Attestatsiya jarayonlarini to‘xtatib turish lozim
Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va OAVlarda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan “langobardlar – vestgotlar” keysi, mening nazarimda, O‘zbekistonda yuz minglab pedagoglarga rasmiy baho beradigan attestatsiya tizimining fundamental noto‘g‘ri ishlayotganini yana bir bor tasdiqladi. Baholash markazi o‘qituvchilar javobi to‘g‘ri ekanligini tan olishga majbur bo'ldi va ularning attestatsiyadagi natijalarini qayta ko‘rib chiqishga va’da berdi, lekin hali ham ko‘p savollar ochiq qolmoqda:
Nega Baholash markazi shu paytgacha oyoq tirab “bizniki to‘g‘ri” deb turib olgan edi? Nega bahsli test topshirig‘i tuzish, ekspertiza qilish va bazaga kiritish jarayonida tekshirilmadi? Nega o‘qituvchilar hali sudga murojaat qilishidan oldin, apellyatsiya paytida ularning murojaatlari xolis o'rganilmadi? Nega markaz xodimlari hatto sud jarayonida ham “o‘qituvchilarning javobi to‘g‘riligini asoslaydigan dalil yo‘q" deb noto‘g‘ri xulosalar berishdi?
Aynan shu savol nechta o‘qituvchiga tushgan? Nechta o'qituvchining toifasiga, oyligiga, ustama olishiga, balki ishda qolish-qolmasligiga ta’sir qilgan? Ular bir yil davomida qancha moddiy zarar ko‘rishgan? Bu zararni kim qoplaydi?
Sudga murojaat qilgani uchun bosimlarga uchragan pedagoglarga yetkazilgan ma’naviy zararni, ularning o‘z haqligini isbotlash uchun qilgan xarajatlarini kim qoplab beradi?
Bunday keysdan keyin, attestatsiya jarayonlarida ishlatilgan va “respublikadagi 60% o‘qituvchi bilimsiz” deb baho berilishiga asos bo‘lgan testlarda boshqa xato va kamchiliklar yo‘q edi, deb ishonch bilan aytish mumkinmi?
Aslida, attestatsiya – bu pedagog xodimning kasbiy rivojlanishiga yordam beradigan, ish beruvchiga va tizimga esa muhim ma’lumotlar taqdim etadigan jarayon bo‘lishi kerak. Attestatsiya professional staff appraisal tamoyillariga asoslanishi kerak. Bu haqida Gazeta.uz nashrida e'lon qilingan maqolamda batafsil yozgan edim. Bizda attestatsiya tizimi – o‘qituvchining xotirasini va asabini sinaydigan, har safar katta mojarolarga sabab bo‘ladigan jarayonga aylanib qolgan. Bu tizimda baholash instrumentlarining validligiga ham, tizimning o'zi adolatli ishlayotganiga ham ishonch yo‘q.
“Endi ingliz tili o‘qituvchilari attestatsiya natijalaridan norozi, bu gal — yoppasiga”.
“Ta’lim siyosatini belgilovchi shaxslar attestatsiya tizimini qanchalik oqlamasin, 2023–2025-yillar ta’lim boshqaruvida o‘qituvchilar faoliyatini adolatsiz baholagan tizim sifatida tarixda qoladi”.
Bunday attestatsiya tizimi pedagoglarni charchatadi, bezdiradi va ta’lim tizimiga juda katta zarar yetkazadi. Qolaversa, jamoatchilikda, ayniqsa juda katta kontingentni tashkil etadigan ta’lim tizimi xodimlari orasida sudlarning mustaqilligiga, ishlarni obyektiv, adolatli ko‘rishiga nisbatan ham ishonchsizlik paydo qiladi. Masalan, attestatsiya bilan bog‘liq mojarolarni tahlil qilib kelayotganlar “langobardlar – vestgotlar” keysida o‘qituvchilar g‘alabasini ayrim mansabdor shaxslarning iqtidordan ketgani bilan bog‘lashmoqda, bu esa – tizim ishlamasligini, jarayonlar shaxslarga bog‘liq bo‘lib qolganini ko‘rsatadi.
“Haqiqat borligiga ishongan edik”.

“Sudya ishni yuzaki ko‘rib chiqdi”. https://www.gazeta.uz/oz/2025/11/23/attestation/
O‘ylaymanki, “langobardlar – vestgotlar" keysidan keyin Baholash markazining attestatsiya jarayonlaridagi har bir qadami jamoatchilikning ham, “tepa”ning ham sinchkov nazorati ostida bo‘ladi, har qanday kichik bir xatosi ham katta rezonansga sabab bo‘ladi. Bu Baholash markazining ham, vazirlikning ham reputatsiyasiga ta’sir etmay qolmaydi. Shundan kelib chiqib, markazga va vazirlikka taklifim: modomiki attestatsiyani staff appraisal tizimiga aylantirishga imkon (balki xohish?) yo‘q ekan, hech bo‘lmasa test asosidagi tizim baholashning, testologiyaning fundamental talablariga, standartlariga javob berishiga ishonch hosil qilinmaguncha attestatsiya jarayonlarini to‘xtatib turish. Ishonaman, bundan tizim faqat yutadi.
1. O'zi biz o'qituvchilarda qanday ko‘nikmalarni o'lchamoqchimiz va bu ko‘nikmalarni test orqali qanday o‘lchash mumkin, degan savolga aniq-tiniq javob bo‘lishi kerak. Amaldagi tizim o‘qituvchining xotirasini o‘lchamoqda. Maktab uchun chiqarilgan darsliklarda va markaz spetsifikatsiyaga kiritgan pedagogikaga oid kitoblarda berilgan ma’lumotlar, faktlar, atamalar, ta’riflarni, ikir-chikirlarni bilish – pedagogik mahorat o‘lchovi emas, bu orqali o‘qituvchining qay darajada yaxshi (samarali) o‘qituvchi ekanligiga baho berib bo‘lmaydi.
“Texnologiya fanida igna uchining millimetrlari savol bo‘lib tushgan”. https://www.instagram.com/reels/DVY7h1WjUjX/
2. Turli malaka toifalari o‘rtasidagi farqlar aniq belgilanishi kerak. Masalan, ikkinchi toifa pedagogi birinchi toifadan, birinchi toifa oliydan qaysi kompetensiyalari bilan farq qilishi kerak? Bu kompetensiyalar testda qanday aks etadi? Hozirgi “osmondan olingan” o‘tish ballari asosida toifalarga ajratish tizimi – hech qanday ilmiy asosga ega emas.
3. Natijalarni hisoblashda yagona shkala tizimiga o‘tilishi kerak. Faqat yagona shkalaga keltirish qiyinlik darajasi har xil bo‘lgan testlarni yechgan pedagoglarni bir-biri bilan solishtirish va to‘g‘ri xulosalar chiqarish, to‘g‘ri qarorlar qabul qilish imkonini beradi. “Xom ballar” (yagona shkalaga keltirilmagan ballar) asosida o‘qituvchilar haqida qaror chiqarish – adolatsizlik va shunchaki “lotereya”.
4. Attestatsiyada ishlatiladigan test topshiriqlari bazasini shakllantirish jarayoni uchun ularning validligini ta’minlaydigan protokollar ishlab chiqilishi va bu protokollarga qat’iy amal qilinishi kerak. Test tuzadiganlar, uni ekspertiza qiladiganlar, uni bazaga kiritishga ruxsat beradiganlar qanday bilim va kompetensiyalarga ega bo‘lishi kerak? Test topshiriqlari aprobatsiyada qanday sifat ko‘rsatkichlari qayd etgan topshiriqlar (savollar) bazaga kiritiladi? Ekspertlar test topshiriqlarini shakllantirishda, ularning sifatiga baho berishda qanday parametrlarga e’tibor berishi kerak? Duch kelgan mutaxassis darslikdagi duch kelgan jumlani testga aylantirishi yoki u yoqdan – bu yoqdan topgan savollarini bazaga kiritishi (masalan, ingliz tilidagidek) – bu respublika bo‘ylab yuz minglab pedagoglarga baho beradigan tizim uchun normal holat emas. Hatto test topshirig‘ining formal jihatdan to‘g‘riday ko‘rinishi uning validligini bildirmaydi, validlik – murakkab va ko‘p qirrali tushuncha. Validligi ta’minlanmagan testlar asosida yuz minglab pedagoglar haqida xulosalar berish, qarorlar qabul qilish – ta’lim tizimi uchun halokatli.
5. Modomiki, test jarayoni kompyuterda o‘tkazilar ekan, dasturning maksimal qulayligi ta’minlanishi kerak. Misol uchun, matn chap tomonda, unga bog‘liq savollar o‘ng tomonda joylashishi, o‘qituvchi matn va unga bog‘liq savollarni bir paytda ko‘ra olishi kerak. Qolaversa, test topshiriqlari shakllaridan to‘g‘ri foydalanish kerak, chunki har bir test topshirig‘i shaklining o‘ziga yarasha imkoniyatlari va cheklovlari bor. Masalan, “1 – to‘g‘ri, 2 – noto‘g‘ri” shaklidagi yoki “1-c, 2-a, 3-d” tipidagi (xuddi mana bu rasmlarda ko‘rinib turganidek) javob variantlarini ishlatish, umuman, moslashtirish yoki dixotom (“to‘g‘ri-noto‘g‘ri” tipidagi) test topshiriqlarini sun’iy ravishda muqobil javobli test topshirig‘i shakliga aylantirish – testning validligiga salbiy ta’sir qiladi. Bu haqida “Baholash nazariyasi asoslari” kitobimda batafsil yozganman va bu – shunchaki mening subyektiv fikrim emas, pedagogik o‘lchovlar sohasida ilmiy tadqiqotlar olib boradigan yirik olimlarning ilmiy asoslangan xulosalari. Kompyuter dasturi baholashning talab va maqsadlariga moslashishi kerak, teskarisi emas: test formati kompyuter dasturi imkoniyatlaridan kelib chiqib cheklanishi va validlikka putur yetkazishi kerak emas.
6. Apellyatsiyada o‘qituvchilarning bevosita ishtirok etish imkoniyati qaytarilishi kerak. Apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqish jarayonida o‘qituvchining (murojaatchining) bevosita ishtirokini cheklash – qonunga zid. Shuningdek, mening fikrimcha, markaz imkon qadar faqat “meniki to‘g‘ri” deydigan, kerak bo‘lsa sudlarda ham oqni qora deb turib oladigan mutaxassislardan imkon qadar tozalanib, baholashning ilmiy asoslarini, talab va standartlarini biladigan, jarayonga ilmiy yondasha oladigan mutaxassislar jalb qilishi kerak.
Umid qilamanki, vazirlik “langobardlar – vestgotlar” keysidan attestatsiya jarayonini hech bo‘lmaganda ilmiy jihatdan to‘g‘ri yo‘lga solishga turtki berish uchun unumli foydalana oladi va attestatsiya har safar vazirlik (markaz) – o‘qituvchilar qarama-qarshiligiga, stressga, mojaroga aylanmaydi. Idealda esa, o‘qituvchiga kasbiy rivojlanish borasidagi ehtiyojlarini aniqlashga va bu ehtiyojlarni qondirishga yordam beradigan tizimga o‘tishimiz kerak.

“O‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi qayerda va nima “portlashini” hech kim bilmaydigan doimiy “porox bochkasi” bo‘lishiga chek qo‘yish uchun rag‘batlantirish va jazolash funksiyasidan ko‘ra kasbiy rivojlanish funksiyasiga ko‘proq e’tibor qaratish lozim”. https://www.gazeta.uz/oz/2025/11/24/teachers/
Vazirlik va markazdan ushbu murojaatda ko‘tarilgan masalalarga javoblarini (munosabatlarini) kutib qolaman. Umid qilamanki, vazirlik yoki markaz muammolar va murojaatlarni faqat Prezident portali orqali tushgandagina ko‘rmaydi.
Comments 0
Please register to comment!
News
The attestation fee will be paid until March 10, but in case of an error, the money will not be refunded.
Vazir E’zoza Karimova maktabda dars o‘tdi
The Ministry explained why the terms of the qualification category certificate have changed.
Attestatsiya borasidagi uzoq tortishuvlardan so‘ng, vazirlik o‘qituvchilarga ball qo‘shib beradigan bo‘ldi
News on the topic
News
The attestation fee will be paid until March 10, but in case of an error, the money will not be refunded.
The Ministry of Preschool and School Education has extended the payment for certification until March 10, 2026.
News
The Ministry explained why the terms of the qualification category certificate have changed.
Earlier, we reported that the Ministry of Preschool and School Education unexpectedly, without any warnings, changed the validity period of qualification category certificates, the validity of which has not yet expired.
News
Attestatsiya borasidagi uzoq tortishuvlardan so‘ng, vazirlik o‘qituvchilarga ball qo‘shib beradigan bo‘ldi
Savol tuzilishida aniqlashtirish zarurati borligi sababli pedagog kadrlarning manfaatlarini inobatga olgan holda, testda ushbu savol tushgan pedagoglarning attestatsiya natijalariga tegishli o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq, deb topildi.
News
It is said that the ministry arbitrarily shortened the term of the teacher qualification category certificate.
The Ministry of Preschool and School Education raised another problem related to the certification of teachers.
English
Edit your comment