Pedagoglar norozi bo‘layotgan masalalar: kasaba uyushmasi qanday yechim taklif qilmoqda?
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashida Davlat mehnat inspeksiyasi, Adliya vazirligi vakillari, mehnat huquqi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi advokatlar, ta’lim sohasiga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ta’lim tizimidagi og‘riqli masalalar muhokama qilindi. Uchrashuvda pedagoglarning mehnat huquqlaridan tortib, maktab direktorlarini lavozimga tayinlash, attestatsiya, dars soatlarini taqsimlash va oliy ta’lim muassasalarining mustaqilligigacha bo‘lgan masalalar ko‘tarildi. Unda xalqtaliminfo.uz tahririyatidan vakil sifatida Ulug‘bek Po‘latov qatnashdi.
Muloqot davomida ta’lim tashkilotlarida ishlayotgan pedagoglar va boshqa xodimlarning huquqlarini himoya qilish, ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash, kasaba uyushmalari faoliyatini takomillashtirish hamda ta’lim boshqaruvidagi ayrim tizimli muammolarga yechim topish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi. Muhokamalar davomida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi:
Pedagoglar farzandlariga 30 foizlik kontrakt chegirmasi muammosi
Uchrashuvda muhokama qilingan masalalardan biri pedagog xodimlarning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan farzandlariga berilayotgan 30 foizlik kontrakt chegirmasini rasmiylashtirish jarayonidagi muammolar bo‘ldi.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 501-son qarori bilan pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ota yoki onaning farzandi bo‘lgan, davlat oliy ta’lim tashkilotlarida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarga kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma berish tartibi joriy etilgan.
Biroq qaror qabul qilinganidan keyin ham imtiyozdan foydalanish jarayonida qator tushunmovchiliklar yuzaga keldi. Xususan, kontrakt.edu.uz platformasida ota-onaning pedagogik faoliyatini elektron tarzda aniqlash uchun zarur ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish ishlari sababli arizalar qariyb bir oy davomida qabul qilinmadi.
Arizalar qabuli 14-oktabrdan boshlanganidan keyin ham ayrim pedagoglarning farzandlari turli sabablarga ko‘ra imtiyozdan foydalana olmadi.
Ayrim lavozimlarning pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga kiritilishi, ayrim xodimlarning esa tizim tomonidan pedagog sifatida tan olinmasligi bilan bog‘liq savollar paydo bo‘ldi.
Xalqtaliminfo.uz ham ushbu masala yuzasidan bir qator materiallarni e’lon qilgan. Jumladan, pedagoglar farzandlariga chegirma berish tartibi, tarbiyachi yordamchilari, direktor o‘rinbosarlari va xususiy maktablarda ishlaydigan pedagoglarning mazkur imtiyozdan foydalanish huquqi haqida alohida maqolalar tayyorlangan.
Ayrim hollarda qonunchilikda pedagogik faoliyat bilan bog‘liq deb belgilangan lavozimda ishlayotgan xodimning farzandi tizim tomonidan imtiyozga loyiq deb topilmagani ham kuzatildi.
Uchrashuvda ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan tezkor topshiriq berilgani, masalani Ta’lim va ilm-fan vazirligi bilan hamkorlikda o‘rganish va hal etish kun tartibiga qo‘yilgani ma’lum qilindi.
Matematika va fizika o‘qituvchilarining attestatsiya natijalaridan noroziligi
Uchrashuvda ko‘tarilgan navbatdagi masala matematika va fizika fani o‘qituvchilarining kuzgi attestatsiya sinovlaridan noroziligi bilan bog‘liq bo‘ldi.
So‘nggi yillarda pedagoglar attestatsiyasi ta’lim tizimining eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzularidan biriga aylandi. Attestatsiya natijalari o‘qituvchilarning malaka toifasi, ish haqi va ayrim hollarda kasbiy faoliyatini davom ettirishiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Shu sababli test topshiriqlarining sifati, murakkablik darajasi va baholash mezonlari alohida ahamiyatga ega.
Xalqtaliminfo.uz saytida 2026-yil 12-noyabr kuni e’lon qilingan “Matematika va fizika o‘qituvchilari attestatsiya testlaridan norozi” sarlavhali maqolada ham aynan shu muammolar yoritilgan.
Unda pedagoglar tomonidan test topshiriqlarining haddan tashqari murakkabligi, ayrim masalalarni yechish uchun ajratilgan vaqtning yetarli emasligi va topshiriqlarning maktab o‘qituvchisidan talab etiladigan bilim darajasiga mosligi yuzasidan e’tirozlar bildirilgani qayd etilgan.
Xususan, pedagog va bloger Isroil Tillaboyev ayrim matematika testlaridagi bitta masalani tushunish va yechish uchun besh-olti daqiqagacha vaqt ketayotganini tanqid qilgan.
Bu masalada asosiy savol shuki: attestatsiya o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasini aniqlashga xizmat qilyaptimi yoki murakkab masalalarni qisqa vaqt ichida javob berish qobiliyatini sinovdan o‘tkazyaptimi?
Albatta, pedagog o‘z fanini chuqur bilishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak. Biroq testlarning murakkabligi o‘qituvchining kundalik pedagogik faoliyati va o‘quv dasturlari bilan mutanosib bo‘lishi ham muhim.
Uchrashuvda matematika va fizika o‘qituvchilarining e’tirozlarini o‘rganish, test topshiriqlarining murakkabligi va baholash mezonlariga xolis baho berish zarurligi ham ta’kidlandi.
Kasaba uyushmasi raislarining maqomi va mehnatini rag‘batlantirish
Ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari raislarining maqomini oshirish ham muhim masalalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Amalda boshlang‘ich kasaba uyushmasi raislari o‘z tashkilotidagi xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, jamoa shartnomalari ijrosini nazorat qilish, ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasidagi munosabatlarda vositachilik qilish, mehnat nizolarini hal etishda ishtirok etish kabi vazifalarni bajaradi.
Biroq ushbu vazifalar ko‘pincha asosiy ish faoliyatiga qo‘shimcha ravishda, jamoatchilik asosida bajariladi. Masalan, maktabdagi boshlang‘ich kasaba uyushmasi raisi bir vaqtning o‘zida dars berishi, o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishi va kasaba uyushmasi faoliyatini ham tashkil qilishi mumkin.
Shunday sharoitda kasaba uyushmasi raislarining mas’uliyati va ularga berilayotgan rag‘bat o‘rtasidagi mutanosiblik masalasi yuzaga keladi.
Uchrashuvda kasaba uyushmasi raislariga qo‘shimcha ustamalar joriy etish, ularning maqomini oshirish, davlat mukofotlariga tavsiya qilish hamda ushbu lavozim uchun alohida malaka talablarini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar berildi.
Bu takliflar amalga oshirilsa, boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari faoliyatini faqat tadbirlar va hujjat yuritish bilan cheklab qo‘ymasdan, xodimlarning haqiqiy huquqiy himoya mexanizmiga aylantirish imkoniyati kengayishi mumkin.
Bunda kasaba uyushmasi raisining mustaqilligi ham muhim. Chunki u o‘z tashkilotidagi ish beruvchi tomonidan yo‘l qo‘yilgan mehnat qonunchiligi buzilishlariga ham munosabat bildira olishi kerak.
O‘qituvchilarga 20 soatdan ortiq dars berilmasligi va qolgan soatlarning vakantga chiqarilishi
Ta’lim tizimidagi eng dolzarb muammolardan biri — o‘qituvchilarga dars soatlarini taqsimlash jarayonida yuzaga kelayotgan adolatsizliklar. Uchrashuvda ayrim ta’lim tashkilotlarida pedagoglarga 20 soatdan ortiq dars berilmayotgani, ortib qolgan soatlar esa vakant ish o‘rni sifatida e’lon qilinayotgani masalasi ko‘tarildi.
2026-yil 17-avgustda xalqtaliminfo.uz’da e’lon qilingan “O‘qituvchilarga 20 soatdan ortiq dars berilmayaptimi?” maqolasida ayrim maktablarda pedagoglarga 20 soatdan ortiq dars berilmayotgani, qolgan soatlar esa vakant sifatida ko‘rsatilayotgani haqida o‘qituvchilardan kelib tushgan murojaatlar bayon etilgan.
Amaldagi 3271-sonli nizomga ko‘ra, dars soatlari belgilangan ustuvorlik mezonlari asosida taqsimlanadi. Bunda tegishli mezonlar bo‘yicha ustunlikka ega o‘qituvchilarga bir yarim stavkagacha, ya’ni 30 soatgacha dars berilishi mumkin. Demak, 20 soat barcha pedagoglar uchun belgilangan qat’iychegara emas.
Muammoning yana bir jihati shundaki, ayrim maktablarda o‘qituvchiga berilgan ortiqcha dars soatlari vakant sifatida ko‘rsatilishi va keyinchalik boshqa nomzodlarga taklif etilishi holatlari kuzatilmoqda.
Bu yerda masalaning mohiyati faqat o‘qituvchiga ko‘proq dars berish emas. Eng avvalo, pedagogni uning roziligisiz mehnat shartlarini o‘zgartirmaslik va vakant ish o‘rinlarini sun’iy ravishda shakllantirmaslik lozim.
Kasaba uyushmasi faoliyatini raqamlashtirish va sanatoriy yo‘llanmalarini adolatli taqsimlash
Uchrashuvda kasaba uyushmasi faoliyatini raqamlashtirish, shuningdek, sanatoriylarga yo‘llanmalarni taqsimlashda tasodifiy tanlov — random mexanizmini joriy etish masalasi ham muhokama qilindi.
Bugungi kunda raqamlashtirish ta’lim tashkilotlarida hujjat yuritish va boshqaruv jarayonlarini soddalashtirish bilan birga, inson omilini kamaytirishning ham muhim vositasi hisoblanadi.
Kasaba uyushmalari faoliyatida ham xodimlarning murojaatlarini elektron qabul qilish, ularning ko‘rib chiqilish holatini kuzatish, a’zolik ma’lumotlarini yuritish, moddiy yordam va boshqa imtiyozlar bo‘yicha arizalarni shaffof ko‘rib chiqish imkoniyatlarini kengaytirish zarur.
Alohida e’tibor sanatoriylarga yo‘llanmalar taqsimotiga qaratildi. Kasaba uyushmasi a’zolari uchun sog‘lomlashtirish maskanlariga yo‘llanma olish imkoniyati muhim ijtimoiy kafolatlardan biridir.
Biroq yo‘llanmalar sonining cheklanganligi va ularga talab yuqoriligi taqsimot jarayonida adolat hamda shaffoflikni ta’minlashni talab qiladi. Shu sababli yo‘llanmalarni tasodifiy tanlov asosida taqsimlash taklifi ilgari surildi.
Shuni ham qayd etish lozimki, sanatoriy yo‘llanmalarini elektron hisobga olish va navbatni kuzatish mexanizmlari mamlakatimizda boshqa yo‘nalishlarda ham mavjud. Xususan, 2021-yildagi 693-sonli Hukumat qarorida “Elektron sanatoriy” platformasini joriy etish, arizalarni elektron hisobga olish va navbatni kuzatish imkoniyatlarini yaratish nazarda tutilgan.
Demak, kasaba uyushmalari tizimida ham zamonaviy elektron mexanizmlardan foydalanish yo‘llanma taqsimotidagi shaffoflikni oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Pedagoglarga dars soatlari yetishmasligi va ish haqini oshirish masalasi
Uchrashuvda pedagoglarni yetarli dars soatlari bilan ta’minlash va ularning oylik ish haqini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha hukumatga taklif kiritish masalasi ham ko‘tarildi.
Bu muammo, ayniqsa, bir nechta maktabda ishlashga majbur bo‘layotgan yoki to‘liq stavka olish imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan o‘qituvchilar uchun dolzarb.
Ayrim ta’lim tashkilotlarida o‘quvchilar soni, sinflar komplekti va fanlar bo‘yicha ajratilgan soatlar pedagoglarning barchasini to‘liq ish yuklamasi bilan ta’minlash imkonini bermaydi. Natijada ayrim o‘qituvchilar yarim yoki undan ham kam stavkada ishlashga majbur bo‘ladi.
Bunday vaziyatda pedagogning oylik daromadi ham kamayadi. O‘qituvchi o‘zining kasbiy salohiyati va tajribasidan to‘liq foydalana olmasligi, boshqa ish izlashga yoki bir nechta ta’lim tashkilotida faoliyat yuritishga majbur bo‘lishi mumkin.
Shu sababli uchrashuvda dars soatlari yetishmasligi bilan bog‘liq muammolarga tizimli yechimlar ishlab chiqish, pedagoglarning mehnatiga haq to‘lash tizimini qayta ko‘rib chiqish hamda ish haqini mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqi ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib sezilarli darajada oshirish yuzasidan hukumatga taklif kiritish masalasi ilgari surildi.
Bunda faqat tarif stavkalarini oshirish emas, balki pedagogning real ish yuklamasi, kasbiy malakasi, mehnat sharoiti va ta’lim sifatiga qo‘shayotgan hissasini ham hisobga olish muhim.
O‘qituvchilarni OpenBudjet jarayonlariga jalb qilish amaliyotiga chek qo‘yish
Uchrashuvda pedagoglarni OpenBudjet jarayonidan butunlay xalos qilish, ijtimoiy sohani ushbu dasturdan chiqarish taklifi ham bildirildi.
So‘nggi yillarda maktab o‘qituvchilarini “Tashabbusli budjet” loyihalariga ovoz yig‘ish jarayonlariga jalb qilish bilan bog‘liq e’tirozlar ko‘paygan.
Aslida OpenBudjet fuqarolarning mahalliy budjet mablag‘larini taqsimlashdagi ishtirokini ta’minlash, aholining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan mexanizm hisoblanadi.
Biroq ayrim joylarda ushbu jarayonning asl maqsadi o‘zgarib, o‘qituvchilarga ovoz yig‘ish bo‘yicha topshiriqlar berish, ulardan kunlik hisobot talab qilish, hatto ovoz yig‘ish uchun pul to‘plash holatlari ham kuzatilgan.
Xalqtaliminfo.uz saytida 2025-yil 11-mart kuni e’lon qilingan “OpenBudjet uchun o‘qituvchilardan pul yiqqan direktor ishdan olingan” sarlavhali maqola bunga misol bo‘la oladi.
Bu kabi holatlar pedagoglarning asosiy vazifasi bo‘lgan ta’lim berish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. O‘qituvchi o‘z darsiga tayyorgarlik ko‘rish, o‘quvchilar bilan ishlash va kasbiy rivojlanish o‘rniga ovoz yig‘ish bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lmasligi kerak.
Shu nuqtayi nazardan, ijtimoiy soha tashkilotlarini OpenBudjet jarayonidan chiqarish taklifi berildi. Bunda asosiy maqsad — pedagoglarni ularning kasbiy vazifalariga aloqador bo‘lmagan tashkiliy va targ‘ibot ishlariga majburan jalb etish amaliyotiga chek qo‘yish.
Maktab direktorlarini tayinlash va lavozimidan ozod etishda qonuniylikni ta’minlash
Maktab direktorlarini lavozimga tayinlash va ishdan ozod etish jarayonlarida qonunchilik talablariga rioya qilinishi masalasi ham alohida muhokama qilindi.
Maktab direktori ta’lim tashkilotining eng muhim boshqaruv lavozimlaridan biri hisoblanadi. Uning tayinlanishi nafaqat maktab jamoasi, balki ta’lim sifati, moliyaviy boshqaruv va o‘quv jarayonining tashkil etilishiga ham bevosita ta’sir qiladi.
Shu sababli direktorlarni tanlashda kasbiy kompetensiya, boshqaruv tajribasi, menejerlik ko‘nikmalari va qonunchilikda belgilangan mezonlarga rioya etilishi muhim.
O‘zbekistonda 2023-yildan boshlab maktab direktorlarini ochiq tanlov asosida tayinlash va Direktorlar kengashi tavsiyasidan foydalanish mexanizmi joriy etilgan. Keyinchalik direktorlikka nomzodlar uchun menejerlik sertifikati talabi ham belgilangan. Biroq amaliyotda ushbu jarayonning shaffofligi va qonuniyligi yuzasidan savollar paydo bo‘lgan.
Xalqtaliminfo.uz saytida bu mavzu bir necha bor tanqidiy va tahliliy yoritilgan. Jumladan, 2025-yil 22-aprelda e’lon qilingan “Maktab direktori lavozimi uchun 3 ming dollar” nomli maqolada direktorlik lavozimiga tayinlash evaziga pora olgan mansabdor shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan.
Uchrashuvda mazkur holatlarni o‘rganish, direktorlarni tayinlash va lavozimidan ozod etishda qonunchilik buzilishlarining oldini olish, tahlillar o‘tkazish hamda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Bu masalada asosiy talab — direktorlik lavozimi tanish-bilishchilik, noqonuniy kelishuvlar yoki ma’muriy bosim orqali emas, balki ochiq va qonuniy tartibda egallanishini ta’minlashdir.
Oliy ta’lim muassasalariga malaka talablarini ishlab chiqishda mustaqillik berish
Uchrashuvda muhokama qilingan so‘nggi masala oliy ta’lim tashkilotlarining o‘quv dasturlari va malaka talablarini ishlab chiqishdagi mustaqilligini kengaytirish bilan bog‘liq bo‘ldi.
Bugungi mehnat bozori tez o‘zgarayotgan bir sharoitda oliy ta’lim muassasalari tayyorlayotgan mutaxassislar ish beruvchilarning real ehtiyojlariga mos kelishi zarur.
Biroq o‘quv dasturlari va malaka talablarini ishlab chiqishda oliy ta’lim tashkilotlarining tashabbuskorligi va mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatlari yetarli bo‘lmasa, ta’lim mazmuni mehnat bozori talablaridan ortda qolishi mumkin.
Uchrashuvda oliy ta’lim tashkilotlariga malaka talablarini ishlab chiqishda kengroq mustaqillik berish, tayanch oliy ta’lim muassasalari amaliyotini qayta ko‘rib chiqish yoki mavjud tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Xususan, har bir oliy ta’lim muassasasi o‘z hududining iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat bozori xususiyatlaridan kelib chiqib, o‘quv dasturlarini shakllantirishda faol ishtirok etishi kerakligi ta’kidlandi.
Bunda ish beruvchilarning fikri va ehtiyojlari ham e’tibordan chetda qolmasligi lozim. Chunki oliy ta’lim muassasasini tamomlagan bitiruvchining mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishi, uning olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llay olishi ta’lim dasturlarining qay darajada to‘g‘ri ishlab chiqilganiga bog‘liq.
Masalan, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim tashkilotlari maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va boshqa ta’lim muassasalarining real ehtiyojlarini o‘rganishi, ish beruvchilar bilan hamkorlikda o‘quv dasturlarini takomillashtirishi maqsadga muvofiq.
Tayanch oliygohlar tajribasidan foydalanishning o‘zi muammo emas. Biroq barcha oliy ta’lim tashkilotlari uchun yagona yondashuvni majburiy tarzda qo‘llash ularning o‘ziga xos imkoniyatlari va hududiy ehtiyojlarini hisobga olishga to‘sqinlik qilmasligi kerak.
Shu bois, uchrashuvda malaka talablari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda oliy ta’lim muassasalarining mustaqilligini kengaytirish va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muammolar muhokama qilindi, endi amaliy natija kutilmoqda
Uchrashuvda ko‘tarilgan to‘qqizta masala bir-biridan farq qilsa-da, ularning barchasini birlashtirib turadigan jihat bor: ta’lim tizimida xodimlarning qonuniy huquqlarini ta’minlash, boshqaruvdagi shaffoflikni kuchaytirish va pedagoglarning mehnatini munosib qadrlash zarurati.
Ayniqsa, dars soatlarini taqsimlash, attestatsiya, OpenBudjetga majburan jalb qilish, direktorlarni tayinlashdagi qonunbuzilishlar kabi masalalar pedagoglar orasida uzoq vaqtdan beri muhokama qilinib kelmoqda.
Shu jihatdan, bunday uchrashuvlarda muammolarni faqat tinglash bilan cheklanib qolmasdan, ularning har biri bo‘yicha aniq ijro mexanizmlari, mas’ul tashkilotlar va muddatlarni belgilash muhim.
Kasaba uyushmasining asosiy vazifasi xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat ekan, ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amaliy natijalarga erishish kutiladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Abduxalil Rahmonov muhokama davomida ko‘tarilgan barcha masalalar to‘liq nazoratga olinishini ta’kidladi.
Shuningdek, mavjud muammolarni faqat markaziy darajada muhokama qilish bilan cheklanib qolmasdan, ularni bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganish va imkon qadar joyida hal etish choralarini ko‘rish rejalashtirilayotganini bildirdi.
Shu sababli, endilikda ta’lim tizimi xodimlariga yaqindan ko‘maklashish, ularning mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, murojaatlariga amaliy yechim topish maqsadida hududlarda sayyor uchrashuvlar va seminarlar tashkil etiladi.
Abduxalil Rahmonov kasaba uyushmasi faoliyatining kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlari haqida gapirar ekan, Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov hamda vazir o‘rinbosari Mehriniso Pardayeva bilan ham uchrashib, pedagoglarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va bu borada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olinganini ham aytib o‘tdi.
Eng e’tiborlisi, Respublika kengashi raisi kasaba uyushmasining jamiyatdagi o‘rni va faoliyatiga yangicha yondashuv zarurligini ochiq tan oldi.
Uning ta’kidlashicha, endilikda kasaba uyushmasini shunchaki bayramlarda sovg‘a ulashadigan yoki moddiy yordam ko‘rsatadigan tashkilot emas, balki o‘qituvchilarning mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan, ular uchun real tayanch bo‘la oladigan nufuzli tashkilotga aylantirish kerak.
Rahmonov bu yo‘ldagi o‘zgarishlar oson kechmasligini ham yashirmadi. Buning uchun, avvalo, ta’lim tashkilotlari rahbarlari va pedagoglarning kasaba uyushmasiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish, tashkilotning haqiqiy vazifasi va imkoniyatlarini amalda namoyon etish talab etiladi.
Bunday ishonch bir kunda shakllanmasligi, izchil harakatlar va aniq natijalar orqali bosqichma-bosqich erishilishi ta’kidlandi.
Comments 1
Please register to comment!
News
Maktablar hududidagi bog‘larni xususiylashtirish taqiqlanadi
Musiqa fani o‘qituvchilariga 20 foizgacha oylik ustama to‘lanadi
Toshkent shahar ta’lim va ilm-fan boshqarmasi boshlig‘i o‘zgardi
6 yoshli bolalar maktabga tayyorlov bilan to‘liq qamrab olinadi, 10 ta oliygoh Top-1000 ga kiritiladi — prezident farmoni
News on the topic
News
Endi maktabga ishga kirmoqchi bo‘lgan pedagoglar test orqali ishga olinadi
Boʻsh ish oʻrinlari haqidagi ma’lumotlar pedagog.uzedu.uz (http://pedagog.uzedu.uz) platformasida eʼlon qilgandan so‘ng, nomzodlar ishga kirish bo‘yicha tanlovda ishtirok etish uchun ariza qoldirishadi.
Вы спрашивали
Yaqin maktabda vakansiya bor: test natijam bilan ishga kira olamanmi?
Nizomga ko‘ra, talabgorlar ta’lim tashkilotlaridagi vakant ish o‘rinlari uchun pedagog.uzedu.uz platformasi orqali ariza topshiradi hamda bo‘sh ish o‘rinlariga tanlov (test) asosida ishga qabul qilinadi.
Вы спрашивали
ERP bazasiga kiritilmagan pedagog “qizil” maktabga ishga kira olmaydimi?
Vazirlik mas’ullarining aytishicha, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga ishga kirish uchun ariza topshirgan hamda saralashdan o‘tgan pedagog kadrlarning ma’lumotlarini ERP bazasiga kiritish uchun joriy yilning 5-avgustiga qadar muddat belgilangan.
News
Endi maktabdagi vakansiyalar haqida hisobot berish shart emas
Shuningdek, bandlik organi yo‘llanmasi bilan bo‘sh ish o‘rniga kelgan nomzodni ishga qabul qilinmagan taqdirda, ish beruvchi sabab keltirishi shart bo‘lmaydi va buning uchun ish beruvchi ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
English
Edit your comment