Top.Mail.Ru
O‘zbekistonda 60 foizdan ortiq o‘quvchilar 2 smenada o‘qimoqda

O‘zbekistonda 60 foizdan ortiq o‘quvchilar 2 smenada o‘qimoqda

13:04 / 21.07.2024 1.49k

Maktablarda ta’lim sifatining pastligiga 2 smenalik maktablarning hali ham mavjud ekanligi sabab bo‘lmoqdami? Bu savol juda ko‘pchilikka qiziq, albatta.


Kuni kecha, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov “Daryo” muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda nechta maktabda 2 smenali darslar o‘tilishiga oid savolga 60 foizdan ortiq o‘quvchilar 2 smenada o‘qiyapti deya javob berdi.

“Bugungi kunda davlat maktablarida 6,4 million nafar bola tahsil oladi. Shundan 60 foizdan ortig‘i 2 smenada o‘qiydi. Ayni paytda maktablarda 5 milliontadan ortiq o‘quvchi o‘rni mavjud. O‘rtadagi farq qariyb 1 milliondan ortiq.

Bu farqni qisqartirish uchun investitsiya dasturlari asosida maktablar qurish, qo‘shimcha o‘quvchi o‘rinlari yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Masalan, 2023-yilda 582 ta maktabda qurilish-ta’minlash ishlari bajarilib, 172 mingta o‘quvchi o‘rni yaratilgan. Joriy yilda ham 520 dan ortiq maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 182 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Nodavlat ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish orqali ham o‘quvchi o‘rni tashkil etilmoqda. To‘rt yil oldin respublikada 100 taga yaqin nodavlat maktablar bo‘lgan. Hozir ularning soni 400 tadan oshdi. Davlat-xususiy sherikchiligi asosida maktablar ochish tarmog‘i yo‘lga qo‘yilgan. Bu ham qo‘shimcha o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirishga yordam beradi.

Darslar 2 smenada o‘tilishi bolalar davlat ta’lim standartlarini o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir qilmaydi. Bir smenali ta’limning qulay tomonlari darsdan keyin qolib, qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish imkoniyati bo‘ladi. Lekin hozirda 2 smenali maktablarda ham dars jadvallari shunday tashkil qilinganki, bolalarni to‘garaklarga jalb qilish imkoniyati bor.

Bugun sinflarda o‘rtacha o‘quvchilarni to‘ldirish me’yori 25 nafarni tashkil etadi. Bitta sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilangan. Respublikadagi davlat maktablarida jami 245 mingta sinflar mavjud.

Shundan atigi 2 mingtasida o‘quvchilar soni 35 nafardan oshadi. Bu holat Toshkent shahri va viloyatlar markazlari, yangi qurilayotgan massivlarda, ya’ni aholi soni ko‘p hududlardagi maktablarda uchraydi. Sinfda 35 nafar o‘quvchi o‘qishi barcha fanlarga taalluqli emas. Bizda 10 dan ortiq fanlar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi”, - degan vazirlik mas’uli.


Shuningdek, vazirlik mas’uli O‘zbekistonda nechta maktabga yoki o‘quvchi o‘rniga ehtiyoj bor degan savolga hozir maktab sonini aytib bo‘lmasligi, yangi maktab qurilishi bo‘yicha statistika chiqarish mantiqan to‘g‘ri emasligini aytdi.

Izohlar 5

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ta'lim sifati

Ulashish