Top.Mail.Ru
“O‘qituvchilik kasbini eng obro‘li kasbga aylantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz izchil davom ettiriladi” — Shavkat Mirziyoyev

The website texts are translated by Google, errors possible!

“O‘qituvchilik kasbini eng obro‘li kasbga aylantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz izchil davom ettiriladi” — Shavkat Mirziyoyev

23:07 / 30.09.2025 35

Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘qituvchilarni tabriklab, ularning kasbini “dunyodagi eng ulug‘ va oliyjanob ish” deb aytdi. Prezident mamlakatda o‘qituvchilik va murabbiylik kasblarini jamiyatdagi “eng muhim va obro‘li kasb”ga aylantirish borasidagi ishlar davom ettirilishini ta’kidladi.

“Mana shunday quvonchli kunda siz, mehribon ustozlarga el-yurtimizning yuksak hurmat-ehtiromini yana bir bor izhor etib, barchangizga Yangi O‘zbekiston kelajagini yaratish yo‘lidagi mashaqqatli va sharafli mehnatingiz uchun chin qalbdan tashakkur bildiraman”, - dedi davlat rahbari.

Erishilgan yutuqlar 


Keyingi sakkiz yilda ta’lim va ilm-fan uchun xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘mni tashkil etildi, yuzlab yangi bog‘chalar, maktab, texnikum va oliygohlar qurildi, ta’lim muassasalari zamon talablari asosida jihozlanib, ustoz va murabbiylarning mehnatini munosib qadrlashga qaratilgan dasturlar qabul qilindi.


O‘zbekistonda qisqa muddatda bog‘chalar soni 5200 dan 38 mingtaga, qamrov darajasi 27 foizdan 78 foizga oshdi, tarbiyachilar maoshi maktab o‘qituvchilari oyligiga tenglashtirildi, ushbu muassasalardagi rahbar va pedagoglar maoshi qariyb 2 barobarga oshirildi.


So‘nggi yillarda 500 ga yaqin yangi maktablar barpo etilib, mavjudlari kengaytirilgani hisobidan 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi. Xususiy maktablarga yo‘l ochilishi tufayli ota-onalar va o‘quvchilar uchun tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bugungi kunda 200 mingdan ziyod bolalar ana shunday maktablarda o‘qimoqda.


Amalga oshirilgan islohotlar natijasida o‘tgan sakkiz yil ichida oliygohlar soni 77 tadan 202 taga, talabalar soni esa 250 mingdan 1,5 millionga yetdi. Yoshlar uchun oliygohlarga kirishda tanlov imkoniyati ko‘paytirildi. Mazkur ta’lim muassasalarida dars beradigan o‘qituvchilarning oyligi sezilarli darajada oshirildi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz natijalari jahon hamjamiyatida katta e’tibor va qiziqish uyg‘otdi. Bu borada biz erishgan yutuqlar xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun asos bo‘ldi”, - dedi davlat rahbari.

Keyingi rejalar haqida


Yangi o‘quv yilidan 12 yillik maktab ta’limi hamda 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinib, ularning natijalari bo‘yicha bitiruvchilar bevosita texnikum va oliygohlarga kira oladigan tartib yo‘lga qo‘yiladi.


Yangi tashkil etilayotgan Kasbiy ta’lim agentligi kasb ta’limi sohasiga, mavjud texnikumlarga xalqaro standartlar asosida yangi hayot nafasini olib kiradi.


Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning ilg‘or o‘quv dasturlari joriy etiladi. 


Jumladan, Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITЕK” xalqaro dasturi orqali yoshlar turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallaydi.


O‘zbekistonda dual ta’lim bilan qamrov 5 barobar oshiriladi. Ayni paytda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, chet ellik investor va hamkorlar bilan erkin muloqot qilish uchun texnikumlardagi xorijiy til soatlari to‘rt karra ko‘paytiriladi.


Umuman, kelgusi yildan yangi, raqamli ochiq platforma ishga tushirilib, unda texnikum bitiruvchilarining kasbiy ko‘nikmalari haqidagi ma’lumotlar mahalliy va xorijiy ish beruvchilar uchun e’lon qilinadi.


Shu bilan birga, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilib, ular 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi.


O‘qituvchilar uchun yangi imtiyozlar

“Biz o‘qituvchi va ustozlik kasbining maqomi va nufuzini oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaramoqdamiz. Shu bois soha xodimlarining mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi”, dedi prezident.

Yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi.


Kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma joriy etilishi mo‘ljallanmoqda. 


O‘qituvchilarning zamonaviy kompyuter texnikalarini xarid qilishlari uchun 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Yangi yildan soha xodimlari uchun davlat xizmatlari to‘lovi ikki karra kamaytiriladi. Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan bo‘lg‘usi pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.


Prezidentning ta’kidlashicha, o‘qituvchi va murabbiylik kasbini jamiyatdagi eng muhim va obro‘li kasbga aylantirish bo‘yicha boshlagan ishlar izchil davom ettiriladi.

“Yurtimiz tarixidagi ikki buyuk Renessansni yaratgan ulug‘ mutafakkir va allomalarni ham o‘z vaqtida siz kabi o‘qituvchi va muallimlar tarbiyalab voyaga yetkazgan.

Bu ezgu an’analarning davomchilari sifatida siz, azizlar ham bugun jonajon Vatanimizda barpo etilayotgan Uchinchi Renessans bunyodkorlarini kamol toptirishga munosib hissa qo‘shasizlar, deb ishonaman.

Ana shunday oliyjanob maqsad yo‘lida sizlarga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat, yangi yutuqlar va oilaviy baxt tilayman. Barchangizga hamisha el-yurtimiz, shogirdlaringizning hurmat va ardog‘ida bo‘lish nasib etsin”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Congrats
  • Teachers' Day

Share