Top.Mail.Ru
Vazirlik attestatsiya testlarini pullayaptimi?

Vazirlik attestatsiya testlarini pullayaptimi?

11:34 / 06.03.2026 5.98k

Ayni vaqtda pedagog xodimlar bahorgi attestatsiya jarayoniga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Arizalar qabuli 1-martga qadar davom etdi, navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashish uchun to‘lov qilish muddati 10-martga qadar uzaytirildi.


Ma’lumki, attestatsiya sinovlari boshlanishidan oldin pedagoglar uchun onlayn repetitsiya jarayoni tashkil etilib, u bevosita vazirlikning tegishli platformalarida amalga amalga oshirilardi.


Mazkur jarayon doirasida pedagoglar haqiqiy attestatsiya muhiti bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishadi. Repetitsiya orqali ishtirokchilar platformaga kirish va chiqish tartibi, test savollarini ochish, javoblarni belgilash hamda yakuniy topshirish jarayonini amaliy tarzda sinab ko‘rishadi.


Bu esa pedagoglarga attestatsiya kunida texnik noqulayliklarga duch kelmaslik, tizim bilan oldindan tanishib olish va test topshirish jarayoniga ruhiy jihatdan ham tayyor bo‘lishga yordam beradi.


Odatda malaka sinovlariga tayyorlanish uchun onlayn repetitsiyalar demotest.uzedu.uz yoki test.uzedu.uz [hozirda faol emas] platformalari orqali amalga oshirilardi. Keyinroq esa sinov.uz platformasi ishga tushirilib, vazirlikning pedagog.uzedu.uz platformasiga ham integratsiya qilindi.


Ammo, masalaning e’tiborli jihati shundaki, hozirgi kunda sinov.uz platformasi orqali onlayn repetitsiyalarda qatnashish pullik qilib qo‘yilgan.


Tahririyatga murojaat yo‘llagan pedagoglardan birining aytishicha, o‘tgan yildan buyon alohida sinov.uz platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, har bir fandan test ishlash uchun alohida narxlar belgilab qo‘yilgan.

“Hamma narsa pul bo‘lib qoldi-ku, men 50 nafar  o‘qituvchilar nomidan yozyapman, iltimos bir bu haqida maqola e’lon qilinglar, [vazirlik] uyalsin, o‘sha, faqat pul qilishni o‘ylaydiganlar! Bo‘lmasa biz Prezident portaliga murojaat yo‘llamoqchimiz”, - deydi bizga murojaat yo‘llagan o‘qituvchilardan biri.

Vaziyatga oydinlik kiritib ko‘rish uchun vazirlikka tegishli bo‘lgan pedagog.uzedu.uz platformasini ko‘zdan kechirganimizda, rostdan ham mazkur platformada “Testlar” bo‘limi mavjud ekanligi va bu bo‘limga kirilganda foydalanuvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sinov.uz platformasiga o‘tkazilishining guvohi bo‘ldik.



Mazkur platformada menejerlik sertifikati testlaridan tortib, barcha fanlar uchun mo‘ljallangan test materiallari joylangan va testlarning foydalanilgan muddatiga qarab narxlar belgilab qo‘yilgan.


Masalan, bahorgi attestatsiya mavsumida foydalanilgan testlar (50 tasi) narxi 10 ming so‘m, kuzgi mavsum testlari 20 ming so‘m, 2025-yilda foydalanilgan menejerlik sertifikati olish uchun mo‘ljallangan testlar narxi esa 50 ming so‘m etib belgilangan. 



Pullik testlar esa vazirlikka tegishli bo‘lgan Telegram sahifalarida ham targ
ib qilingan. Masalan, shunday mazmundagi xabarlardan birida sinov.uz platformasidan chiqmagan holda karta orqali to‘lov qilish imkoniyati mavjud ekanligi haqida so‘z boradi. Platformada esa 2024-yilda attestatsiya sinovlarida foydalanilgan testlar joylangani aytiladi. 




Ayrim izohlarda esa pedagog xodimlar onlayn repetitsiya testlari pullik qilib qo‘yilganidan norozi bo‘lib, izohlarda o‘z e’tirozlarini ham yozib qoldirishgan.

“Ishga kirishimning birinchi yili, o‘z ehtiyojlarimdan tashqari pulim yo‘q, oyligim o‘zimga zo‘rg‘a yetyapti, qayerda repetitsiya qilay? Sinov.uz'da hamma fanlar pullik, bir marta repetitsiya qilish hatto 20-ming, yangi ishga kirgan, ishga ishtiyoq bilan qaraydigan ko‘p yoshlar, bu ishlarni ko‘rib attestatsiyanga ham..., deyapti. Bu vazirlik uyat degan narsani tushunmaydi shekilli”, - deydi o‘qituvchilardan biri.




Pullar qayerga ketyapti?


Sinov.uz platformasining ommaviy oferta shartlarida “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator “UZINFOCOM” MCHJ tomonidan Fuqarolik kodeksining 367-moddasiga muvofiq, cheklanmagan doiradagi shaxslarga sinov.uz onlayn test platformasi xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha ommaviy taklif hisoblanishi ko‘rsatilgan. 

Ammo, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarorida test materiallaridan foydalanish bo‘yicha pedagog xodimlarga pullik xizmatlarni ko‘rsatish, bu orqali pedagoglardan yig‘ilgan summalar qay tartibda va qaysi maqsadlarda sarflanishi nazarda tutilmagan.


Hozirda sinov.uz platformasi foydalanuvchilari, ya’ni pedagoglar amalga oshiradigan to‘lovlar “UZINFOCOM” MCHJ hisobiga o‘tkazilmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi attestatsiya jarayonlarida ishlatilgan testlar bazasini “UZINFOCOM”ga MCHJ  qaysi tartibga ko‘ra taqdim etayotganiga izoh bermagan.

Shuningdek, vazirlik huzuridagi attestatsiya testlarini tuzishga mas’ul Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi soliqlar hisobidan moliyalashtirilishini va bu testlar bazasini yaratish soliq to‘lovchilar, xususan, pedagoglar hisobidan amalga oshirilganini hisobga olsak, agar bu bazani ochiqlash mumkin bo‘lsa, nega pedagoglar buning uchun yana pul to‘lashi kerakligi ham izohlanishi kerak.


Test materiallarini pullash qonuniymi?

Ma’lumki, attestatsiya jarayoni uchun sinov materiallarini shakllantirish bir nechta bosqichlardan iborat bo‘lib, test materiallarini ishlab chiqish va uni aprobatsiyadan o‘tkazish uchun shartnoma asosida ekspertlar jalb qilinadi.


Ekspertlarni jalb qilinganlik uchun tegishli to‘lovlar amalga oshirilib, buning uchun davlat budjetidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.  Ya’ni, har bir test materiali uchun ma’lum bir miqdorda mablag sarflanadi.


Shu sabali, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 43-bandida attestatsiya jarayoni uchun sinov materiallari vazirlik tomonidan testologiyaning xalqaro talablari asosida, xolislik va maxfiylikni ta’minlagan holda shakllantirilishi alohida qayd etilgan.


Shuningdek, sinov materiallarini shakllantirish uchun jalb etiladigan shaxslarga vakolatli vazirliklar bilan tuziladigan shartnomalar asosida haq to‘lanishi belgilangan.


Shu sababli, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining eng asosiy vazifalaridan biri davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larni tejab ishlatishi uchun har bir test materialining maxfiyligini ta’minlashi shart.


Ammo, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ishlab chiqilgan attestatsiya sinov materiallarini ochiqdan-ochiq, turli xil platformalarda malum bir mablag‘lar evaziga pullash va tarqatish Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablarining qopol ravishda buzilishi hisoblanadi.

E
tiborli jihati shundaki, attestatsiya boyicha bolib otgan bir nechta sud ishlarida vazirlik vakillaridan malaka toifa sinovlarida foydalanilgan ayrim test savollari bilan tanishib chiqish maqsadida ularni ochiqlash soralganda, vazirlik vakillari mazkur testlar uchun davlat budjetidan mablag ajratilishi, buni ochiqlash esa qonunchilikka zid ekanligini alohida takidlagandi. 

Attestatsiyada tushgan test savollarini hamda mazkur testlarni tuzgan ekspertlarni ochiqlash test savollarining tarqalib ketishiga hamda ularning yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, har bir test uchun ma’lum bir miqdorda mablag‘ sarflangani bois, ularni ochiqlash imkonsiz. Ya’ni, testlarni ochiqlash ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqaradi’, - deya takidlangandi vazilik vakili.

Umuman olganda, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holatga aniq izoh berishi, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tayyorlangan testlarni qaysi qonunchilik normalariga asoslangan holda pullayotgani va bu pullar qayerga va qanday maqsadlarda sarflanayotgani bo‘yicha rasmiy axborot berishi kerak. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham bu masalaga alohida etibor qaratishi lozim deb hisoblaymiz.


Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili o‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun sertifikat berilmasligi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ammo o‘qituvchilarga mazkur sertifikatlarni 49 ming so‘mdan sotish holati kuzatilgandi.


Shundan so‘ng, holat tasdig‘ini topgach, vazirlik buni Respublika ta’lim markazi xodimi tomonidan xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan holda noto‘g‘ri xatti-harakatlar amalga oshirilgani bilan izohlagandi.

Izohlar 10

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya
  • Korrupsiya

Ulashish