Top.Mail.Ru
Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun umrbod qamoq jazosi belgilanmoqda

Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun umrbod qamoq jazosi belgilanmoqda

13:51 / 29.09.2026 103

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.


Mazkur hujjat bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, bolalarga nisbatan sodir etilgan o‘ta og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun jazo keskin kuchaytirilmoqda. Xususan, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash ko‘zda tutilmoqda.


Qonun loyihasida bolaning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar javobgarlikka tortish muddati o‘tganligi sababli javobgarlikdan va jazoni ijro etish muddati o‘tganligi bois jazodan ozod qilinmasligi belgilanmoqda. Bu orqali bola hayotiga tajovuz qilgan og‘ir qilmishlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy kafolatlar kuchaytiriladi.


Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha jabrlangan bola bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchini yuzlashtirishni maxsus tartib asosida o‘tkazish taklif etilmoqda. Bolaga yaqin shaxslar tomonidan zo‘ravonlik sodir etilgan holatlarda esa jinoyat ishini sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlarida vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokini ta’minlash nazarda tutilmoqda.


Bundan tashqari, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmi ham joriy etilmoqda. Bu bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ularning moddiy imkoniyatlaridan qat’i nazar, malakali yuridik yordam olish imkoniyatini kengaytiradi.


Qonun loyihasi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda mas’uliyatsizlikka ham chek qo‘yishga qaratilgan. Jumladan, bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaganlik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni belgilash taklif etilmoqda.


Voyaga yetmaganga nisbatan qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, bir guruh shaxslar tomonidan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etilishini og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.


Hujjatda bolalarning xavfsizligi uchun ota-ona va ta’lim muassasalari xodimlarining mas’uliyati ham alohida belgilanmoqda. Bolalarni tarbiyalash majburiyatini bajarmaslik, shahvoniy shilqimlik qilish va nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish kabi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo choralarini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya jarayonida pedagog tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda esa mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun huquqiy asos yaratish taklif etilmoqda.


Shu bilan birga, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilash ham nazarda tutilgan.


Qonun loyihasining mazmun-mohiyati shundan iboratki, endilikda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning hech bir ko‘rinishi e’tiborsiz qolmasligi, har bir aniqlangan holat qonun doirasida baholanishi, aybdorlar esa qilmishiga yarasha qat’iy javob berishi kerak bo‘ladi. Bu borada nafaqat zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar, balki bolalarni himoya qilish bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarmagan mas’ullarning ham javobgarligini belgillanadi. 

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Zo'ravonlik

Ulashish

line

Mavzuga doir yangiliklar