Top.Mail.Ru
Buvayda tumanida 400 o‘quvchiga mo‘ljallangan olimpiadalar markazi qurildi

The website texts are translated by Google, errors possible!

Buvayda tumanida 400 o‘quvchiga mo‘ljallangan olimpiadalar markazi qurildi

11:27 / 20.10.2026 116

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida bir vaqtning o‘zida 400 nafar o‘quvchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan Olimpiada markazi qurib bitkazildi. Markaz “Ochiq budjet” loyihasi orqali 1 milliard 560 million so‘m mablag‘ evaziga qurib bitkazilgan. Unda fan olimpiadalaridan tashqari turli tanlovlar va test sinovlarini ham o‘tkazish rejalashtirilgan.


Buvayda tumanida 45 809 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Yangi markaz tumandagi iqtidorli o‘quvchilarning bilimini sinovdan o‘tkazish va olimpiadalarni tashkil etish uchun mo‘ljallangan.


Markazni tashkil etish tashabbusi tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Shukrullo Abdulxayev tomonidan ilgari surilgan. Loyiha “Ochiq budjet” doirasida ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib deb topilgan. Markaz maktab hududidagi bo‘sh joyda qurilgan, mebel va jihozlar esa tuman hokimligi tomonidan olib berilgan.


Buvayda tumanidagi 17-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Parizoda Ahrorxo‘jayevaning aytishicha, maktab tumanning chekka hududida joylashgan. Shu sababli o‘quvchilar ilgari fan olimpiadalarida qatnashish uchun tuman markazi yoki Farg‘ona shahriga borishlariga to‘g‘ri kelgan.


Olimpiadalarni tashkil etishda ham muammolar bo‘lgan. Ayrim hollarda sinovlar maktablarning sport zallarida yoki maxsus jihozlanmagan xonalarida o‘tkazilgan. Buning uchun boshqa maktablardan parta va zarur jihozlar olib kelingan.

“Shu ta’lim tizimida o‘n yildan beri ishlayotgan bo‘lsam, har yili qaysidir maktab sport zalida, qaysidir maktab darsini buzmasligi uchun u maktabdan o‘nta parta, bu maktabdan beshta parta qilib jihozlab, shunaqa qilardik. Bu, albatta, juda noqulayliklar tug‘dirardi”, - deydi MMTB boshlig‘i Shukrullo Abdulxayev.

Yangi markazda tezkor internet tizimi o‘rnatilgan. Bu orqali viloyat studiyasi bilan uzluksiz aloqa o‘rnatish mumkin. Shuningdek, test jarayonlarini kuzatish uchun xonalarga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan.


Markazda bir vaqtning o‘zida 400 nafar o‘quvchi imtihon topshira oladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 9-sinfning 984 nafar, 10-sinfning 1 166 nafar va 11-sinfning 1 350 nafar o‘quvchisi — jami 3 500 nafar o‘quvchining 11 ta fan bo‘yicha olimpiadaning tuman bosqichida ishtirok etishi uchun sharoit yaratilgan.


Markaz vakillarining ta’kidlashicha, videokuzatuv va zamonaviy aloqa tizimlari imtihon jarayonlarini nazorat qilish imkonini beradi. Bu ota-onalar va o‘qituvchilarga sinovlarning qanday o‘tayotini kuzatib borishda ham qulaylik yaratadi.


Kelgusida markazdan nafaqat fan olimpiadalari, balki boshqa tanlovlar va test sinovlarini o‘tkazishda ham foydalanish rejalashtirilgan.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Olympics
  • Based on ad rights

Share