Top.Mail.Ru
Tekshiruvchilar ustama uchun to‘langan pullarni o‘qituvchidan qaytarib olishi to‘g‘rimi?

Tekshiruvchilar ustama uchun to‘langan pullarni o‘qituvchidan qaytarib olishi to‘g‘rimi?

14:20 / 26.06.2024 14.79k
Savol
Hozirgi kunda bizning tumanimizda “audit” tekshiruvi o‘tkazilmoqda. 823-qaror bo‘yicha ustama noto‘g‘ri to‘langan emish. Sababi, o‘quv yili tugashi bilan ustama to‘xtatilishi kerak ekan. Hozir hamma maktablarga 20-30 mln.dan chiqarib qo‘ydi. Iyun, avgust oylariga uchun noto‘g‘ri to‘langan deb.

Mana shu masalaga aniqlik kiritishga, ya’ni ustama haq o‘qituvchiga sentyabrdan avgustgacha to‘lanadimi yoki sentyabrdan maygachami, shu masalaga oydinlik kiritib berishga yordam bersangiz iltimos.

Javob
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra umumta’lim muassasalari pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga Jamg‘arma hisobidan har oylik ustamalar yangi o‘quv yili uchun o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha belgilanadi.

Xo‘sh, o‘quv yili deyilganda aynan qaysi muddatlar tushuniladi?

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi Nizomning 4-bob, 24-bandiga ko‘ra o‘quv yili umumta’lim muassasalarida 2-sentyabrdan kelgusi yilning 25-mayiga qadar davom etadi va to‘rtta chorakka bo‘linadi.

Ya’ni, o‘quv yili deyilganda 2-sentyabrdan kelgusi yilning 25-mayiga qadar bo‘lgan muddat tushuniladi.

Unda pedagog xodimlarga iyun-avgust oylarida ustamalar to‘lanmasligi kerakmi?

To‘g‘ri, 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda ustamalar o‘quv yili uchun belgilanishi nazarda tutilgan. Ammo, mazkur ustamalarni ma’lum bir davrlar oralig‘ida to‘xtatib turish haqida ham aniq norma belgilanmagan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi Nizomda ham o‘qituvchilar yozgi yillik mehnat ta’tilidan qaytgandan keyin ularga yangi o‘quv yili boshlangunga qadar faqatgina daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik hamda informatika kabineti mudirligi uchun qo‘shimcha haq to‘lovlari amalga oshirilmasligi belgilangan.

Ya’ni, mazkur nizomda direktor jamg‘armasi hisobidan pedagoglarga tayinlanadigan ustamalarni ma’lum bir vaqt oralig‘ida to‘xtatib turish nazarda tutilmagan.

Xalqtaliminfo.uz tahririyati mazkur masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga so‘rov xati yuboradi va tegishli javob olingach, bu mavzudagi qo‘shimcha tafsilotlarni ma’lum qiladi.

Agar “Audit” tekshiruvchilarining talabi to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, avvalgi yillarda to‘langan pullar pedagoglardan undirib olinadimi?

Yo‘q, bunday holatlarda to‘langan pullarni qaytarishni talab qilish qonunchilikka zid.

Chunki, Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra, xodimga ortiqcha to‘langan ish haqi (shu jumladan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar noto‘g‘ri qo‘llanilganda) undan undirilishi mumkin emas.

Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksi 1030-moddasiga kora, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablag‘lari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar bo‘lmaganda asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarib berilmaydi.

Ya’ni, pedagog xodimlarga iyun-avgust oylarida ustama to‘lab berilishi noto‘g‘ri amaliyot ekanligi tasdiqlangan taqdirda ham o‘qituvchilarga to‘lab bo‘lingan ortiqcha ustama pullarini qaytarib bo‘lmaydi. Xulosa qiladigan bolsak, tekshiruvchilar pulni qaytarib berishni talab qilishlari gayriqonuniy hisoblanadi.

Tez orada 
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ham bu boradagi pozitsiyasini bilgach, yana qo‘shimcha tafsilotlarni ma’lum qilamiz.

Izohlar 3

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • ustama
  • Tekshiruv

Ulashish