Matematika va fizika o‘qituvchilari attestatsiya testlaridan norozi
2026-yilgi kuzgi attestatsiya sinovlarida matematika va fizika fanlari bo‘yicha berilgan test topshiriqlarining murakkabligi, ularni bajarish uchun ajratilgan vaqt hamda o‘qituvchilar to‘playotgan ballar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Pedagog va bloger Isroil Tillaboyev aniq fanlar bo‘yicha test topshiriqlari haddan tashqari murakkab tuzilayotganini tanqid qildi. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi esa bildirilayotgan e’tirozlarga munosabat bildirdi.
Bir misolni yechish uchun besh-olti daqiqa ketmoqda
Bloger Isroil Tillaboyev o‘z chiqishida so‘nggi yillarda matematika va fizika fanlari bo‘yicha attestatsiya testlarining murakkablik darajasi tobora oshib borayotganini ta’kidladi.
Uning fikricha, test topshiriqlarini ishlab chiqishda fanlarning keng qamrovliligi va murakkabligi hisobga olinishi kerak, biroq bu jarayon maktab o‘qituvchilaridan haddan tashqari yuqori darajadagi bilim talab qilishga aylanib qolmasligi lozim.
“O‘qituvchi 11-sinfga qadar o‘qitib bersa bo‘ldi. U oliy darajadagi matematikani o‘rgatib berishga majbur emas. O‘qituvchi maktab dasturi darajasida va abituriyent darajasida bilishi muhim”, — deydi Isroil Tillaboyev.
Blogerning aytishicha, ayrim matematika testlaridagi bitta masalani yechish uchun bir necha daqiqa talab etilmoqda. Xususan, matnli masalalarni o‘qib tushunishning o‘zi ikki-uch daqiqa vaqt olishi, uni yechishga esa yana uch-to‘rt daqiqa sarflanishi mumkin.
“Bitta misolga besh-olti daqiqalik vaqtlar ketib qolyapti-da, vaqtimiz yetmayapti”, — deya o‘qituvchilarning murojaatlaridan iqtibos keltiradi u.
Isroil Tillaboyev bu holatni faqat ayrim o‘qituvchilarning tayyorgarligi bilan izohlash to‘g‘ri emasligini ta’kidlab, testlarning murakkablik darajasi va vaqt me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish kerakligini bildirdi.
So‘rovnoma natijalari nima deydi?
Bloger o‘z fikrlarini asoslash maqsadida matematika o‘qituvchilari o‘rtasida ikkita so‘rovnoma o‘tkazganini ma’lum qildi. Birinchi so‘rovnoma PIMA tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning matematika o‘qituvchilari orasida o‘tkazilgan. Unda 573 nafar pedagog ishtirok etgan.
Isroil Tillaboyev keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, ishtirokchilarning 132 nafari (taxminan 23 foizi) 20 balldan 55 ballgacha natija qayd etgan. 86 balldan yuqori ball to‘plaganlar esa atigi 44 nafarni tashkil qilgan.
Ikkinchi so‘rovnoma “Domlajon” Telegram kanalida o‘tkazilgan. Unda jami 4 600 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashgan bo‘lib, ularning 3 200 nafari matematika o‘qituvchilari bo‘lgan.
Blogerning ta’kidlashicha, so‘rovnomada qatnashgan matematika o‘qituvchilarining 21 foizi 55 balldan past natija qayd etgan. Atigi 6 foiz pedagog 86 balldan yuqori ball to‘plagan.
Isroil Tillaboyev ushbu ko‘rsatkichlarni aniq fanlar bo‘yicha attestatsiya topshiriqlarining murakkablik darajasini qayta tahlil qilish zarurligiga dalil sifatida keltirmoqda. Isroil Tillaboyevning fikricha, attestatsiya natijalari o‘qituvchilarning nafaqat malaka toifasiga, balki boshqa rag‘batlantirish tizimlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xususan, u 70 foizlik ustama, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi va boshqa rag‘batlantirish mexanizmlarida attestatsiya natijalarining ahamiyatini qayd etgan.
“Bitta fanni qiyin darajada tashlasangiz va boshqa fanni oson darajada tashlab qo‘ysangiz, siz bitta fan uchun emas, bir nechta fan uchun zarar qilgan bo‘lasiz”, — deydi bloger.
Uning ta’kidlashicha, matematika va fizika o‘qituvchilari boshqa fan vakillariga nisbatan murakkabroq topshiriqlarga duch kelayotgan bo‘lishi mumkin. Shu sababli turli fanlar bo‘yicha testlarning qiyinlik darajasi va vaqt me’yorlarini o‘zaro taqqoslash zarur.
Bloger, shuningdek, test topshiriqlarini matematika va fizika fani vakillari ishtirokida qayta ko‘rib chiqish, ularning murakkabligi hamda vaqt taqsimotini ekspertlar bilan birgalikda baholash taklifini ilgari surdi.
“Testlar tasdiqlangan spetsifikatsiya asosida tuzilgan” — Markaz
Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan e’tirozlar ortidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ham rasmiy munosabat bildirdi.
Fizika fani bo‘yicha ayrim test topshiriqlarining xorijiy adabiyotlar, jumladan, Douglas C. Giancoli muallifligidagi Physics: Principles with Applications kitobidagi masalalarga o‘xshashligi yuzasidan bildirilgan fikrlarga javob berilgan.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilgi kuzgi attestatsiya test topshiriqlari tasdiqlangan fizika fani spetsifikatsiyasi asosida, unda belgilangan mavzular hamda baholanadigan bilim va ko‘nikmalar doirasida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, fizikadagi qonuniyat va formulalar umumilmiy xususiyatga ega bo‘lgani sababli turli adabiyotlarda bir mavzuga oid masalalarning sharti, chizmasi yoki yechish usulida o‘xshashliklar uchrashi tabiiy ekani ta’kidlangan.
“Bunday o‘xshashlik topshiriq aynan muayyan manbadan ko‘chirilganini yoki spetsifikatsiya talablaridan chetga chiqqanini anglatmaydi”, — deyiladi Markaz munosabatida.
Markaz, shuningdek, muayyan topshiriqning mazmuni, ilmiy to‘g‘riligi yoki javob kaliti yuzasidan aniq asoslar bilan bildirilgan e’tirozlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan.
Matematika fani bo‘yicha bildirilgan e’tirozlarga munosabatda esa test topshiriqlari tasdiqlangan spetsifikatsiya asosida ishlab chiqilgani va asosiy sinovlarda qo‘llanilishidan oldin ikki marotaba aprobatsiyadan o‘tkazilganini qayd etgan.
Qayd etilishicha, aprobatsiya jarayonida topshiriqlarning mazmuni, murakkablik darajasi hamda ularni bajarish uchun ajratilgan vaqt me’yorlari ham sinovdan o‘tkazilgan.
“Asosiy sinov topshiriqlarining murakkablik darajasi demo testlarda taqdim etilgan namunalar bilan muvofiq. Savollarning ifodalanishi, sonlar yoki masala shartlarida farqlar bo‘lishi mumkin, biroq topshiriqlar tasdiqlangan spetsifikatsiya doirasida shakllantirilgan”, — deyiladi rasmiy bayonotda.
Markaz testlar pedagoglarning nazariy bilimlari, amaliy qo‘llash, tahlil qilish va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini baholashga qaratilganini ham bildirgan.
Shunday qilib, matematika va fizika o‘qituvchilari tomonidan ko‘tarilayotgan asosiy masala testlarning spetsifikatsiyaga muvofiqligigina emas, balki topshiriqlarning amaliy murakkabligi va ularni bajarish uchun ajratilgan vaqtning yetarliligi bilan ham bog‘liq.
Markaz test topshiriqlari belgilangan talablar asosida ishlab chiqilgani va aprobatsiyadan o‘tkazilganini ta’kidlamoqda. O‘qituvchilar tomonidan bildirilayotgan e’tirozlar esa topshiriqlarni amalda bajarish jarayonidagi qiyinchiliklarga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ham attestatsiya sinovlari o‘qituvchilar orasida noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Xususan, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari test topshiriqlarining murakkabligi hamda vaqt me’yorlariga oid e’tiroz bilan sudga murojaat qilgandi. Ular attestatsiyani qayta o‘tkazishni talab qilgandi. Avvalroq esa, tarix fani o‘qituvchilari vazirlikni sudga bergandi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
6 yoshli bolalar maktabga tayyorlov bilan to‘liq qamrab olinadi, 10 ta oliygoh Top-1000 ga kiritiladi — prezident farmoni
Maktablarda dars soatlarini taqsimlash va direktor jamg‘armasidan ustama belgilash tartibi avtomatlashtiriladi
19-noyabrdan “Jadidlar izidan” respublika tanlovining hududiy bosqichi boshlanadi
“Ta’lim tizimida tartib o‘rnataman” — Erkinjon Turdimov
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
Attestatsiya vaqtida kompyuter ishlamay qolsa nima qilish kerak?
Attestatsiya jarayonida test topshirayotgan paytimda kompyuter ishlamay qolsa yoki texnik nosozlik sababli testni davom ettira olmasam, bu holatda testni qayta topshirishim mumkinmi?
So'ragan edingiz
Milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 70 foizlik ustama uchun ball beradimi?
Qo‘shimcha ustama faqat malaka sinovida (ikkala bosqichda) ishtirok etib, oliy va birinchi malaka toifasiga erishgan (yoki saqlagan) pedagoglarga beriladi.
So'ragan edingiz
Haj safari sababli attestatsiyada qatnasha olmagan o‘qituvchilar uchun imkoniyat beriladimi?
Uzrli sabablarga ko‘ra malaka (test) sinovlarida ishtirok eta olmagan pedagoglar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tadigan kunlar Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan e’lon qilinadi.
Yangiliklar
Farg‘onada attestatsiya test savollarini rasmga olib tarqatgan o‘qituvchi aniqlandi
Mazkur holat yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholaş ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasida Farg‘ona viloyatidagi 26-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi X.N.K. ruxsat etilmagan maxsus qurilma yordamida test savollarini suratga olgani aniqlandi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang