‘lgan fayldagi testlardan 31 tasi 4, 5 va 7-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan imtihonlarda tushgani haqidagi xabar esa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.


Bilim va malakalarni baholash agentligi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, audiochatda o‘qilgan savollarning 33 tasi imtihon savollari bilan mazmunan o‘xshash ekanligini qisman tasdiqlagandi.


Muhokamalar bu bilan tugamadi. Keyinroq xalqtaliminfo.uz'da mazkur mavzuga doir yana bir nechta maqolalar e’lon qilindi. Shundan so‘ng, Bilim va malakalarni baholash agentligi tahririyat bilan bog‘lanib, bir qancha savollarimizga javob berib, tarix fanidan o‘tkazilgan “Milliy sertifikat” imtihonining tahliliy natijalarini ham tahririyat ixtiyoriga topshirdi.


Agentlikning ta’kidlashicha, milliy sertifikat uchun o‘tkaziladigan  barcha test natijalari bo‘yicha yakuniy xulosalar rasmiy tekshiruvlar va statistik tahlil natijalariga asoslangan holda qabul qilinadi. Milliy sertifikat imtihonlarining test natijalari xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblanib, imtihon natijalari klassik va zamonaviy test nazariyalari asosida statistik tahlil qilib boriladi.


Test sinovi natijalarining klassik test nazariyasi asosida statistik tahlili haqida


Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan milliy sertifikat imtihonlari o‘tkazilgandan so‘ng test sinovi natijalarining tahlili amalga oshiriladi va u asosida test topshiriqlarining statistik xarakteristikalari aniqlanadi.


Bu statistik xarakteristikalar test topshiriqlarining qiyinlik darajalari, test ballarining dispersiyalari (o‘zgaruvchanligi, farqlanishi), topshiriqning boshqa topshiriqlar bilan, shuningdek, umumiy ballar yig‘indisi bilan korrelyatsiyasi (bog‘liqligi)dan iborat.

Test topshiriqlarini qiyinlik darajalarini aniqlash usullaridan biri test topshiriqlarini empirik sinovdan o‘tkazib, to‘g‘ri javoblar salmog‘ini aniqlashdan iborat. Test ballari (yoki to‘g‘ri javoblar)ning dispersiyalari test topshiruvchilarning tayyorgarlik darajasini aniqlashga, bilim darajalari bo‘yicha ajratish imkoniyatlari haqida xulosa qilishga imkon beradi.


Shuningdek, test variantlari va test topshiriqlarining asosiy statistik xarakteristikalari qatoriga o‘rta qiymat, gistogrammalar qurish, moda va mediana kabi ko‘rsatkichlarni hisoblash hamda test ballarining umumiy dispersiyasi (standart og‘ishi) ham kiradi.

Test sinovlari natijalari asosida aniqlangan test ballari taqsimoti gistogrammasi qurilib, uning normal taqsimotga yaqinligi baholanadi. Gistogrammaning normal taqsimotga yaqinligi testning sifatini, test sinovlarining obyektiv o‘tkazilganligini bildiradi.


Milliy sertifikat uchun tarix fani bo‘yicha ballar taqsimoti



Jadvaldan o‘lchashning standart xatoligi 2,80 – 2,91 gacha oraliqda, o‘rta qiymat 13-16 ga, moda va mediananing qiymatlari xatoliklar doirasida o‘rta qiymatga yaqin ekanligini ko‘rish mumkin. Kronbax alfa koeffitsiyentining 0,71-0,75 ga teng ekanligi esa mazkur test variantining ichki muvofiqligi “qoniqarli” ekanligini ko‘rsatadi.


Test topshiriqlarining ichki muvofiqligi har bitta test topshirig‘iga berilgan to‘g‘ri javoblarning umumiy ball bilan korrelyatsiyasiga, talabgorlar olgan umumiy ballarning standart og‘ishiga, har bitta test topshirig‘iga berilgan javoblarining standart og‘ishlari yig‘indisiga hamda test topshiriqlari va test topshiruvchilar soniga bog‘liq bo‘ladi.


Bundan tashqari test topshiriqlarining ichki muvofiqligi nafaqat test topshiriqlarining sifatiga, balki talabgorlarning tayyorgarlik darajasining past yoki yuqoriligiga ham bog‘liqdir.


Qobiliyat darajalari Rash modeli bilan hisoblanadi, natijalar avval z ballga o‘tkaziladi va yakuniy natija T ball bilan beriladi. Nazariyaga ko‘ra, umumiy to‘plam normal taqsimot taqsimotga yaqinlashishi lozim. Normal taqsimot bo‘yicha ballar taqsimoti rasmda ko‘rsatilganidek darajalarga ajratiladi.

2026-yil 4-, 5- va 7-aprel kunlari o‘tkazilgan test sinovi natijalariga ko‘ra, talabgorlarning natijalari:


  • A+ darajali sertifikat olganlar – 2,83 %;


  • A darajali sertifikat olganlar – 5,18 %;


  • B+ darajali sertifikat olganlar – 3,85 %;


  • B darajali sertifikat olganlar – 17,2 %;


  • C+ darajali sertifikat olganlar – 21,53 %;


  • C darajali sertifikat olganlar – 8,63 %;


  • Sertifikat olmaganlar (C dan quyi) – 40,78 %.


Bu natijalarni yuqoridagi nazariy taqsimot bilan solishtirib, taqsimot nazariy taqsimotga qanchalik yaqinligi haqida xulosa qilish mumkin. 


Xalqtaliminfo.uz'da test topshiriqlari tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi maqolada tilga olingan 33 ta test topshirig‘ining tahlili bilan quyidagi jadval orqali tanishish mumkin:



Agentlikning ta’kidlashicha, mazkur jadvaldan 33 ta test topshiriqlaridan faqat 2 tasi 2-qiyinlik darajasida (25-75 foiz oralig‘ida to‘g‘ri javob berilgan), qolgan test topshiriqlarining barchasi 3-qiyinlik darajasida (0-25 foiz orlig‘ida to‘g‘ri javob berilgan) ekanligini va  1-qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari (75-100 foiz oralig‘ida to‘g‘ri javob berilgan) mavjud  emasligini ko‘rish mumkin.


Shuningdek, bu test topshiriqlarining umumiy test topshiriqlari bilan korrelyatsiyalari qiyinlik darajasi yuqori bo‘lgan test topshiriqlari uchun “qoniqarli”, “yaxshi” va “juda yaxshi” ekanligini ko‘rish mumkin.


Xulosa qilib aytganda, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan taqdim etilgan statistik tahlillar test natijalarida keskin o‘zgarish yoki ommaviy yuqori natijalar kuzatilmaganini ko‘rsatmoqda. Agentlikka ko‘ra, audiochatda muhokama qilingan savollarning bir qismi imtihon topshiriqlariga mazmunan o‘xshash bo‘lgan bo‘lsa-da, bu holat yakuniy natijalarga sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan.

Izohlar 7

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Korrupsiya
  • Milliy sertifikat

Ulashish

line

Mavzuga doir yangiliklar

Yangiliklar

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 6,7 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilish holati aniqlandi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan jami 6,7 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan 10 ta tanlov savdolarida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.

13:00 / 18.05.2026
Yangiliklar

“X-variant” bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishi zarur” — tarixchilar va jamoatchilik faollari

Tarix fanidan “Milliy sertifikat” imtihonlari atrofida davom etayotgan “x-variant” mojarosi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

12:30 / 13.05.2026
Yangiliklar

“X-variant” mojarosi davom etadi: imtihondan 2 kun oldin mavjud bo‘lgan “Yangi fayl” tahririyatga yetib keldi va undagi 31 ta test savoli imtihonda tushgani ma’lum bo‘ldi

2-aprel kuni (imtihondan 1 kun oldin) mavjud bo‘lgan yana bir fayl tahririyat ixtiyoriga kelib tushdi. Unda 72 ta savol mavjud bo‘lib, hozirgacha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 31 tasi 4, 5 va 7-aprel kunlari tarix fanidan bo‘lib o‘tgan “Milliy sertifikat” imtihonlarida tushgan.

12:00 / 08.05.2026
Yangiliklar

“X-variant” tarqalganiga qaramay, tarixdan milliy sertifikat natijalari e’lon qilindi

Avvalroq, aprel oyi boshida o‘tkazilgan tarix fanidan milliy sertifikat imtihonining savollari oldindan tarqalgani va sotilgani haqida xabar bergandik.

12:00 / 07.05.2026