Top.Mail.Ru
Pedagoglarga ustama tayinlash to‘g‘risidagi buyruqqa yuridik markazdan xulosa olish shartmi?

Pedagoglarga ustama tayinlash to‘g‘risidagi buyruqqa yuridik markazdan xulosa olish shartmi?

19:30 / 14.07.2024 3.47k

Savol

Maktabda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida ishlayman. O‘qituvchilarga tayinlanadigan yillik ustama hujjatlarini buyruqlashtirib, maktab ishchi guruh xulosasi bilan “e-huquqshhnos” bazasi orqali yuridik markaz xodimlariga xulosa olishga taqdim etgan edim.

Endi yuridik markaz xodimlari ustama hujjatlarining asl nusxasini olib kelish talabini qo‘ymoqda. Vaholanki, o‘tgan o‘quv yillarida bunday holat bo‘lmagandi. Ularning bu talabi qanchalik to‘g‘ri?


Javob

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi PQ-5168-son qarori bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning loyihalaridagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi Markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.


Mazkur qaror bilan Markazlar tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatilishi belgilangan tashkilotlar tomonidan Markazlar bilan kelishilmagan holda yuridik tusdagi hujjatlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.


Qarorning 6-bandiga muvofiq yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi Markazlar bilan kelishilmay imzolangan hujjatlar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi hamda ular qabul qilingan paytdan e’tiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.


“Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari to‘g‘risida”gi Nizomning 14-bandiga ko‘ra, yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar rahbariyatiga taqdim qilinadigan buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar loyihalarini ularning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi hamda ular bo‘yicha e’tiroz va takliflar bo‘lmasa, viza qo‘yiladi.


Markaz xodimlari o‘zi viza qo‘ygan hujjatlarning va o‘zi bergan yuridik xulosalarning qonunchilikka muvofiqligi uchun javob beradi. Shu sababli, pedagog xodimlarga ustama tayinlash to‘g‘risidagi buyruq ham Markaz tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi talab etiladi.


Agar tegishli muassasaning buyruq loyihasini ko‘rib chiqish jarayonida boshqa zaruriy hujjatlarni ko‘rishga ehtiyoj sezilgan taqdirda, muassasa rahbari zarur bo‘lgan hujjatlarni Markazga taqdim etishi lozim.


Chunki, “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari to‘g‘risida”gi Nizomning 16-bandiga ko‘ra Markaz yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar, shuningdek uning mansabdor shaxslaridan Markazlar zimmasiga yuklangan funksiyalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlar hamda boshqa zarur materiallarni olish huquqiga ega.


Xulosa o‘rnida shuni ma’lum qilamizki, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari pedagog xodimlarga ustama tayinlash to‘g‘risidagi buyruqlarga xulosa berish maqsadida boshqa qo‘shimcha hujjatlarni o‘rganishga haqli.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • ustama

Ulashish