Top.Mail.Ru
Farg‘onada attestatsiya test savollarini rasmga olib tarqatgan o‘qituvchi aniqlandi

Farg‘onada attestatsiya test savollarini rasmga olib tarqatgan o‘qituvchi aniqlandi

17:10 / 29.10.2026 784

Ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglarning malaka (toifa) sinovlari davomida test savollari suratga olinib, imtihon hududidan olib chiqilgani haqida xabarlar tarqaldi. 


Pedagog Shokir Tursun mazkur holat 28-oktabr kuni sodir bo‘lganini aytib, mas’ul tashkilotlardan holatni nazoratga olishni so‘ragan. 

“Bugun attestatsiya jarayonida juda xunuk ish bo‘libdi. Kimdir kirib attestatsiya testlarini bemalol rasmga olib chiqqan. Tushunyapsizmi? Kimdir bemalol telefonni olib kirgan. Shuncha ustoz tunni tun, tongni tong demay tayyorlanayotgani qayerga ketdi. Shumi ishonchli tizimingiz? Shumi adolatli imtihoningiz?

Ustozlar ayni shu va rasmga olingan boshqa savollarni ham aynan 28-oktyabr kungi imtihonlarda tushganini tasdiqlashdi. Bu yerda testni o‘g‘irlab chiqqan odamga tegishli JSHSHIR yaqqol ko‘ringan. O‘ylaymanki, mas’ul tashkilotlar bu shaxsni qidirib topadi va jazosini beradi. Bunday qilishga sharoit yaratib berganlar ham darradan quruq qolmasligi lozim”, - degan Shokir Tursun.

Mazkur holat yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasida Farg‘ona viloyatidagi 26-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi X.N.K. ruxsat etilmagan maxsus qurilma yordamida test savollarini suratga olgani aniqlandi.


Ma’lum qilinishicha, o‘qituvchi 27-oktyabr kuni soat 12:19 da sinovga kirgan va soat 14:04 da imtihon hududidan chiqib ketgan. U sinov natijalariga ko‘ra jami 26 ball to‘plagan.


Markaz ma’lumotiga ko‘ra, test platformasiga har kuni savollar bazasi yuklanadi. Tizim ushbu baza asosida test variantlarini belgilangan vaqt oralig‘ida avtomatik ravishda yangilab boradi. Yangilanishdan so‘ng avvalgi variantlardagi savollar takroran berilmaydi.


27-oktyabr kuni test variantlari soat 13:00 da yangilangan. O‘rganish davomida suratga olingan savollar keyingi sinovlarda takroran qo‘llanilmagani tasdiqlangan.


Shu sababli markaz xulosasiga ko‘ra, mazkur holat keyingi sinov jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya

Ulashish