Top.Mail.Ru
“O‘quv markazlari” yaratgan illyuziyalar

“O‘quv markazlari” yaratgan illyuziyalar

14:14 / 15.12.2024 996

Ma’lumki, hozirda maktab o‘quvchilarning juda katta qismi repetitorlik faoliyatini umumiy tarzda tashkil qilgan o‘quv markazlariga qatnaydilar. Ayni vaqtda ota-onalar o‘rtasida ham bolalarni o‘quv markazlariga yuborish avj olgan. So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan o‘quv markazlari bilan bog‘liq turli voqealar fonida bunday markazlar haqidagi ayrim fikrlar bilan o‘rtoqlashmoqchimiz.


O‘quv markazlarning umumiy ahvoli qoniqarsiz


O‘quv markazlari ahvolining qoniqarsizligi kuchli o‘qituvchilar yetishmasligi yoki to‘g‘ri tizim tashkil qilingan o‘quv markazlar yo‘qligidan emas, balki haqiqiy ahvolni umuman boshqa soha mutaxassisi juda yaxshi tushuntirib bergan:

Bir necha oy oldin YouTube platformasida rossiyalik shaurma pishiradigan kichik shahobchalar tashkil qilish bo‘yicha franchayzing  (boshqalarga shunaqa shoxobchalar ochishda yordam beradigan tashkilot) ekspertidan shaurma shoxobchasi foyda keltirishi uchun shartlarni sanagan videosiga duch keldik. Undagi shartlar quyidagicha edi:

  • shahobcha joyini to‘g‘ri tanlang;

  • shoxobchani maksimal darajada eng zo‘r qilib ta’mirlang, dizayn qiling;

  • shaurma pishirish uchun bozordagi eng arzon mahsulotni tanlang;

  • mahsulot sifati odamlarni kasal qilmasa bo‘lgani, maza beradigan maxsus kimyoviy vositalar kerakli mazani chiqarib berib, mazali ovqat illyuziyasini beradi. (Tez pishadigan “hot lunch” mazasini eslang);

  • ishga eng arzon ishchi kuchini jalb qiling. Bitta ishni qilaversa, har qanday odam o‘z ishining ustasi bo‘lib ketadi.

Hozirda o‘quv markazlari amal qiladigan taktika ham aynan mana shu mutaxassis taktikasiga juda yaqin (ayniqsa, Toshkentda).


  • eng yaxshi joydan bino tanlanadi;


  • maksimal imkoniyatda ta’mir va dizayn qilinadi;


  • mavzu uchun eng oddiy, oson dastur tanlab olinadi;


  • eng arzon ishchi kuchi jalb qilinadi.


Ular ota-onalarni, o‘quvchilarni qanday ushlab turadi deysizmi? Yaxshi ta’lim illyuziyasini beradigan usullar ko‘p:


Osonlashib boradigan test tizimi. Bolangizning testlardan oladigan ballari o‘sib boradi, bilimi oshib borish illyuziyasi yaratiladi.


Doimiy nazorat illyuziyasi. Atrofda bolaning uyga vazifasini tekshiradigan, davomatini nazorat qiladigan va boshqa nazorat funksiyasini bajaradigan odamlar juda ko‘p. Bolaga juda katta e’tibor berilayotgani illyuziyasi yaratiladi. Bu vazifalarning maqsadga muvofiqligi, vazifalarni bola tushunib bajarishi, bolaning real bilimi o‘rganilmaydi.


Aktivlik illyuziyasi. Bolaga o‘tilayotgan darslar, ijtimoiy tarmoqlarda videolar, turli xil ma’lumotlar, bolalar dars o‘tayotgan kadrlar doimiy tashlab boriladi, bola diqqat markazida ekanligi, bola aktivligi illyuziyasi yaratiladi.


Gambling (qimor elementi). Bolalar o‘rtasida tinimsiz musobaqalar o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlanib boradi (hatto ba’zida buning uchun bolaning o‘zidan pul olinadi va sovg‘alar to‘plangan puldan ancha arzon bo‘ladi). Xalqimizning lotereyalarga, pullik yutuqlarga, turli xatarli o‘yinlariga o‘chligidan ustalik bilan foydalaniladi.


Bolani o‘quv markazida ushlab turishning boshqa usullari ham mavjud

Men o‘qituvchiman, oldin biznes bilan shug‘ullanmaganman. 2020-yillarda o‘z o‘quv markazimni ochishga qaror qildim. O‘sha vaqtlarda o‘quv markazlaridagi haqiqiy ahvoldan xabardor bo‘lmaganman. O‘quv markaz ochishdan oldin bir yil mobaynida reja ishlab chiqdim, materiallar taxladim, bola qaysi bosqichda nimalarni bilishi kerakligini belgiladim. O‘quv markazi ishga tushib, ishlab ketganda, quyidagi katta qiyinchiliklarga duch kela boshladim:

Bolalarni jalb qilishda yetarli auditoriyaga yig‘ish qiyinligi. Raqib o‘quv markazlar oyiga 1000 dollarlab reklamaga pul sarflash imkoni bo‘lganda, menda bu borada mablag‘ ham, tajriba ham, bilim ham bo‘lmagan.

Ota-onaga birdaniga natija chiqarib bera olmaganim. Bolasini olib kelgan ota-onalar bir oy, bir hafta, hattoki bir kunlik darsdan keyin bola bilimida o‘zgarish talab qilishadi. Avvaliga bu talablarga umuman tushunmadim, qanaqasiga shunday qisqa vaqtda bola bilimida o‘zgarish hosil qilish mumkinligiga, toki yuqorida yozgan usullar bilan tanishmaguncha.

Testlar, turli o‘yinlar va bolani qiziqtiradigan boshqa mashg‘ulotlar yo‘qligi, Instagramdagi yetarli bo‘lmagan aktivlik. Keyingi, avgustda bo‘ladigan imtihonga 11 oy oldin, sentyabrda repetitsion sinov olishni so‘rashganida rad javobini bergandim.

Hali hech narsa o‘rganmagan boladan qanday repetitsion test olishni tushunmaganim uchun, qo‘shni o‘quv markazda xuddi shunday test olinganda o‘quvchilarimning aksariyati o‘sha markazga ko‘chib ketgan edi. Aslida bunday testlarning hech qanday foydasi bo‘lmasa ham, boladan qandaydir test olinayotgani ota-onalarda progress illyuziyasini yaratishini kech tushunganman.

Instagramga video joylash borasida ham shunday. 60-90 daqiqa bo‘ladigan darsdan olmoqchi bo‘lsam, kamida 30 daqiqa vaqt va bolaning juda katta diqqatini olishim kerak. Bu ishlarni qilmaganim va hozirgacha qilishdan voz kechganim menga juda qimmatga tushdi va tushayapti ham.

Shular natijasida Prezident maktablariga o‘quvchilari kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha Xorazm viloyatida yaqqol peshqadam bo‘lsam ham, foyda doimiy minimal ko‘rsatkichda bo‘ldi. Xato qildim, ayb menda. Bozorga moslashmadim, bozor nima talab qilayotganini tushunmadim. Tadbirkor emasman, o‘qituvchiman.

O‘zim tanigan juda kuchli o‘qituvchilar ham taxminan mening ahvolimda, yoki o‘quv markazida minimal foyda bilan ishlayapti, yoki boshqa ishlayotgan o‘quv markazlarida o‘qituvchilik qilyaptilar, yoki bozorda tirik qolish uchun shaurma mutaxassisi maslahatiga amal qilishyapti. (Istisnolar juda kam).

So‘nggi vaqtlarda turli o‘quv markazlaridagi o‘qish sifati haqida gap-so‘zlar ko‘payayotganiga sabab ikkita:


Birinchidan, yuqorida yozilgan usullar juda ko‘p qo‘llanilsa ham, natija bermayotgani tajribadan ko‘rinib qoldi. Bu usulda bir, ikki, uch marta aldash mumkindir, lekin eng yaxshi illyuziya yaratilsa ham, qayta va qayta natija nol bo‘layotganini doimiy yashirib borish qiyin. Natija bir yilda bir emas, tezroq ko‘rinadigan sharoitda o‘sha o‘quv markazlari bugungacha ishlay olishi kerak emas edi.


Ikkinchidan, ba’zi o‘quv markazlar reklamani shu darajada oshirib yuborishdi-ki, reklamadagi va’da bilan haqiqat o‘rtasidagi farq haddan tashqari oshib ketdi, natijada odamlar haqiqatni anglashga sabab bo‘ldi.


Endilikda jarayon boshlandi va asta-sekin odamlar o‘zlari bunday usullarni tushunib olib, undan voz kechishga o‘tishadi, sifatli ta’lim nimaligini anglashadi. Albatta, natija 100% bo‘lmasa ham, har holda hozirgidan ko‘proq odamlar sifat talab qilishga o‘tishiga umidvormiz.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • O'quv markazi
  • Repetitorlik

Ulashish