Top.Mail.Ru
Ta’lim sohasi oylik ish haqi bo‘yicha boshqa sohalardan ortda qolishda davom etmoqda

Ta’lim sohasi oylik ish haqi bo‘yicha boshqa sohalardan ortda qolishda davom etmoqda

11:23 / 27.01.2026 285

2025-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 376,7 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Bunda bir yilda o‘rtacha oylik ish haqi 18,9% ga oshgan.


2025-yilda sohalar kesimida oylik ish haqining eng yuqori o‘sishi (26,4%) san’at va dam olish yo‘nalishlarida kuzatilib, bank va sug‘urta sohasi eng yuqori oylik maosh (17,597 mln so‘m) bo‘yicha yetakchilik qilgan.


Bunda ta’lim sohasi oylik maoshlarida ham yuqori o‘sish (20,1%) kuzatilgan bo‘lsa-da, ammo boshqa sohalarga qaraganda eng past ish haqi (sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasidan bir pog‘ona yuqori) to‘lanayotgan soha bo‘lib qolmoqda.


Ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln 372 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning tarkibi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi oliy ta’lim sohasida 10 mln 159,5 ming so‘mni, texnik va professional ta’lim sohasida 4 mln 422,2 ming so‘mni, umumiy o‘rta ta’lim sohasida 4 mln 278,2 ming so‘mni, maktabgacha ta’lim sohasida esa 2 mln 868,5 ming so‘mni tashkil etgan. 


Umuman olganda, barcha tarmoqlarda ish haqi miqdori oshgan bo‘lsa-da, ularning o‘sish sur’ati va daromad darajasi o‘rtasidagi tafovut iqtisodiyotning yuqori rentabelli sohalari bilan ta’lim kabi ijtimoiy sohalar o‘rtasida sezilarli iqtisodiy tafovut saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.


Ma’lumot uchun: So‘nggi yillarda pedagog xodimlarning oylik maoshlarini oshirishga harakatlar boshlangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning ish haqi miqdori 2025-yil 1-avgustdan boshlab 10 foizga oshirilgan.


Shuningdek, attestatsiyada ishtirok etib, 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga qo‘shimcha 70 foiz ustama belgilash amaliyoti ham yolga qoyildi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab maktab direktorlarining oylik maoshi 20 foizga, direktor o‘rinbosarlarining oylik maoshi esa 15 foizga oshirilishi belgilandi.


2026-yil 1-yanvardan boshlab direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 foizgacha ustamalar joriy qilinmoqda.

Izohlar 3

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Oylik maosh

Ulashish