Vazirlik attestatsiya testlarini pullayaptimi?
Ayni vaqtda pedagog xodimlar bahorgi attestatsiya jarayoniga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Arizalar qabuli 1-martga qadar davom etdi, navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashish uchun to‘lov qilish muddati 10-martga qadar uzaytirildi.
Ma’lumki, attestatsiya sinovlari boshlanishidan oldin pedagoglar uchun repetitsiya jarayoni tashkil etilib, u bevosita vazirlikning attestatsiya o‘tkaziladigan test platformasida amalga oshiriladi.
Mazkur jarayon doirasida pedagoglar haqiqiy attestatsiya muhiti bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishadi. Repetitsiya orqali ishtirokchilar platformaga kirish va chiqish tartibi, test savollarini ochish, javoblarni belgilash hamda yakuniy topshirish jarayonini amaliy tarzda sinab ko‘rishadi.
Bu esa pedagoglarga attestatsiya kunida texnik noqulayliklarga duch kelmaslik, tizim bilan oldindan tanishib olish va test topshirish jarayoniga ruhiy jihatdan ham tayyor bo‘lishga yordam beradi.
Odatda malaka sinovlariga tayyorlanish uchun onlayn repetitsiyalar demotest.uzedu.uz yoki test.uzedu.uz [hozirda faol emas] platformalari orqali amalga oshirilardi. Keyinroq esa sinov.uz platformasi ishga tushirilib, pedagog.uzedu.uz platformasiga ham integratsiya qilindi.
Ammo, masalaning e’tiborli jihati shundaki, hozirgi kunda sinov.uz platformasi orqali onlayn repetitsiyalarda qatnashish pullik qilib qo‘yilgan.
Tahririyatga murojaat yo‘llagan pedagoglardan birining aytishicha, o‘tgan yildan buyon alohida sinov.uz platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, har bir fandan test ishlash uchun alohida narxlar belgilab qo‘yilgan.
“Hamma narsa pul bo‘lib qoldi-ku, men 50 nafar o‘qituvchilar nomidan yozyapman, iltimos bir bu haqida maqola e’lon qilinglar, [vazirlik] uyalsin, o‘sha faqat pul qilishni o‘ylaydiganlar! Bo‘lmasa biz Prezident portaliga murojaat yo‘llamoqchimiz”, - deydi bizga murojaat yo‘llagan o‘qituvchilardan biri.
Vaziyatga oydinlik kiritib ko‘rish uchun vazirlikka tegishli bo‘lgan pedagog.uzedu.uz platformasini ko‘zdan kechirganimizda, rostdan ham mazkur platformada “Testlar” bo‘limi mavjud ekanligi va bu bo‘limga kirilganda foydalanuvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sinov.uz platformasiga o‘tkazilishining guvohi bo‘ldik.
Mazkur platformada menejerlik sertifikati testlaridan tortib, barcha fanlar uchun mo‘ljallangan test materiallari joylangan va testlarning foydalanilgan muddatiga qarab narxlar belgilab qo‘yilgan.
Masalan, bahorgi attestatsiya mavsumida foydalanilgan testlar (50 tasi) narxi 10 ming so‘m, kuzgi mavsum testlari 20 ming so‘m, 2025-yilda foydalanilgan menejerlik sertifikati olish uchun mo‘ljallangan testlar narxi esa 50 ming so‘m etib belgilangan.
Pullik testlar esa vazirlikka tegishli bo‘lgan Telegram sahifalarida ham targ‘ib qilingan. Masalan, shunday mazmundagi xabarlardan birida sinov.uz platformasidan chiqmagan holda karta orqali to‘lov qilish imkoniyati mavjud ekanligi haqida so‘z boradi. Platformada esa 2024-yilda attestatsiya sinovlarida foydalanilgan testlar joylangani aytiladi.
Ayrim izohlarda esa pedagog xodimlar onlayn repetitsiya testlari pullik qilib qo‘yilganidan norozi bo‘lib, izohlarda o‘z e’tirozlarini ham yozib qoldirishgan.
“Ishga kirishimning birinchi yili, o‘z ehtiyojlarimdan tashqari pulim yo‘q, oyligim o‘zimga zo‘rg‘a yetyapti, qayerda repetitsiya qilay? Sinov.uz’da hamma fanlar pullik, bir marta repetitsiya qilish hatto 20-ming, yangi ishga kirgan, ishga ishtiyoq bilan qaraydigan ko‘p yoshlar, bu ishlarni ko‘rib attestatsiyanga ham..., deyapti. Bu vazirlik uyat degan narsani tushunmaydi shekilli”, - deydi o‘qituvchilardan biri.
Sinov.uz platformasining ommaviy oferta shartlarida “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator “UZINFOCOM” MCHJ tomonidan Fuqarolik kodeksining 367-moddasiga muvofiq, cheklanmagan doiradagi shaxslarga sinov.uz onlayn test platformasi xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha ommaviy taklif hisoblanishi ko‘rsatilgan.
Hozirda sinov.uz platformasidan foydalanuvchilari, ya’ni pedagoglar amalga oshiradigan to‘lovlar “UZINFOCOM” MCHJ hisobiga o‘tkazilmoqda.
Ammo, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarorida test materiallaridan foydalanish bo‘yicha pedagog xodimlarga pullik xizmatlarni ko‘rsatish, bu orqali pedagoglardan olingan yig‘im summalari qay tartibda va qaysi maqsadlarda sarflanishi nazarda tutilmagan.
Ma’lumki, attestatsiya jarayoni uchun sinov materiallarini shakllantirish bir nechta bosqichlardan iborat bo‘lib, test materiallarini ishlab chiqish va uni aprobatsiyadan o‘tkazish uchun shartnoma asosida ekspertlar jalb qilinadi.
Ekspertlarni jalb qilinganlik uchun tegishli to‘lovlar amalga oshirilib, buning uchun davlat budjetidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Ya’ni, har bir test materiali uchun ma’lum bir miqdorda mablag‘ sarflanadi.
Shu sabali, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 43-bandida attestatsiya jarayoni uchun sinov materiallari vakolatli vazirliklar tomonidan testologiyaning xalqaro talablari asosida, xolislik va maxfiylikni ta’minlagan holda shakllantirilishi alohida qayd etilgan.
Shuningdek, sinov materiallarini shakllantirish uchun jalb etiladigan shaxslarga vakolatli vazirliklar bilan tuziladigan shartnomalar asosida haq to‘lanishi belgilangan.
Shu sababli, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining eng asosiy vazifalaridan biri davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larni tejab ishlatishi uchun har bir test materialining maxfiyligini ta’minlashi shart.
Ammo, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ishlab chiqilgan attestatsiya sinov materiallarini ochiqdan-ochiq, turli xil platformalarda ma’lum bir mablag‘lar evaziga pullash va tarqatish Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablarining qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi.
Shu sababli, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holatga aniq izoh berishi, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tayyorlangan testlarni qaysi qonunchilik normalariga asoslangan holda pullayotgani va bu pullar qayerga va qanday maqsadlarda sarflanayotgani bo‘yicha rasmiy axborot berishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili o‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun sertifikat berilmasligi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ammo o‘qituvchilarga mazkur sertifikatlarni 49 ming so‘mdan sotish holati kuzatilgandi.
Shundan so‘ng, holat tasdig‘ini topgach, vazirlik buni Respublika ta’lim markazi xodimi tomonidan xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan holda noto‘g‘ri xatti-harakatlar amalga oshirilgani bilan izohlagandi.
Comments 10
Please register to comment!
News
Pedagoglar “Yil o‘qituvchisi” bo‘yicha appelyatsiya berolmayapti
Vazirlik tizimidagi Respublika tashxis markazi direktoriga “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni berildi
The head of public education and directors who played gambling were fined.
The attestation fee will be paid until March 10, but in case of an error, the money will not be refunded.
News on the topic
Article
“Tanaffus” podkastidagi bahs qanday oʻtdi
Tarixchilar oʻrtasidagi bahsni koʻrgach, bu haqdagi tahlillarini tanqidiy fikrlash boʻyicha mutaxassis, "Ta'lim tahlili" loyihasi eksperti Otabek Rahmonberganov ayni shu mavzuda maqola tayyorladi.
Attestation
Attestatsiya jarayonlarini to‘xtatib turish lozim
Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zoza Karimova hamda Baholash markazi direktori Dilrabo Davidovaga ochiq murojaat.
News
The attestation fee will be paid until March 10, but in case of an error, the money will not be refunded.
The Ministry of Preschool and School Education has extended the payment for certification until March 10, 2026.
News
The Ministry explained why the terms of the qualification category certificate have changed.
Earlier, we reported that the Ministry of Preschool and School Education unexpectedly, without any warnings, changed the validity period of qualification category certificates, the validity of which has not yet expired.
English
Edit your comment