Top.Mail.Ru
2024-yilda 1000 ta maktab sinf xonalari o‘quv markazlariga foydalanish uchun beriladi

2024-yilda 1000 ta maktab sinf xonalari o‘quv markazlariga foydalanish uchun beriladi

12:00 / 30.06.2024 1.57k
Xususiy o‘quv markazlariga maktablardagi sinf xonalardan tekin foydalanishga ruxsat etildi. Bu haqda 2024-yil 27-iyun kuni Prezident imzolagan PQ-239-sonli qarorida nazarda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, endilikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sinf xonalarini ta’lim jarayonidan bo‘sh vaqtda kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tekin foydalanish huquqi bilan xususiy o‘quv markazlariga berishga ruxsat etiladi.

Bunda tegishli umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi, shuningdek, tekin foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma balansda saqlovchi va xususiy o‘quv markazi o‘rtasida tuziladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2024-yilda kamida 1 mingta umumiy o‘rta ta’lim muassasasining sinf xonalarini xususiy o‘quv markazlariga kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini amalga oshirish uchun tekin foydalanishga beradi.

Bunda sinf xonalarini ijaraga olgan xususiy o‘quv markazlari tomonidan tegishli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qiyotgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari bo‘lgan yuqori sinf o‘quvchilari, biroq o‘quv kurslarida tahsil oluvchilar umumiy sonining 20 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda bepul o‘qitiladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan Yoshlar uchun quyidagi yangi imkoniyatlar joriy etildi:

1. Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha (ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari) C1 yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi sertifikat olgan yoshlarning oʻqish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravari (1 mln 20 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi;

2. 2024-yil 1-sentabrdan yoshlarning (nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari) xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilishi uchun ular tomonidan to‘planishi lozim bo‘lgan ballning minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi;

3. Oliy ta’lim tashkilotlarining xorijiy til filologiyasi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 3 va 4-kursda tahsil olayotgan hamda kamida C1 darajadagi sertifikatga ega talabalariga o‘qituvchi sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat etiladi;

4. Ota-onalar va o‘quvchilar talabidan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan maktablar va kasb-hunar maktablarida chet tili sifatida nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillarini o‘qitishni yo‘lga qo‘yiladi;

5. Xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni o‘rgatish bo‘yicha dunyoning yetakchi markazlari, oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yiladi hamda ularning xalqaro ta’lim standartlariga mos ta’lim dasturlari “Ibrat farzandlari” va “Ustoz” loyihalariga tatbiq etiladi; 

6. Olis va chekka hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta xususiy o‘quv markazining ta’lim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlar uchun ijara to‘lovi xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Repetitor

Ulashish