Yangi baholash tizimi bekor qilinmasligi kerak, ammo...
Ushbu maqolada xalqtaliminfo.uz eksperti Otabek Raxmonberganovning yangi baholash tizimi haqidagi ayrim fikr va mulohazalari, yangi tizimning kamchilik va yutuqlari haqida so‘z boradi.
So‘nggi kunlardagi ijtimoiy tarmoqlarning, umuman internetning o‘zbek segmentida maktablardagi yangi joriy qilinayotgan baholash tizimi (BSB, ChSB) muhokamalar markazida turibdi, aniqrog‘i qattiq tanqid qilinyapti. Tanqidlarning katta qismiga qo‘shilgan holda, tanqidlar oxiridagi qilinayotgan yoki tanqidlarning ma’nosidan kelib chiqadigan yakuniy taklifga, ya’ni u baholash tizimi bekor qilinishi kerakligi haqidagi xulosaga e’tirozlar bor.
Birinchi galda baholash tizimining ba’zi kamchiliklariga to‘xtalsak
Maktab o‘quvchisini baholamoqchi ekanmiz, uni nima asosida, qaysi talablarga ko‘ra baholashimiz oldindan aniq bo‘lishi kerak. Bu narsani fan bo‘yicha o‘quv standarti (curriculum) belgilab beradi. Bizda esa fanlar va sinflar bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturi mavjud emas va bu hol baholash tizimi legitimligini shubha ostiga oladi.
Baholash tizimi kiritilar ekan, bu jarayon o‘qituvchi, maktab direktori yoki boshqa o‘quvchining baholashda olgan natijasi yaxshi chiqishidan manfaatdor shaxslar aralasha olmaydigan darajada tashkil qilinishi shart. Hozir esa imtihonlarni o‘qituvchi o‘zi olyapti, ko‘p hollarda o‘zi natijasini tekshiryapti. Natijani tekshirishga o‘qituvchi aralashtirilmayotgan holatlarda esa odatda test savollari va javoblari oldindan tarqalib ketmoqda. Bunda o‘quvchilarning olgan baholari haqiqatga to‘g‘ri kelishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Baholash tizimi o‘qituvchi uchun ortiqcha yuk bo‘lishi kerak emas. O‘qituvchi test materiallarini o‘z hisobidan qog‘ozga chop etib, bu bo‘yicha hisobot papkalarini to‘ldirishi shusiz ham ta’lim sifatini oshirish uchun sarflanishi mumkin bo‘lgan vaqti va kuchi boshqa ishlarga sochilib ketgan o‘qituvchi uchun jabr bo‘lmoqda.
Baholash tizimi imtihon savollari sifati juda yuqori bo‘lishi, o‘quvchining shunchaki yodlagan bilimini emas, tushunish, tahlil qilish kabi yuqoriroq darajada turadigan ko‘nikmalarini ham to‘g‘ri baholay olishi kerak. Hozirgi vaqtdagi test savollari hammasi bu talabga to‘liq javob beradi deb aytish mushkul.
BSB/ChSBga tayyorlanishda o‘qituvchiga erkinlik berilmagan. Ya’ni ular vazirlik tomonidan belgilab berilgan darslik, taqvim reja hamda aniq belgilab qo‘yilgan miqdordagi vaqtda dars o‘tishi shart. Bu sharoitda o‘quvchi bilimi, sifati o‘qituvchining bilimi va pedagogik mahoratiga bog‘liqligi juda past bo‘ladi.
Xo‘p, shunday ekan, nima uchun bu tizim bekor bo‘lmasligi kerak deyapmiz?
Ta’lim jarayonida baholashning almashtirib bo‘lmaydigan funksiyalari bor.
Bularning ba’zilari:
Baholash natijasiga ko‘ra o‘qituvchi sinf holatini, o‘z faoliyati samaradorligiga baho berib, keyingi darslarini rejalashtirishi mumkin bo‘ladi. Hech bir sinf, hech bir bola boshqasiga o‘xshamaydi, har bir sinf va bola uchun dars o‘tganda darsni bolalarning faolligiga, o‘zlashtirishiga, ruhiy va jismoniy holatiga moslashtirish shart. To‘g‘ri tashkil qilingan baholash tizimisiz keyingi darsni rejalashtirish xuddi berilayotgan muolaja natijasini ko‘rmasdan bemorni davolashga o‘xshaydi.
Baholash o‘quvchilarning kuchli va zaif tomonlarini aniqlash va shunga ko‘ra o‘quvchi uchun mos pedagogik-psixologik metodlarni tanlash uchun asosiy ko‘rsatkichdir.
Baholash tizimi o‘quvchi faolligini kuzatish, o‘quvchidagi o‘sish va pasayishlarni qayd qilib, shunga ko‘ra o‘sish holatlarida o‘quvchini rag‘batlantirib, pasayish holatida yordam ko‘rsatish yoki ogohlantirish imkonini beradi. Bu funksiyalarsiz ta’lim jarayonini sifatli tashkil qilish imkonsiz.
Bizning ta’lim tizimimizda yana bitta juda katta muammo mavjud
O‘qituvchining o‘quvchiga qo‘ygan bahosi o‘qituvchining, hattoki maktab va ba’zi hollarda o‘sha maktab joylashgan hududdagi ta’lim jarayonini baholash uchun mezon sifatida ishlatiladi.
Ya’ni, o‘quvchiga qo‘yilgan baho yuqori bo‘lishidan yuqorida keltirib o‘tilgan shaxslarning barchasi manfaatdor. O‘zi qo‘ygan bahosi, aynan o‘zining faoliyatiga baho berilishini aniq bilgan qaysi o‘qituvchi o‘quvchisiga xolis baho qo‘yishi mumkin?
O‘quvchiga to‘g‘ri baho qo‘yilmasa, yuqorida aytilgan baholash funksiyalari ishlashi haqida gap bo‘lishi mumkin emas, natijada esa ta’lim sifatining pasayishiga hech qanday shubha yo‘q.
Mana shu muammoni hal qilishning yagona yechimi o‘qituvchi aralashuvisiz, o‘quv dasturi va ta’lim jarayoni ishtirokchisiga qo‘yilgan xalqaro standartdagi talablarga javob beradigan, turli tashqi aralashish va korrupsiya holatlaridan maksimal himoya qilingan mustaqil baholash tizimidir. O‘quvchilar hech bo‘lmasa bir yilda bir marta mana shunday sinovdan o‘tishi, ularning bilimi baholab borilishi shart.
Mana shu yerda ikkita savol tug‘ilishi tabiiy:
- Unda yuqorida aytilgan kamchiliklar-chi? Ular nima bo‘ladi?
- Ta’lim sifatini oshirish uchun baholashdan voz kechib, boshqa usulni qo‘llasak bo‘lmaydimi?
Birinchi savolga javob sifatida, biror ish yo‘lga qo‘yilishida xatolar bo‘layotgan bo‘lsa, o‘sha ishni to‘xtatishni emas, xatolarni to‘g‘rilashni talab qilishni to‘g‘ri bo‘ladi deb bilamiz.
Vazirlikdan talab qilaylik, xalqaro standartiga mos o‘zimizning o‘quv dasturlarimizni ishlab chiqsin, o‘qituvchiga vaziyatga ko‘ra o‘quv rejaga o‘zgartirish kiritishga, lozim bo‘lganda boshqa darsliklardan foydalanishga ruxsat berilsin. Baholash jarayonini tashkil qilish uchun jarayon xolis o‘tishidan manfaatdor mustaqil tashkilotlar, shu jumladan chet el tashkilotlari jalb qilinsin. O‘qituvchi ortiqcha yuklardan ozod qilinsin.
Ikkinchi savolga javob sifatida aytilayotgan argument va takliflardan e’tiborimizni tortgan ba’zilarini keltirsak va bularga javob bersak:
Ta’lim tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda formativ baholash (o‘quvchilarning dars jarayonidagi qatnashishini baholash) summativ baholash (ma’lum vaqt oralig‘ida, masalan har chorakda yoki yil oxirida bola bilimini baholash uchun olingan sinov)dan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega.
Javob: To‘g‘ri. Lekin birinchidan, bu summativ baholash joriy qilinmasligi kerakligini bildirmaydi. Ikkinchidan, yuqorida formativ baholash tizimi umuman ishlamayotganini va buning sabablarini keltirib o‘tdik. Bu falaj tizimni ishga tushirish uchun summativ baholashdan foydalanishga majburmiz.
Bu baholash tizimi o‘quvchilarni va o‘qituvchilarni qiynab qo‘yyapti.
Javob: To‘g‘ri. Sababi qozonda bori cho‘michga chiqyapti. Agar cho‘michda chiqishi kerak bo‘lgan masalliqlarga talab o‘rnatilgan bo‘lsa, lekin cho‘michda kutilgan holat chiqmayotgan bo‘lsa, standartni o‘zgartirish kerakmi? Balki qozonga solayotgan mahsulotlarimizni qayta ko‘rib chiqarmiz?
O‘qituvchi oyligini oshirsak, ta’lim sifati yaxshilanadi.
Javob: Nima evaziga? Ixtiyoriy boshqa sohadagi ishlab chiqarishni tasavvur qiling. Siz ishchi ishlab chiqayotgan mahsulot sifatini nazorat qilish imkoningiz bo‘lmasa, sifat ko‘rsatkichi sifatida faqatgina ishchining o‘zi mahsulotga qo‘ygan bahoga asosan xulosa chiqarayotgan bo‘lsangiz, oylikning oshishi bu yerda biror narsani o‘zgartiradimi?
Boshqa sohada shunday bo‘lsa, nimaga ta’lim tizimida boshqacha holat bo‘ladi deb o‘ylaysiz? (O‘qituvchi oyligi oshirilishiga e’tirozim yo‘q, bu ta’lim sifatini oshiruvchi omillardan biri ekani aniq, lekin o‘qituvchi oyligi oshishi ta’lim sifati oshishiga ta’sir qilishi uchun o‘qituvchi faoliyatiga baho beruvchi eng asosiy ko‘rsatkich, bola bilimiga baho berish tizimi bo‘lishi kerak.)
Bolalardan bunchalik tez-tez test olish to‘g‘ri emas.
Javob: To‘g‘ri. Ta’lim tizimi rivojlangan mamlakatlarda faqat yilda bir, ko‘pi bilan ikki marta yuqori sinf o‘quvchilaridan sinov olinadi. Shaxsiy fikrimcha, hozirgi sinov olish ko‘pligi o‘quvchi va o‘qituvchilarni bu tizimga o‘rgatib olish uchun bo‘layapti. Bu borada ahvolni ko‘rib chiqish kerak.
Hamma o‘quvchi ham bir xil emas, ba’zi bolalar uchun oson testlar boshqa bolalar uchun juda qiyin bo‘lishi mumkin.
Javob: To‘g‘ri. Lekin bu muammoni hal qilish uchun tizimni bekor qilishni emas, ixtiyoriylik prinsipini kirgizish yetarli-ku. 9-sinf darajasi imtihonini hamma topshirishi shart bo‘lsin, lekin aynan 9-sinfda emas, maktab bitirguncha. 11-sinf darajasi imtihoni ixtiyoriy bo‘lsin, shu yo‘nalishda qiziqqan, keyingi sohasi shu fanga bog‘liq o‘quvchilarga topshirishga ruxsat berilsin.
Yuqoridagi, “maktablarda joriy qilinayotgan yangi baholash tizimi bekor qilinmasligi kerak” degan fikrni nima uchun aytganimizni tushuntirishga harakat qildik. Siz bu haqda qanday fikrdasiz? Fikrlar uchun izohlarimiz barcha uchun ochiq.
Baholash tizimi tashkil qilinishi mamlakatimizda ta’lim sifati rivojlanishi uchun bitta shart, lekin yetarli emas. Lekin buyog‘i boshqa mavzu.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
2025-yil 1-yanvardan ona tili va tarix o‘qituvchilariga milliy sertifikat uchun 50% ustama beriladi
Maktabda qimor o‘yini tashkil qilgan direktor ishdan olindi
Endilikda maktablar “Mening maktabim” loyihasida ovoz berish yo‘li orqali jihozlanadi
Maktab va bog‘chalarda Yangi yil bayramini o‘tkazishga oid rasmiy ko‘rsatma berildi
Mavzuga doir yangiliklar
O‘quvchilar bilimini o‘lchaydigan tarozimiz buzuqmi yoki soz?
Mezonlarga asoslangan yangi baholash tizimi muhokama qilindi
Yangi baholashga o‘tgan maktablarni qog‘oz bilan ta’minlash vazirlik mablag‘lari hisobidan qoplanadi — MMTV
Yangi baholash tizimi bo‘yicha ayrim savollarga javob berildi
Yangi baholash tizimidan norozi bo‘lgan jamoatchilik faollari vazir Hilola Umarovaga murojaat yo‘lladi
Ular vazirlik tomonidan yo‘llangan javob ham e’lon qilishga va’da berdi
Izohingizni tahrirlang