Top.Mail.Ru
“Qizil” maktabda ishlamoqchi bo‘lgan pedagoglar 25-iyulga qadar tegishli maktab direktoriga murojaat qilishi lozim

“Qizil” maktabda ishlamoqchi bo‘lgan pedagoglar 25-iyulga qadar tegishli maktab direktoriga murojaat qilishi lozim

13:15 / 04.07.2024 15.61k
Kopchilikning tilida qizil maktablar” deya nom olgan maktablar – ta’lim sifati past ta’lim muassasalari hisoblanadi. Ayni vaqtda respublikamizda 545 ta ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar mavjud. Ro‘yxat bilan mana bu manzilda tanishib chiqishingiz mumkin.

Mazkur maktabga borib ishlaydigan pedagoglarga esa 50 foizdan – 100 foizgacha ustama to‘lab beriladi.

Boshqa hududdagi ta’lim sifati past maktablarga borib ishlashni xohlovchi pedagoglar ustozfondi.uz elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tib, ariza shaklini to‘ldirishi kerak kerak bo‘ladi.

Elektron platformaning uzluksiz ishlatish, moliyalashtirish, texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va ma’lumotlarni yangilab borishni muvofiqlashtirish esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktabda ishlamoqchi bo‘lgan o‘qituvchi-pedagoglar:

  • tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;

  • dars berayotgan fani bo‘yicha birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi;

  • boshqa hududda kamida bir yil pedagogik faoliyat yuritgan bo‘lishi;

  • amalda faoliyat yuritayotgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatida mavjud bo‘lmasligi talab etiladi.

Shu toifadagi maktabda ishlamoqchi bo‘lgan pedagoglar qaysi muddatgacha murojaat qilishi kerak?

Boshqa hududlardagi ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish istagini bildirgan o‘qituvchi-pedagoglar elektron platformaga kiritilgan ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarning birini tanlab, ko‘rsatilgan vakant soatlar bo‘yicha 15-maydan 25-iyulga qadar umumta’lim maktabi direktoriga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qiladi.

O‘qituvchi-pedagoglar ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktab direktoriga qanday hujjatlarni taqdim etadi?

  • mutaxassisligi, dars beradigan fanini ko‘rsatgan holda direktor nomiga ariza;

  • doimiy yashash manzili (hudud, tuman/shahar nomi), telefon raqami ko‘rsatilgan ma’lumotnoma — obyektivka;

  • oliy yoki birinchi malaka toifasiga ega ekanligini tasdiqlovchi sertifikat nusxasi.

Bunda boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchi-pedagoglarga quyidagicha miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi:

  • bir viloyat doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;

  • boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustama.

Boshqa hududdan ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga jalb etilgan pedagoglarga faoliyat olib borgan davriga, biroq 2 yildan ortiq bo‘lmagan muddat davomida xizmat uy-joylari yoki tuman (shahar)lar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pullik kompensatsiya to‘lab berilishi ham ta’minlanadi.

Agar pedagog xodim amalda ishlayotgan ish joyida direktor jamg‘armasi hisobidan ustama olayotgan bo‘lsa, bu ustamalar ta’lim sifati past bo‘lgan maktabda ish boshlagan taqdirda ham bir o‘quv yili davomida saqlanib qoladi.

Boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi o‘quv yili uchun ham to‘lanadi.

Agar ana shu maktablar olis hududda joylashgan maktablar ro‘yxatiga ham kirsa, boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritadigan pedagog xodimlarga quyidagi miqdorda yana qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi:

  • 6 oydan – 3 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 10 foiz;

  • 3 yildan – 5 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 20 foiz;

  • 5 yildan – 10 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 30 foiz;

  • 10 yildan – 15 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 40 foiz;

  • 15 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga esa 50 foiz ustama to‘lab beriladi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi PQ-4940-son qarorida qayd etilgan.

2021-yil 1-yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan o‘qituvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lab berish yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni vaqtda ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus platformaga joylashtirilgan. Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish istagini bildirgan o‘qituvchi-pedagoglar belgilangan tartib bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan saralanadi.

Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga ishga kirish bo‘yicha 25-avgustga qadar ariza yozgan o‘qituvchi-pedagoglar qonunchilikda belgilangan tartibda maktab direktorlari tomonidan ishga qabul qilinadi.

Izohlar 10

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Maktab reytingi
  • Ta'lim sifati

Ulashish