Top.Mail.Ru
Yangi o‘quv yilidan boshlab birorta hujjat maktablarda qog‘oz shaklida yuritilmaydi

Yangi o‘quv yilidan boshlab birorta hujjat maktablarda qog‘oz shaklida yuritilmaydi

16:44 / 22.07.2024 6.82k

Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov “Daryo” muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda maktab ta’limi tizimidagi raqamlashtirish ishlari haqida gapirdi.


Uning aytishicha, yangi o‘quv yilidan boshlab birorta hujjat maktablarda qog‘oz shaklida yuritilmaydi.


“Ta’lim jarayonida 3-4 yil oldin maktabda 10 tadan ortiq hujjatlar yuritilgan. Men o‘qituvchilarni aytayotganim yo‘q. Pedagogik kengash va buyruqlar daftari bo‘lgan. Yangi o‘quv yilidan boshlab birorta hujjat maktablarda qog‘oz shaklida yuritilmaydi. O‘tgan yili qog‘ozda to‘ldirilayotgan bitta hujjat — baholar tabeli qolgandi.

Bu yildan boshlab u ham elektron shaklga o‘tkazildi. Endilikda olti million nafardan ortiq o‘quvchi o‘zlashtirish tabelini onlayn kundalik tizimida elektron shaklda oladi. Maktab ham, o‘qituvchi ham qog‘oz shaklida hujjat yuritmaydi. Bunda o‘qituvchining asosiy vaqti qog‘oz to‘ldirishga emas, sifatga, ta’lim jarayoniga, darsga sarflanishi ta’minlanadi.

Keraksiz bo‘lgan hujjatlardan voz kechganmiz. Qaysidir hujjatlarni qog‘ozda to‘ldirilgan bo‘lsa, elektron tizimga o‘tilgach, u hujjatlarga zarurat qolmadi. Masalan, shahodatnomani elektron tizimga o‘tkazdik. Ilgari shahodatnomalarni ro‘yxatga olish kitobi bo‘lardi.

Uni har yili to‘ldirish, rasmlarini yopishtirib chiqish kerak edi. Shu hujjatdan voz kechdik. Yoki o‘quvchilarni qabul qilishda “o‘quvchilar harakati” daftari bo‘lgan. Unga buyruqdan tashqari, keldi-ketdilar yozib borilgan.

Bundan ham voz kechildi. Raqamlashtirish hisobiga ta’lim jarayonini boshqarishni soddalashtirish, tizimda ochiqlikni ta’minlashga harakat qilyapmiz.”, - dedi vazirlik mas’uli.


Avvalroq ham Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi keyingi o‘quv yilidan boshlab maktab hujjatlari to‘liq elektron shaklda yuritilishini ma’lum qilgandi.



Endilikda, balolar tabeli, pedagogik kengash bayonnomalari, o‘quvchilar harakati daftari, shahodatnomalarni hisobga olish daftari va boshqa bir qancha hujjatlar elektron tartibga o‘tkaziladi.


Vazirlik mas’ulining aytishicha, 2027-yilgacha butun respublikada maktablarga qabullar to‘liq onlayn shaklga o‘tkaziladi. Bugungi kunda 43 ta tuman va shaharlardagi 1200 tadan ortiq maktablarda onlayn qabul amalga oshirilyapti.

Bu yil maktablarga 521 ming boladan 50 ming nafari onlayn shaklda qabul qilingan. Yangi o‘quv yili boshlanguncha mazkur ko‘rsatkichni 150 mingtagacha yetishi kutilmoqda.

Izohlar 3

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Qog'ozbozlik

Ulashish