Top.Mail.Ru
Vazir Xilola Umarovani yaqindan taniysizmi?

Vazir Xilola Umarovani yaqindan taniysizmi?

20:00 / 13.04.2024 13.99k

2023-yilning 30-dekabrida (sobiq) Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Xilola Umarova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangandi. Bugun biz Xilola Umarova haqida ochiq manbalardagi materiallardan foydalangan holda, ayrim malumotlarni bir joyga jamlab, kuzatuvchilarimizga ulashishni lozim topdik. 


Xilola Umarovaning ish faoliyati haqida qisqacha 

Xilola Umarova 1988-yil 9-avgustda Germaniyaning Vaymer shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. U 2010-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr bosqichini, 2013-yilda mazkur universitetning magistratura bosqichini tamomlagan. O‘zbek, rus, ingliz tillarini mukammal biladi. Uning mutaxassisligi tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘lsa-da, ammo pedagogika sohasiga begona emas. 

Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda dars bergan va shu maktabda direktorlik faoliyati bilan ham shug‘ullangan. Shuningdek, u o‘zi tahsil olgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ham dars berganligi haqida ham ma’lumotlar mavjud. 



U dastlabki ish faoliyatini 2014-yilda Toshkent shahridagi Inha universitetida 1-toifali mutaxassis sifatida boshlagan. Ish faoliyatining deyarli 6 yilini aynan Inha universitetida olib borgan bo‘lib, universitetda yetakchi mutaxassis, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i, bosh menejer hamda prorektor lavozimlarida ishlagan. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi tadqiqotchisi hisoblanadi. 



Xilola Umarova bir muddat qizlar jamoalari uchun ta’lim tanlovlarini tashkil qilib boruvchi “Technovation Girls” loyihasida koordinatorlik qilib, “Technovation Uzbekistan” dasturining bir necha loyihalarida mentorlik ham qilgan. U Oʻzbekiston belgisi hamda “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni sohibi. 


Umarovaning yoshligi qanday kechgan? 

U ota-onasining kasbi tufayli Germaniyadagi shaharchada tug‘ilib, bog‘chaga va boshlang‘ich sinfda tahsil olgan. Umarova yetti yoshga to‘lar-to‘lmay oilasi bilan Toshkentga ko‘chib keladi. U dastlab o‘zbekchani yaxshi bilmagani sababli maktabdagi mashg‘ulotlarda qatnashishda anchagina qiyinchilikka duch keladi. 

Umarova Toshkentdagi 241-umumta’lim maktabida tahsil olib, buvisi ko‘magida, qolaversa, ko‘chadagi bolalardan o‘zbek tilini to‘liq o‘rganib olishga erishadi. Umarovaning otasi qattiqqo‘lligi uchun uning vaqtini kunma-kun va hatto, soatma-soat tartibga solib qo‘yardi.

“Katta sinflarga chiqqanimizda ham dugonalarimiz bilan qayergadir bormoqchi bo‘lsak, onamdan umid qilib ruxsat so‘rardik. Otamga esa erkalik qila olmaganmiz. Turmushga chiqib, farzandli bo‘lganimdan keyin otam bilan bemalol suhbatlashadigan, nimalar haqida qayg‘urayotganimni, o‘ylayotganimni ayta oladigan bo‘ldim”, - deydi “Uzbekistans.club” loyihasiga bergan intervyusida. 
Umarovaning oilasi uning bilimli, o‘qimishli bo‘lishini istab, unga barcha sharoitlarni yaratib bergan edi. Tadbirlar goh raqqosa, goh mushoirachi, goh boshlovchi rolidagi Umarovasiz o‘tmagan. Olimpiadalarda ham u faol edi. 

Oliygohda 60 ta yigit bilan o‘qib, “starosta” bo‘lgan Umarova 


U 8-sinf paytida diplomat bo‘lishni xohlagan. Lekin uning akusher-ginekolog onasi shifokor bo‘lishini istagan. U o‘ziga ishonardi, atrofdagilarni ham ishontirgisi kelardi. Shunda o‘sha paytlar kirish nihoyatda qiyin bo‘lgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga hujjat topshirishini, agar kira olmasa, uydagilarining aytganini qilishini oila a
zolariga tushuntiradi. 

2010-yil 16-avgust kuni “mandat” natijalari chiqadigan kunda abituriyent Umarova o‘zining maxsus kodini o‘qishga kirganlar ro‘yxatidan topadi! Ammo “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” fakultetining o‘sha yilgi kursida 60 nafar yigitlar ichida, yagona nozik jins vakili o‘laroq tahsil oladi va hatto guruhga “starosta”lik ham qiladi. 

“Yuragimga eng yaqin yo‘nalish ta’lim, pedagogika ekanligini tushunib yetganman” – Xilola Umarova 

Umarova to‘rtinchi bosqich talabasi bo‘lganida turmushga chiqadi. U Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlashni xohlaydi, lekin oliygohni bitirayotgan yilda farzandlik bo‘ladi, shu sababli o‘zining universitetida amaliyot o‘tash bilan cheklanadi. Keyinchalik magistraturaga kirib, shu universitetda dars berishni boshlaydi. Talabalar bilan ishlashdan avval u maktabda nemis tilidan dars beradi.

“Bolajonlarning ko‘zi chaqnab, sizga bilim olish uchun qarab turishi… Ularning qiziqishi menga shu qadar yoqimli tuyg‘ular berganki, qanday lavozimda ishlasam ham, o‘sha lahzalarni sog‘inaman va dildan ardoqlayman. O‘shanda yuragimga eng yaqin yo‘nalish ta’lim, ma’rifat, pedagogika ekanligini tushunib yetdim”, deydi Umarova. 
2014-yilda u Koreya bilan hamkorlikda yangi tashkil qilingan Inha universitetiga 2-toifali mutaxassis sifatida ishga qabul qilinadi. Bir nechta ko‘tarilishlardan keyin u o‘zi ishlayotgan universitet prorektori bo‘ladi. Koreyadagi Inhada doktoranturani boshlagan Umarova ham prorektorlik, ham O‘zbekistonda ilk bor tashkil qilingan Al-Xorazmiy ixtisoslashtirilgan IT maktabi direktorligiga tayinlanishi ortidan tadqiqotlarini ortga surib turadi. 

2020-yilda esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi (sobiq) Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlanadi. Qizig‘i shundaki, Xilola Umarova agentlik direktori lavozimida ishlayotgan vaqtda uning qizi Prezident maktabiga kira olmaydi. Shunda u qiziga “Yaxshilab o‘qib, o‘zingiz harakat qilishingiz kerak”, – deb aytadi.



Xilola Umarova 2022-yil 30-dekabrda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlanadi. U vazir lavozimiga tayinlanganidan so‘ng, oradan 5 oy vaqt o‘tgach, ta’limni isloh qilish bo‘yicha Prezidentga taqdimot qiladi. Umarova hozirgi kunga qadar ta’limni isloh qilish bo‘yicha Prezidentga jami 3 marotaba taqdimot qildi. 

Vazir faoliyatiga bir yil 

Umarova vazir lavozimiga tayinlangach, ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha bir qancha ishlarni amalga oshirishga muvofaq bo‘ldi. Xususan, 2023-yilda maktabgacha va maktab ta’limi tizimi faoliyatiga oid jami 20 ta qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. 



Umarovaning bir yillik ish faoliyati davomida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

  • Masofadan yoki “bir darcha” tamoyili asosida 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab maktab bitiruvchilarining shahodatnomalari elektron shaklda beriladigan bo‘ldi;

  • 2023-yil fevral oyidan boshlab o‘qituvchilar murojaatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan (vazir.uzedu.uz) vazir platformasi ishga tushdi;

  • 1-sinf o‘quvchilari uchun “Informatika va axborot texnologiyalari” fani joriy etildi;
     
  • Maktab direktorlarini lavozimiga tayinlash vazirlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobdor bo‘lgan “Direktorlar kengashi” tavsiyasiga asosan ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi belgilandi;
     
  • Maktab direktoriga o‘z o‘rinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish huquqi berildi;
     
  • Maktab direktori lavozimida ishlamoqchi bo‘lgan talabgorlarga menejerlik o‘quv kurslarida o‘qish hamda menejerlik sertifikatini olish talabi qo‘yildi;
     
  • Menejerlik sertifikatini olgan rahbar xodimlarga qo‘shimcha ustama to‘lab beriladigan bo‘ldi;
     
  • Maktablarning ma’naviyat va ma’rifat markaziga hisobot topshirish tartibi bekor qilindi;
     
  • Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlashda tuman (shahar) ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tavsiya berish amaliyoti bekor qilindi;
     
  • Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarini ishga qabul qilishda sport sohasidagi vakolatli davlat organining hududiy bo‘limlari hamda sport maktablari metodistlari tomonidan yo‘llanma berish tartibi ham bekor bo‘ldi;
     
  • Hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining maktablar faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash vakolatlari tugatildi;
     
  • Pedagogik kasblarga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajyor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritishi belgilandi;
     
  • Maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash joriy etildi; 

  • Xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini olgan pedagog kadrlarga tarif stavkasining amaldagi miqdorlariga nisbatan 70 foiz miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanishi belgilandi;
     
  • Summativ baholash tizimi bosqichma-bosqich barcha maktablarda amalga oshirilishi belgilandi;
     
  • O‘quvchilarni 2 ta xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi;
     
  • Xorijiy tillarni o‘qitishni yanada takomillashtirish maqsadida maktablarga chet eldan “Til egalari” bo‘lgan mutaxassislar jalb qilindi;
     
  • Pedagoglarga malaka toifasi berishning yangi tartibi joriy qilindi;
     
  • O‘qituvchilar malakasini tabaqalashtirilgan holda oshirish tizimi joriy etildi;
     
  • PISA 2022 natijalari asosida “Yo‘l xaritalari” tayyorlanishi belgilandi;
     
  • Maktab bitiruvchilarning OTMga kirishdagi o‘rtacha bali 77,1 ballga yetkazildi (2022-y. — 76,3), shundan 77 foiz (2022-y. — 70) davlat granti o‘rinlarini joriy yil bitiruvchilari egalladi;
     
  • 500 ta maktabda Prezident maktablarining baholash tizimi, 135 ta maktabda tanlov fanlari joriy etildi. “Qizil” toifaga kiritilgan maktablar soni 1 526 tadan 404 ta kamaydi;
     
  • O‘zbekiston 2026-yilda eng nufuzli Xalqaro kimyo va Xalqaro informatika olimpiadalariga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritdi;
     
  • Buyuk Britaniyaning Portsmut universitetida 30 nafar maktab direktori malakasi oshirildi;

  • Respublika miqyosida vazirlik tizimidagi 83 ta ta’lim muassasalarida PISA, 210 ta ta’lim muassasalarida esa TALIS tadqiqotlari o‘tkazilishi belgilandi. 

    Xilola Umarova haqidagi ma’lumotlar hozircha mana shulardan iborat. Kelgusida xalqtaliminfo.uz sayti jamoasi vazirlar faoliyatini to‘liq yoritib beruvchi “Vazirning bir kuni” loyihasini ham amalga oshirishni o‘z oldiga maqsad qilgan. O‘ylaymizki, vazir Xilola Umarova ham bizning bu loyihamizda ishtirok etishga rozilik bildiradi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xilola Umarova

Ulashish