Top.Mail.Ru
Xalq ta’limi Info tahririyati OAV xodimlari kuni munosabati bilan taqdirlandi

Xalq ta’limi Info tahririyati OAV xodimlari kuni munosabati bilan taqdirlandi

16:00 / 27.06.2024 2.01k

Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unda ta’lim yo‘nalishida faoliyat yurituvchi bir qancha jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi. 


Tadbirni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ochib berib, so‘z va matbuot erkinligini rivojlantirish, ta’lim sohasidagi yangiliklarni yoritish, erishilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etish, o‘z navbatida tizimda uchrayotgan ayrim kamchiliklarni xolis yoritishdagi katta xizmatlari uchun jurnalist va blogerlarga minnatdorchilik bildirdi. 



Bugungi tadbirda Xalq ta’limi Info tahririyati direktori Ulug‘bek Po‘latov ham ishtirok etdi hamda vazirlik tomonidan tahririyatga topshirilgan esdalik sovg‘alarni qabul qilib oldi. 


“Ta’lim sohasida blog yuritishni boshlaganimda Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi 21-umumta’lim maktabida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlardim. Dastlab, telegram messenjerida tashkil etilgan “Xalq ta’limi Info” kanali direktor o‘rinbosarlari uchun ko‘makchi vazifasini o‘tash maqsadida yo‘lga qo‘yilgandi.

O‘sha vaqtlari kanalga faqat hujjatlar yuklab borardim, kanal a’zolari soni esa 50 nafar obunachiga ham yetmasdi. Keyinchalik, ya’ni 2020-yilda, karantin vaqtida kanalga postlar joylab, pedagoglarni qiziqtirgan savollarga javob bera boshladim.

Shundan so‘ng, ta’lim yo‘nalishidagi bloger sifatida taniy boshlashdi. Endi esa “Xalq ta’limi Info” loyihasini yanada kengaytirish uchun rasmiy ommaviy axborot vositasi sifatida ish boshlab, faoliyatimizni yanada kengaytirib, xalqtaliminfo.uz saytini ishga tushirishga erishdik. Hozirgi kunda saytda 2 nafar muxbir hamda 10 ga yaqin jamoa a’zolari faoliyat yuritib kelmoqda.

Nasib qilsa, jamoamizni yanada kengaytirish harakatidamiz. Vaqti kelsa tizimni tanqid ham qilamiz, kamchiliklarni ro‘y-rost olib chiqamiz. Shu o‘rinda bizning tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilib kelayotgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ham o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Vazirlik tomonidan
xalqtaliminfo.uz sayti faoliyati e’tirof etilgani bizga yanada katta kuch va energiya beradi, - deydi tahririyat rahbari Ulug‘bek Po‘latov. 

Eslatib o‘tamiz, “Xalq ta’limi Info” loyihasiga 2018-yilda asos solingan. 2023-yil 16-oktyabr kuni xalqtaliminfo.uz sayti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan ro‘yxatdan o‘tgan.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Tahririyat yutug'i

Ulashish