Top.Mail.Ru
O‘qituvchilardan ommalashtirilgan ish uchun pul talab qilindi, bunda vazirlikka aloqador tashkilotlarning ham qo‘li bormi?

O‘qituvchilardan ommalashtirilgan ish uchun pul talab qilindi, bunda vazirlikka aloqador tashkilotlarning ham qo‘li bormi?

23:36 / 08.06.2025 1.48k

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 17-martdagi 89-sonli buyrug‘i bilan o‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi belgilangan hamda  ommalashtirish.uz platformasi orqali metodik ishlarni qabul qilish jarayonlarini tashkil etish Respublika ta’lim markazidan A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga o‘tkazilgandi.


Umuman olganda, o‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibida deyarli katta o‘zgarishlar bo‘lmagan. Aniqrog‘i yagona o‘zgargan norma tavsiya etilgan metodik ishlarni ko‘rib chiqish jarayoni faqatgina Respublika ta’lim markazining emas, balki A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institut bilan hamkorlikda tashkil etilishi belgilangandi.


Ommalashtirilgan ish uchun ustamaga ball berishdagi muammolar


Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga 1-ilova pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining faoliyatini baholash mezonlariga ko‘ra, o‘qituvchi ish tajribasi respublika miqyosida ommalashsa 15 ball, viloyat miqyosida ommalashsa 12 ball, tuman (shahar) miqyosida ommalashsa 10 ball, maktab miqyosida ommalashtirilganda o‘qituvchiga 7 ball berilishi lozim.


Bunda maktab miqyosida ommalashtirilgan ish tajriba uchun ustamaga ball hisoblashda metodik ishning platformaga joylashtirilganligi yoki joylashtirilmaganligi mutlaqo ahamiyatsiz hisoblanadi.


O‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 4-bob 2-xatboshiga ko‘ra maktab miqyosida ommalashtirilgan metodik ish uchun sertifikat berilmaydi va maktab miqyosida ommalashtirilganligiga isbot sifatida Pedagogik kengash qarori asos hisoblanib, uch yilga amal qiladi.


Sertifikatlar o‘qituvchilarga pullanmoqda…mi?


O‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun sertifikat berilmasligi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ammo ayrim shaxslar bu normaga zid ravishda o‘qituvchilarga maktab miqyosida ommalashtirilgan ishlar uchun sertifikatlarni pullay boshlagan. Maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun berilayotgan sertifikatning narxi esa 49 ming so‘m etib belgilangan.


Masalaning qiziq jihati shundaki, ishlari maktab miqyosida ommalashtirilgan pedagoglarning shaxsiy telefon raqamiga 4546 raqamidan SMS xabarnomalar yuborilgan. Ushbu xabarda esa maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun PDF shakldagi sertifikatni 49 ming so‘m evaziga yuklab olish taklifi bildirilgan.



Xalqtaliminfo.uz tahririyatiga murojaat yo‘llagan pedagoglarning aytishicha, bu kabi SMS xabarlar metodik ishlari aynan maktab miqyosida ommalashtirilgan pedagoglarga yuborilgan.

Natijada esa juda ko‘plab pedagoglar bu SMS xabarlarga ishonib, to‘lovlarni amalga oshirgan hamda sertifikatni yuklab olgan. 
Mazkur to‘lovlar esa “Startup-Invest” MCHJ hisob raqamiga o‘tkazilgan. 




Bu ishda vazirlik rasmiylarining ham qo‘li bormi?


Birinchidan, maktabda ommalashgan ish uchun sertifikat olish taklifi haqidagi SMS xabarlar pedagoglarning ommalashtirish.uz platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamlariga yuborilgan. Ya’ni, bunda pedagoglarning shaxsiy ma’lumotlaridan ularning ruxsatisiz foydalanilgan.


Ikkinchidan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi hamda A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga tegishli bo‘lgan rasmiy @ommalashtirishuzbot orqali ham pedagoglarga 49 ming so‘m evaziga maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun sertifikat yuklab olish taklifi haqidagi reklama matnlari yuborilgan.





Keyingi bosqichda esa pedagoglar maxsus norasmiy bot'ga yonaltirilgan va aynan ana shu bot orqali pedagoglarga sertifikatlar pullangan. (Hozirda ushbu bot va undagi malumotlar nomalum sabablarga kora ochirib tashlangan)



Ma’lumki, Maktabgacha va maktab talimi vazirligiga tegishli bolgan rasmiy @ommalashtirishuzbot platforma bo‘yicha savollarga javob berish hamda undan ro‘yxatdan o‘tishda maxsus kodni olish uchun Respublika ta’lim markazi tomonidan tashkil etilgan. Ushbu bot haqida RTMning rasmiy telegram sahifasida ham ma’lumot mavjud.



Uchinchidan, ushbu noqonuniy takliflarga aldanib, 49 ming so‘mga sertifikatni sotib olgan pedagoglarga ommalashtirish.uz platformasida generatsiya qilingan, Respublika ta’lim markazi v.v.b direktori D.Norboyeva hamda A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rektori A.Ismailovning elektron QR-kod shaklidagi muhri tushirilgan rasmiy sertifikat taqdim etilgan.


Sertifikatning asl nusxasi tahririyatda mavjud


Masalaning e’tiborli jihati shundaki, maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun taqdim etilgan sertifikatdagi QR-kod skaner qilinganda, mazkur sertifikat vazirlikning rasmiy ommalashtirish.uz platformasida ham mavjudligini ko‘rish mumkin.




Shuningdek, yuqorida tilgan olingan “Startup-Invest” MCHJ tasischilari aniqlanganda, uning 50 foiz ulushi Respublika ta’lim markazi Raqamli ta‘limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i (RTM rasmiy saytidagi ma’lumot bo‘yicha) Dilshod Boboqulovga, 50 foizi esa “FALCON HOLDINGS” MCHJga tegishli ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Ushbu malumotlar shuni anglatadiki, o‘qituvchilarga sertifikatlarni pullash bilan bogliq holatga bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi tashkilotlarning ham aloqasi bolishi mumkin.


O‘qituvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan ochiqdan-ochiq foydalanilgani, ularga rasmiy bot orqali xabarlar yuborilgani, shuningdek, ommalashtirish.uz platformasida ham tasdiqlangan sertifikatning taqdim etilgani bu shubhalarni yanada ko‘paytirmoqda.


“Qonuniy” shartnoma


Pedagog xodimlarga maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun pullik xizmat uchun ommaviy oferta shartlari ham ishlab chiqilgan. Ushbu shartnomada foydalanuvchi ushbu ofertaga rozilik bildirganidan so‘ng, ushbu hujjat elektron tarzda tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnoma hisoblanishi qayd etilgan. 


Ommaviy oferta shartlarida quyidagilar nazarda tutilgan

1. Umumiy qoidalar

Mazkur ommaviy oferta (keyingi o‘rinlarda “Oferta”) – ommalashtirish.uz platformasi orqali foydalanuvchilarga taqdim etiladigan sertifikat tayyorlash va metodik ishni hujjatlashtirish bo‘yicha pullik xizmatlarni tartibga soladi.

Foydalanuvchi ushbu ofertaga rozilik bildirganidan so‘ng, ushbu hujjat elektron tarzda tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnoma hisoblanadi.

2. Xizmat mazmuni va to‘lov qiymati

- maktab miqyosida pedagogik kengash qarori asosida ommalashtirilgan metodik ishlar uchun sertifikat tayyorlash;
- sertifikatni ommalashtirish.uz platformasiga raqamli bazaga kiritish;
- sertifikatga QR kod va identifikatsiya raqami biriktirish;
- foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqiqiyligini vizual asoslar orqali tekshirish.

Foydalanuvchi tomonidan xizmatlardan foydalanish qiymati bir dona maktabda ommalashgan sertifikat uchun 49 000 (qirq to‘qqiz ming) so‘mni tashkil etadi. Agar foydalanuvchi tuman/viloyat/Respublika bosqichida ommalashgan ishi uchun sertifikat yuklab olmoqchi bo‘lsa 15000 (o‘n besh ming) so‘mni tashkil etadi.

3. Muhim eslatma

Taqdim etilayotgan sertifikatlar 89-sonli buyruqdagi davlat tomonidan beriladigan hujjat emas, faqat metodik ishlarni tasdiqlovchi e’tirof etish hujjatidir. Ular maktab pedagogik kengashi qarori va pedagogik mahorat markazlari bayonnomalari asosida tayyorlanadi. Sertifikatlar kasbiy e’tirof hujjati sifatida taqdim etiladi.

4. To‘lov tartibi

Xizmat haqi sertifikat turiga qarab belgilanadi va oldindan to‘lov asosida amalga oshiriladi. To‘lovlar Click, Payme, Uzum yoki boshqa elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. To‘lovni amalga oshirgan foydalanuvchi ushbu ofertadagi barcha shartlarga rozilik bildirgan hisoblanadi.

5. Sertifikatni yetkazib berish

Sertifikat elektron shaklda (PDF) foydalanuvchining Telegram, e-mail yoki akkauntiga yuboriladi. Raqamli sertifikat ommalashtirish.uz bazasiga kiritiladi va QR orqali tekshiriladi.

6. Foydalanuvchining javobgarligi 

Foydalanuvchi faqat haqiqiy ma’lumotlarga ega bo‘lgan metodik ishlar uchun xizmatdan foydalanishi mumkin. Noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgan foydalanuvchining sertifikati bekor qilinadi va bazadan chiqariladi.

7. Yakuniy qoidalar

Ushbu oferta istalgan vaqtda yangilanishi mumkin. Yangilanishlar ommalashtirish.uz platformasida e’lon qilinadi. Oferta O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367–370-moddalariga muvofiq ommaviy shartnoma hisoblanadi. 

Pedagog xodimlarga sertifikatlarni pullayotgan tomon foydalanuvchilarga qonuniy yo‘llar orqali sertifikat taqdim etishga qanchalik urinmasin, bu ishlar noqonuniy ekani ehtimolga juda yaqin.


Chunki, maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 17-martdagi 89-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun sertifikat berimasligi aniq yozib qo‘yilgan, pullik sertifikatlar haqida esa gap bo‘lishi ham mumkin emas.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi hamda A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti mazkur holat yuzasidan tezkorlik bilan rasmiy izoh berishi zarur. 


Eslatma: Tegishli idora va vazirliklarga taqdim etish uchun xalqtaliminfo.uz tahririyatida mazkur ishga aloqador bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ham borligini malum qilamiz.



Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ommalashtirish
  • Korrupsiya

Ulashish