Top.Mail.Ru
Ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi o‘rindoshlik asosida boshqa maktabda ham ishlashi mumkinmi?

Ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi o‘rindoshlik asosida boshqa maktabda ham ishlashi mumkinmi?

14:28 / 19.07.2024 2.31k

Savol 

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi maktabda matematika fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlayman. Dekret ta’tili tugab, o‘z hisobimdan ta’til olgan vaqtda boshqa xususiy maktabda o‘rindoshlik asosida ishlasam bo‘ladimi? Bu asosiy ishimdan bo‘shashga sabab bo‘lmaydimi?


Javob 

O‘rindoshlik asosida ishlash — xodim o‘zining asosiy ishidan tashqari alohida mehnat shartnomasi shartlari bo‘yicha asosiy ishidan bo‘sh vaqtida boshqa muntazam haq to‘lanadigan ishni bajarishidir.


Mehnat kodeksining 432-moddasiga ko‘ra o‘rindoshlik asosidagi ish xodim tomonidan o‘zining asosiy ish joyida (ichki o‘rindoshlik) yoki boshqa ish beruvchida (tashqi o‘rindoshlik) bajarilishi mumkin.


O‘rindoshlik asosida ishlash uchun o‘qituvchi asosiy ish joyidan o‘z hisobidan ta’tilga chiqishi shart emas. Ya’ni, asosiy ishdan bo‘sh vaqtda o‘rindoshlik asosida ishlash xodimning huquqi hisoblanadi.


Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktyabrdagi 297-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra o‘rindoshlik asosida ishlash uchun ish beruvchining, asosiy ish joyidan kasaba uyushmasi qo‘mitasining (xodimlarning boshqa vakillik organining) yoki boshqa organning roziligi talab qilinmaydi.


Shuningdek, xodimning asosiy ish joyidagi homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar beriladigan bolani parvarishlash ta’tili davrida ham boshqa bir maktabda o‘rindoshlik asosida ishlashiga cheklov yo‘q.


Faqat o‘rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarning mazkur toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lmasligi kerak.


Mehnat kodeksining 435-moddasiga ko‘ra o‘rindoshlik asosida ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomalari, agar bu qonunchilikka zid bo‘lmasa, bir yoki bir nechta ish beruvchi bilan ham tuzilishi mumkin.


Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, siz asosiy ishingizdan bo‘sh bo‘lgan vaqtingizda boshqa xususiy maktabda o‘rindoshlik asosida ishlashingiz mumkin.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ish vaqti
  • O'rindoshlik

Ulashish