Top.Mail.Ru
Oddiy maktablarga ham "Maktab maslahatchisi" lavozimi kerak

Oddiy maktablarga ham "Maktab maslahatchisi" lavozimi kerak

18:30 / 24.07.2024 2.92k

Biz oddiy maktab o‘quvchilarni kasbga va oliy ta’limga yo‘naltirishni maktab psixologlarining zimmasiga yuklab qo‘yganmiz. Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida esa buning uchun alohida maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilingan.


Maktab maslahatchisi o‘zi qanday lavozim?


Maktab maslahatchisi o‘quvchilarga turli kasblar, ixtisosliklar, mansab lavozimlari, tanlangan kasbni, ixtisoslikni egallash mumkin bo‘lgan ta’lim muassasalari haqida ma’lumotlar berib boruvchi, o‘quvchilarni oliy ta’limga yo‘naltiruvchi kasb hisoblanadi.


Bu lavozim Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida joriy qilingan bolib, ular o‘quvchilarga asosan turli xil xalqaro tanlov va musobaqalar haqida xabardor qilish, hamda xorijiy oliygohlarga yo‘naltirish bo‘yicha maslahat berishadi.


Ko‘pchilik maktab maslahatchisi va maktab psixologi bir-biriga o‘xshash lavozim deb o‘ylaydi. Ammo ular orasida anchagina farq bor. Psixologlar o‘quvchilarning psixologik salomatligi, ruhiy holati va hissiy rivojlanishiga e’tibor qaratsa, maktab maslahatchisi o‘quvchilarning akademik muvaffaqiyati, kasbiy rivojlanishi va shaxsiy-ijtimoiy rivojlanishiga va eng asosiysi o‘quvchilarning kasb va oliy ta’limga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadilar.


Prezident maktablarida “Maktab maslahatchisi” lavozimi qachon joriy qilindi?


2021-yilda “Maktab maslahatchisi” - “School Counselor” dasturi va uni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilib, Prezident maktablarida joriy qilindi.


Ularga esa o‘quvchilarni dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirish, oliygohlarga hujjat topshirish va ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha kerakli tavsiyalarni berish, ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblar bilan tanishtirish va ularga yo‘naltirish hamda maktab psixologi bilan hamkorlikda o‘quvchilar yoshi, psixofiziologik xususiyati, qobiliyati va iqtidoriga ko‘ra hayotda o‘z yo‘nalishini to‘g‘ri tanlay olishiga ko‘maklashish vazifalari yuklatildi.


Nega haligacha oddiy maktablarda bu lavozim joriy qilinmadi?


Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalari tajribasini oddiy maktablarga ham joriy qilmoqchi bo‘lyapmiz, ammo bu maktablarning barcha tajribalarini emas, faqat baholash tizimining o‘zini joriy qilmoqdamiz.


Eng qizig‘i, o‘sha vaqtlarda “Maktab maslahatchisi” dasturi joriy qilinganda, bu dastur Prezident maktablarida muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, ijobiy tajriba umumta’lim maktablariga translyatsiya qilinishi aytilgandi. Afsuski, bu va’da bajarilmay qolib ketaverdi.


O‘quvchilarni oliy ta’lim va kasbga yo‘naltirish dolzarb masala ekanligi haqida tinmay bong uramiz-da, ammo bu ishlarni amalga oshirishni oylik maoshi haminqadar bo‘lgan maktab psixologlariga yuklab qo‘yganmiz.


Aslida bizga maktab maslahatchilari juda ham kerakligini, uning barcha vazifalarini bajarishni maktab psixologlariga yuklab qo‘yishimiz xato ekanligini ham juda yaxshi bilamiz va shuning uchun ham bu lavozimni Prezident maktablarida allaqachon joriy qilganmiz.


Oddiy maktablarga kelganda esa doimgidek, davlat byudjetida mablag‘ yetarli emas deb vaziyatdan osongina chiqib ketishga harakat qilamiz.


“Maktab maslahatchisi” lavozimi nima uchun zarur?


Maktab maslahatchilari o‘quvchilarga akademik maqsadlarini belgilashda va ularga erishishda yaqindan yordam beradi. Ular o‘quvchilarning qobiliyatlari va kuchli tomonlarini aniqlab, o‘ziga xos yondashuvlarni ishlab chiqadi.


Ularning yordami orqali o‘quvchilar nafaqat maktabda, balki hayotning keyingi bosqichlarida ham muvaffaqiyatga erishishi oson bo‘ladi. Buni tadqiqotlar ham isbotlagan. Shu sababli, oddiy ta’lim muassasalarida ham maktab maslahatchilarining bo‘lishi o‘ta muhimdir.


Zero, bu tajriba Prezident maktablarida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan ekan, endilikda mazkur amaliyotni oddiy maktablarga ham translyatsiya qilish vaqti keldi.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Taklif
  • Maktab maslahatchisi

Ulashish