Endi o‘qituvchilar yozgi ta’tilda ham ishlaydimi?
Ayni kunlarda hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari tomonidan bu yil pedagog va rahbar xodimlar mehnat ta’tiliga chiqmasligi, hatto ular haftaning yakshanba kunlari ham “Dolzarb 90 kun” tadbiri bo‘yicha ishlashlari kerakligi haqida topshiriqlar berilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa ushbu tashabbusni ilgari surishdan avval o‘quvchi va pedagoglar sog‘lig‘i va maktab infratuzilmasi yozning jazirama issiq kunlariga qanday dosh bera olishini o'rganib chiqmagan ko‘rinadi.
Bu ishlarni real holatda amalga oshirish imkoni bormi?
Bizningcha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ta’lim muassasalaridagi umumiy holatni batafsil o‘rganib chiqib, chuqur tahlillar o‘tkazib, shundan so‘ng aniq bir qarorga kelishi kerak edi.
Ya’ni, yoz oylarida maktablar faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yishning iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy masalalari va eng asosiysi ilmiy jihatlari to‘liq tahlil qilinib, ana shundan keyingina yozgi ta’til vaqtida maktablar faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq xulosalar chiqarilishi lozim edi.
Vazirlik “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini allaqachon boshlab yubordi
Xalqtaliminfo.uz ixtiyoriga kelib tushayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari tomonidan bu yil pedagog va rahbar xodimlar mehnat ta’tiliga chiqmasligi, hatto ular haftaning yakshanba kunlari ham “Dolzarb 90 kun” tadbiri bo‘yicha ishlashi kerakligi haqida tinimsiz topshiriqlar berilmoqda.
O'zbek