Top.Mail.Ru
Maktab darsliklari ijara toʻlovi qayta joriy etilishi mumkin

Maktab darsliklari ijara toʻlovi qayta joriy etilishi mumkin

16:16 / 29.10.2024 1.61k

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2025-yil uchun Byudjetnoma eʼlon qilindi. Bu haqda Oyina.uz nashri xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, mazkur axborotnoma ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun hukumat tomonidan 2025–2027-yillarda olib borilishi rejalashtirilayotgan asosiy yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi. Ana shunday yoʻnalishlardan biri – bu, taʼlim va fan sohasi.

Byudjetnomada keltirilishicha, 2025-yilda MTTlarni moliyalashtirishga Davlat byudjetidan 15,8 trln soʻm yoki 2024-yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 15 foiz koʻp mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

Umumiy oʻrta taʼlim xarajatlari esa 54 trln soʻmni yoki 2024-yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 22,9 foizga oshgan holda Davlat byudjeti jami xarajatlarining 15,7 foizini tashkil etishi prognoz qilingan.

Oʻrta maxsus va oliy taʼlim sohasi xarajatlariga ham 14,5 trln soʻm yoki 2024-yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 9,1 foizga koʻp mablagʻ yoʻnaltirilishi kutilmoqda. Rejaga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida darsliklar toʻliq yangilanadi.

Shuningdek, axborotnomada darsliklar bilan taʼminlashda ota-onalar ishtirokini oshirish maqsadida 2025–2026-oʻquv yilidan 2–11 sinflarda bir toʻplam darslik va mashq daftarlari uchun ijara toʻlovini undirish tizimini qayta yoʻlga qoʻyish taklif qilingan.

Maʼlumot uchun, 2024-yilda bir nafar bola uchun darslik va mashq daftarlari bir toʻplamining oʻrtacha narxi 450-500 ming soʻmni tashkil etgan (shundan mashq daftarlari 100-150 ming soʻm). Bildirilgan takliflarda esa bir toʻplam uchun 80 ming soʻm (bir toʻplam tan narxining 16-18 foizi) miqdorida ota onalar toʻlovini qayta tiklash kerakligi aytiladi.

Mazkur jarayonda tushadigan mablagʻlar oʻquvchilarni mashq daftarlari bilan taʼminlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yoʻnaltiriladi.

“Darsliklar va mashq daftarlarining toʻliq Davlat byudjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar masʼuliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan eʼtiborsiz munosabatda boʻlish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, deyiladi Byudjetnomada.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • darsliklar

Ulashish