Top.Mail.Ru
Fuqarodan jabr ko‘rgan o‘qituvchiga sog‘ligini tiklab olishi uchun yo‘llanma beriladigan bo‘ldi

Fuqarodan jabr ko‘rgan o‘qituvchiga sog‘ligini tiklab olishi uchun yo‘llanma beriladigan bo‘ldi

12:31 / 15.02.2025 1.41k

Joriy haftada Sirdaryo tumanidagi maktablarning biriga bostirib kirib, o‘qituvchini kaltaklab, uni o‘ldirish bilan tahdid qilgan fuqaro haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.


Bu orada o‘qituvchiga qo‘pol munosabatda bo‘lgan fuqaro uzr so‘rab chiqdi. Xalqtaliminfo.uz tahririyati voqea tafsilotlarni o‘rganib, pedagog xodimni kaltaklagan fuqaroning psixologik sog‘ligi haqidagi ma’lumotlar bilan ham tanishib chiqdi.


Ushbu fuqaro sog‘ligi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish huquqiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini inobatga olib, ularni ochiqlamaslikni lozim deb topdik.


Umuman olganda, hozir ruhiy tushkunlikka tushib qolgan ustozimiz haqida ko‘proq qayg‘urib, uni qo‘llab-quvvatlab turishimiz zarur deb hisoblaymiz.


Shu munosabat bilan xalqtaliminfo.uz tahririyati “Stressiz ta’lim” loyihasi doirasida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan hamkorlikda Sirdaryo tumanidagi 1-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Tashaliyeva Shahnozaxon ustozga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar olib bormoqda.


Xususan, ushbu ustozimizga “Stressiz ta’lim” loyihasi eksperti Akobr Abdullayev psixolog sifatida biriktirildi. Endilikda o‘qituvchining xohishiga ko‘ra, psixolog-ekspert ushbu ustozga bepul ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatadi.


Eng asosiysi, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining maxsus ko‘rsatmasi bilan fuqarodan jabr ko‘rgan o‘qituvchiga sog‘ligini tiklab olishi uchun sanatoriyaga bepul yo‘llanma beriladigan bo‘ldi.

O‘zbekiston pedagoglari ustozga hamdardlik bildirib, qo‘llab-quvvatlamoqda


Jasur Ismatullayev:
“Ustozjon siz eng zo‘risiz. Butun dunyodagi eng zo‘r o‘qituvchisiz”


Oygul Allabergenova:
“Ustoz, bu travmalar hammamizda bo‘lgan. Na psixolog yordami, na jamoat qo‘llovi bo‘lgan. Tepishib, yulishib ishlab ketaverganmiz. Omadli ekansiz, yaxshiyam video yozilib qolibdi. Ishoning, obro‘yingiz tog‘ qadar ko‘tariladi hali”


Mahfuza Otabayeva:
“Ustoz, avvalambor sizga ruhiy bardamlik tilayman. Lekin siz o‘zingiz eng kuchli advokatlarni yonlab, o‘z shaxsiy da’voyingizni oching (qancha pul ketsa ham). Qaysidir organning tergov surishtiruvlarini kutib o‘tirmang, iltimos. Ular hech nima qilib berolmaydi, faqat so‘z gapirishni bilishadi, xolos, amalda hech narsa yo‘q. O‘zingiz uchun kurashing, jim o‘tirmay”


Mrs Sakina:
“Bu o‘qituvchini nafaqat maktab o‘quvchilari oldida hamda butun O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar oldida ham misqollab yiqqan obro’sini to’kdi. Ba’zi jurnalistlarning izohlariga kirib, haqoratli so‘zlar yozganiga 100 million tovon puli to’layaopti. Bu ustozga judayam katta miqdorda tovon to‘lashi kerak, u zo‘ravon. Ustoz bo‘sh kelmang biz siz bilanmiz”


Javohirbe.off:
“Avvalo biz hammamiz insonmiz, inson qadri tushunchasi zamonaviy ta’limda juda ko‘p aytiladi, biroq amalda ko‘rsatilmaydi. Hurmatli mushtumzo‘r ota-onalar, sizlar ham bir zamonlar maktabda ustozlaringiz tomonidan bilim o‘rgangansiz, agar farzandingizga bilim kerak bo‘lmasa marhamat, uyda olib o‘tiring.

Ustozlarni kelib urgandan, so‘kkandan ko‘ra. Ustozlar bo‘lmaganda farzandingiz qayerdan bilimli bo‘lardi. Ota-onalar diqqatiga: “Vaziyatni bilmasdan turib ustozlarni aybdor qilish yaxshi emas, oxirida yana o‘zingiz uyalib qolasiz”


Saltanat Jo‘rayeva:
“Ustoz, afsuski, ba’zi ota-onalarning o‘zlarini tarbiyalash kerak...Biz sizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Aslo o‘ksinmang…”


Nigora Salomova:
“Ustoz, sizga hozir ichki xotirjamlik, ruhiy barkamollik zarur. O‘zingizni qo‘lga olib, yaxshi narsalarni o‘ylang! Miyamizdagi o‘ylar bizni boshqaradi, qaddingizni tik tutib, harakatda davom eting, biz siz bilganmiz!”


Feruza:
“Ustoz maylida deng-da ishda davom eting. Qarab turing, Allohimning o‘zi jazosini beradi. Men tajribamdan o‘tkazdim, buni. Meni rosa hafa qilgan ota-ona hech qancha o‘tmay, mening uyimga yordam so‘rab chiqdi”


Shahodatxon Abduvohidova:
“Ustoz, xafa bo‘lmang, biz siz bilanmiz! Farg‘ona viloyati Rishton tumani 28-maktab ustozlari nomidan – biz siz bilan ruhan birgamiz! Martabangiz bundan ham ulug‘ bo‘lsin!”


Shirin Pardayeva:
“Ustoz, agar mening gaplarimni o‘qiyotgan bo‘lsangiz hech qachon tushkunlikka tushmang, siz baribir haq bo‘lgansiz, nima bo‘lishidan qat’i nazar. Shuni esingizdan chiqarmang, oltin 100 yil yer tagida yotgani bilan zanglamaydi. Siz haq ekanligingizni bir kuni o‘sha inson ham anglab yetadi. Qachonki boshi devorga urilganida…”


22-maktab Qo‘shrabot tumani:
“Azizam, siz qizim singari ekansiz, pedagog bo‘lib ishlayotganimga 43 yil bo‘ldi. Keksa bo‘lsam-da, hozirda rahbarman, ish faoliyatim davomida bunday voqeani ko‘rmaganman. Men ham ayolman, o‘qituvchi o‘quvchilarimni juda yaxshi ko‘raman, hurmat qilaman. Bu o‘tkinchi holat, qopag‘on it hammaga tashlanib huradi. Siz shunday kuch egasiziki, sizdagi iroda hech kimda yo‘q!

Siz taratayotgan ziyo nuridan bu behayoni harakatlari erib ketadi, mana ko‘rasiz. Martabangiz ulug‘ bo‘ladi, yoshga o‘xshaysiz, buni sinov deb qabul qiling, qizim, yaxshilar ko‘p, sizning yoningizda ana hamma befarq emas, sizga eng muhimi elning e’tibori! Bolajonlardan uyalmang, ular sizning borligingiz, kelajagingiz, omadga etaklovchi yo‘lchi yulduzingiz. Omad sizni tark etmasin”


Jalilova Dilrabo:
“Ustozim, hecham tushkunlikka tushib qolmang, albatta ishingizni davom ettiring. Qayerdagi odamni deb, o‘z kasbingizdan ketishingiz yaxshimas, bu ham bir sinov. Siz kuchlisiz, hammasini yana davom ettirishga sizda kuch shijoat yetadi. Biz barcha o‘qituvchilar sizga ishonamiz. Faqat olg‘a to‘xtash yo‘q, ustozim.”

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Stress

Ulashish