O‘zbekistonlik o‘qituvchilar yozgi ta’tilni qanday o‘tkazdi?

Yaponiyada maktab o‘qituvchisi darsdan tashqari vaqtda savdo do‘konida ishlagani uchun ishdan bo‘shatilgani haqidagi xabarni eshitgan bo‘lsangiz kerak.
Yaponiyada davlat xizmatchilari, xususan, o‘qituvchilarning asosiy ishidan tashqarida qo‘shimcha ish faoliyati bilan shug‘ullanishi qonun va kasb etikasidan chetga chiqish sifatida qabul qilinadi.
Yaponiyalik o‘qituvchi esa pedagogik majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarib kelgan bo‘lishiga qaramay, ishdan bo‘shatib yuborildi.
Xo‘sh, nega bu xabarni bugun yana yodga olyapmiz? Chunki, o‘zbekistonlik aksariyat o‘qituvchilar uchun darsdan tashqari vaqtda qo‘shimcha ishlarda ishlash odatiy holga aylanib ulgurgan. Sabab esa bitta — dars soatlarining yetishmasligi, oylik maosh kamligi.
Har yili yoz fasli kirib kelishi bilanoq ko‘pchilikda o‘qituvchilar uchun “dam olish mavsumi” boshlandi, degan tasavvur paydo bo‘ladi. Ammo, bu qanchalik haqiqatga yaqin?
So‘nggi paytlarda, ayniqsa, erkak o‘qituvchilarning yozgi ta’til paytida qo‘shimcha daromad topish ilinjida bozorga chiqayotgani, qurilishda ishlayotgani, haydovchilik qilayotgani yoki boshqa og‘ir yumushlar bilan band ekanligi haqida ko‘plab xabarlar qulog‘imizga chalindi.
O‘qituvchi ta’til vaqtida rostdan ham hordiq chiqardimi? Yoki ta’til vaqtida qo‘shimcha pul topish ilinjida turli xil ishlar bilan band bo‘ldimi?
“Muallimdan maktub” loyihasi doirasida biz o‘qituvchilarning yozgi hayoti qanday kechgani haqida ularning o‘zlaridan so‘rab, o‘qituvchilardan yetib kelgan kichik hikoyalarni bir joyga jamlashga harakat qildik.
O‘qituvchilardan minglab murojaat va hikoyalar yetib keldi. Maktublarning barchasini o‘qib chiqqan bo‘lsak-da, ularning barchasini bugungi maqolamizga sig‘dirishning imkoni bo‘lmadi.
O‘qituvchilarning yozgi hayoti haqida yozilgan ushbu maktublar ularning ichki kechinmalari, orzu va tashvishlarini yaqqol aks ettiradi. Quyida ana shunday hayotiy hikoyalardan ayrimlarini keltiramiz.
“Erkak o‘qituvchilar yozgi ta’til davomida turli xil mehnat qilishyapti: ayrimlar mardikorlik, ayrimlar qurilishda. To‘g‘ri ishlashning va mehnatning uyati yo‘q.”, - deydi Malikjon Xamraqulov.
“Erkak ustozlarga oson emas!” – “2*2=5” nomli foydalanuvchi
“Pedagogik faoliyatimga 22 yil bo‘ldi. Yoshim 40 da. 18 yoshimdan o‘qituvchilikni boshlaganman. 3 nafar farzandim bor. Ayolim zavodda, men esa maktabda ishlayman. Mehnat ta’tilida xitoyliklar ochgan ishlab chiqarish korxonasida yuk tashuvchi bo‘lib ishladim.
Kuniga 180 000 so‘m maosh. Hamkasbim jismoniy tarbiya o‘qituvchisi mahallada kimning uyida yollanma ish bo‘lsa narxini kelishib ishlab yurdi. Yana biri mol boqdi, geografiya ustozi esa fermerdan ijaraga yer olib dehqonchilik qildi. Hosili o‘xshasa sotib ijara pulini beradi.
O‘xshamasa qarzga kiradi. Shu narsani “tepadagilarga” yetkazing. O‘qituvchilar jamiyatda eng kam oylik oluvchilar ekan. Boshqa sohada ishga ketay desam, shuncha mehnatimni tashlab ketishga ko‘zim qiymaydi. Ketmay desam... Xullas, erkak ustozlarga oson emas!”
“Har yili daladan 20 gektarlab paxta chopiq olaman” – Sayimova Go‘zal
“Xalq ta’limi Info” kanalida “O‘qituvchi yozgi ta’tilda dam olyaptimi?” mavzusidagi bir jumlani ko‘rib qoldim, unda yozgi ta’tilda erkaklar qo‘shimcha pul topish uchun turli xil ishlar qilishmoqda deyilgan. Ayollar-chi?
Shu ayol ustozlardan biri men bo‘laman. Ta’tilda pul topish uchun har yili daladan 20 gektarlab paxta chopiq olib, farzandlarim bilan birga uch marta chopib, hattoki qo‘lda chekanka ham qilamiz.
Sizga nima zarur, deyishadi? Menda ham 4 nafar farzand bor, ular ham amaldorlarning bolalariga o‘xshab repetitorga borgisi, chiroyli kiyim kiygisi keladi. Mana shunday og‘riqli nuqtaga kerak qo‘shimcha daromad o‘qituvchiga.”
“O‘quv markazida ishladim” - Gulmira.
“Ta’tildа dam olish men uchun orzu bo‘ldi. Ishoning, o‘zim uchun atigi 4 kun dam olishni belgilay oldim. Kreditni to‘lashga pulni qanday topaman deb o‘ylab, es-hushimdan ayrilay deyapman. Ta’til davomida o‘quv markazida ishladim.”
“Oylik yetmasa, sog‘liq ham, hordiq ham yo‘q…” — Sevara Shernazarova
“Men maktabda MMIBDO‘ (Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari) lavozimida ishlayman. Yozgi ta’tilim 56 kun deb ko‘rsatiladi, lekin haqiqatda bu kunlar dam olish emas, balki imkon qadar o‘z sog‘ligimni tiklashga urinish bilan o‘tdi.
1-iyuldan rasmiy ta’tilga chiqdim. Yil davomida to‘plangan charchoq, bosim va sog‘lig‘imdagi og‘irlikni biroz bo‘lsa-da yengillashtirish niyatida edim. Ammo, bu ta’til menga chin dildan hordiq emas, oyoq og‘rig‘i va muammolari shifobaxsh yog‘lar bilan uy sharoitida davolanish, kamxarj vositalarni tanlash, tanamga quloq solish bilan o‘tdi.
Men bilan maslahatlashgan mutaxassis yordamida iloji boricha tabiiy yo‘llar bilan sog‘lig‘imni tiklashga harakat qildim. Chunki, shifokorga qatnash, tahlil topshirish, dorilar olishga moliyaviy imkon bo‘lmagan. To‘g‘risini aytaman, olgan ta’til pullarim yil davomida yig‘ilib qolgan qarzlarimizga ham yetmadi.
Farzandlarim yozgi ta’tilda qo‘shimcha dars olishadi. Men uchun ularning o‘qishi har qanday narsa, hatto o‘z sog‘lig‘imdan ham ustun turdi. Shuning uchun ba’zi qarzlarimni keyingi o‘quv yiliga surishga majbur bo‘ldik.
Yaqinda bir statistikani o‘qidim: ta’lim va tibbiyot sohasi hanuzgacha eng kam maosh olinadigan sohalar ekani aytilgan. Shunda yana bir bor yuragim ivishdi. Axir, oylikda muammo bo‘lmaganida, sog‘ligimga bu darajada beparvo bo‘lmasmidim? Menimcha, yo‘q.
O‘z vaqtida davolangan, charchoqni kamaytirgan, ovqatiga, hordig‘iga qaragan o‘qituvchi har jihatdan ko‘proq kuchga ega bo‘lardi. Chunki o‘qituvchilik shunchaki ish emas – bu yurakdan beriladigan hayot tarzi.
Yozgi ta’til — faqat nomi “ta’til”. Hattoki sog‘ligim yomonligi sababli maroqli hordiq ham chiqara olmadim. Endi yangi o‘quv yilini qanday boshlay olishimni o‘ylab, boshim qotgan. Tanam hanuz kuchsiz, yuragim esa toliqqan.
O‘qituvchining ovozini eshitadigan, yuragiga quloq soladigan tizimga ehtiyoj katta.
Shu kabi loyihalar, bu xatlarni o‘qiyotgan har bir mutasaddidan bir savol: “Biz o‘qituvchini faqat reja, hisobot, nazoratlar bilan baholaymizmi, yoki ularning jismoniy va ruhiy holatini ham anglay olamizmi?”
“Erkak o‘qituvchilarning ko‘pchiligi loy ishlarini qilishga majbur” - Shahnoza To‘xtayeva
“Men ham o‘qituvchiman. Dam olish uyda,uy ishlari bilan o‘tmoqda… Lekin, erkak o‘qituvchilarning ko‘pchiligi loy ishlari qilishga majbur. Oylik kamligi uchundir... Dars stavkasini kamaytirib, oylik oshirilsa yaxshi bo‘lar edi.”
“Loy blok - g‘isht quyib, biroz sarmoya to‘plashga harakat qildim” - Bahriddinovich.
“Yozgi ta’til shunchaki dam olish emas. O‘qituvchi maoshi oshdi (deyishyapti), biroz sezilganday bo‘ladi, lekin ehtiyojdan ortmaydi. Xullas gapirsa gap ko‘p....
Yozda yeng shimarib uy ishlaridan ortib, qo‘ldan kelgancha ustachilik qilib, loy blok - g‘isht quyib biroz sarmoya to‘plashga harakat qildim. Rosti, birinchi marta majbur bo‘ldim.
To‘g‘ri, halol kasbning uyati yo‘q, lekin ba’zi o‘quvchilarimiz shu yurishimizni ko‘rganda so‘rashishga iymanadi. O‘zim ham hijolat bo‘laman.
O‘g‘rilik yoki buzuqlik qilib, bir noma’qul ish qilganimdan emas, bilmadim, negadir g‘alati bo‘laman. Menga o‘xshagan o‘qituvchilar yuzlab, minglab topiladi.
Maosh va bozor narxi, qo‘shimcha ehtiyojlar o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘-e’tiborini (agar u bo‘lsa) yer bilan bitta qilayotgani bor gap. Afsus, ming afsus...”
“Erkak o‘qituvchilarning ko‘pchiligi qurilishda” – G‘ulom Aliyorov
“Men Surxondaryodanman, men bilan bilan ishlaydigan erkak o‘qituvchilarning ko‘pchiligi qurilishda yoki dehqonchilik bilan ta’tilni o‘tkazyapti, biz bundan nolimaymiz, shaxsan men qurilishda ishlayapman.”
“Dalada dehqonchilik qilyapmiz” - noma’lum murojaatchi
“Qo‘shimcha daromad olish maqsadida dalada dehqonchilik qilib yuribmiz. Kechasi dalaga suv olyapmiz.”
“Tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman” – Solijonov Yahyojon
“Men maktabda psixolog lavozimida ishlayman. Ishimdan nolimayman. Ishim menga yoqadi, ammo shunday vaqtlar bo‘larkan, erkak kishi ko‘p narsalarga majbur bo‘lar ekan. Masalan, kunduzi ham, kechasi ham ishlashga.
Yozgi ta’til esa aslida o‘qituvchilar uchun, ayniqsa erkak o‘qituvchilar uchun ayni daromad qilib olish vaqti deb o‘ylayman. Men ham xuddi shu qatori ishlab, o‘z daromadlarimni oshirmoqdaman.
Hozirda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqdaman. Men bilgan ustozlarning aksariyat qismi eng kamida taksichilik qilib kun ko‘rmoqda.
Chunki ular iyun yoki iyul oyida olgan “otpuska” pullarini allaqachon ishlatib bo‘lgan. Qisqa qilib aytganda, quruq oylikka hozir kun kechirib bo‘lmaydi.
Yana shuni aytmoqchimanki, erkak o‘qituvchilar nafaqat yozda, balki butun yil davomida qo‘shimcha ishlarda ishlaydi deb o‘ylayman. Aks holda yashash, oila boqish, qora qozonni qaynatish juda qiyin bo‘lib bormoqda.”
“Ta’tilda biznes qilyapman” – noma’lum murojaatchi
“Pomidor, tarvuz, qovun ekib sotaman. Bozordan mol, qo‘y olib, semirtirib qassobga pullayman, faqat oylik o‘zi bilan yashash qiyin.”
“Dolzarb 90 kunlik” deb, dam olishga imkon bo‘lmadi” — Bek
“Masalan, men bir kun ham dam olmadim. “Dolzarb 90 kunlik” deb, dam olishga imkon bo‘lmadi. Bilasiz, o‘zbek xalqi dam olish, ta’tilga chiqish deganda qurilish qilish yoki to‘y marosimlarni o‘tkazish deganidir. Bu gaplar u yoqda tursin, hatto o‘z farzandlarimizni ham faqat kechalari ko‘rmoqdamiz.
Ta’til puli esa arzimagan sariq chaqa chiqdi. Bu bilan nimadir bor qilish yoki biron narsa olishga yetarmidi. Shuni mutasaddilar bir o‘ylab ko‘rishsa, shunda hech bo‘lmasa yoshlar ongida o‘qituvchi kasbiga bo‘lgan hurmat va qiziqish ortarmidi...”
“Birorta o‘qituvchi dam olmaydi, ayollar ham, erkaklar ham” — Feruzaxon Abdurahmonova
“Ayniqsa, bu yil maktabga “Dolzarb 90 kun” deb, chaqirib olibdi. Bu nimasi? O‘qituvchilik kasbi boshqa kasblardan qiyin, ayniqsa bugungi kunda dam olmasa, davolanmasa qanday ishga qaytadi? Shu ta’tillarda uyda dam olsin. Erkaklar-ku ishlaydi, tinmaydi, oilasini boqishi kerak. Oylik oz, bozorlar qimmat.”
“Ta’til vaqtidagi tekshiruvlar asabimizni buzdi” — Muborakxon
“To‘g‘risi, yozgi ta’tilda dam oldik. Faqat ustama olgan o‘qituvchilarning hujjatlari har zamonda prokuratura tomonidan tekshirish ishlari o‘qituvchilarning asabini buzdi.
Hujjatlarimiz bir yilning o‘zida 4 marta tekshirildi va har safar u yerda kamchilik bor ekan, bu yerda kamchilik bor ekan deb, bizdan “dolya” olishadi. Endi 4 marta tekshirildi, kamchilik yo‘q deb o‘ylasak, yana bir kamchilik topishadi.
Bir marta tekshirilsa, bo‘ldi emasmi? Nega aynan ta’til vaqtida tekshirib, o‘qituvchining asabini o‘ynashadi? Bu hol qachongacha davom etadi? Bizning ta’til vaqtimiz yaxshi o‘tishi uchun o‘qituvchilarning hujjatlarini ta’til vaqtida tekshirishni to‘xtatishsa, yaxshi bo‘lardi.
Agar direktor jamg‘armasi hisobidan beriladigan ustamani belgilash raqamlashtirilsa, biz bunday muammolarga duch kelmasdik. Bemahal tekshiruvlar shirin ta’tilimizga garmdori sepganday bo‘ldi.”
“Ish va uy “remont” qilish bilan bandman” – Sherzodbek Raxmonov
“Men 70 km masofaga borib, informatika fanidan dars beraman. Oyligim menga yetadi. Faqat yozda men ham dam olmasdan, ish va uy “remont” qilish bilan bandman. Lekin nolimayman. Hayotda 5 yil o‘quvchilarim fan olimpiadasida tuman bosqichida g‘olib bo‘ldi.
6 nafar yetuk o‘zimning yo‘nalishim va sohamda shogird tayyorlab jamiyatga yetkazib berdim. O‘zim 50%lik ikkita xalqaro sertifikatim bor. Oilam bor. Ota-onam men uchun duoda, har doim. Korrupsiya maktablarda ham bor. Masalan, bizning maktabda ham.
Ish berishda va turli xarajat, tekshirish kelyapti, vazirlikdan, boshqarmadan deb, pul yig‘ib oladi. U xarajat, bu xarajat deb pul yig‘iladi. Ish berishda erishgan yutug‘iga qarab emas, kim ko‘p pulni berganga dars ko‘p beriladi.
Nega unday desangiz: Sizga bosim va har kamchilikni topib qattiq ezishga o‘tadi. “Remontga”ham, shu yili ham o‘quvchilardan 40 ming so‘mdan yig‘ib berdik. Kimki vazifalarni va yuqoridan kelgan topshiriqlarni bajargan o‘qituvchilar yaxshi bo‘lib qolmoqda.”
“Ustachilik qiladigan do‘stlarimga qo‘shildim” – Shuxratjon Abdulakov
“Ta’tilga chiqishim bilan qo‘shimcha ish izlay boshladim, sababi tushgan ta’til pullaridan 3 oylik kredit va to‘lovlarni oldindan to‘lab qo‘ygach, qo‘limda deyarli pul qolmadi, sanatoriyga bormoqchi edim, keyin hisoblasam, agar borsam qo‘limda pul qolmas ekan, shuning uchun ustachilik qiladigan do‘stlarimga qo‘shildim, erta tongdan kech sahargacha ishdaman.”
“10 oy eshakdek ishladim” – “Omad sari olg‘a” nomli foydalanuvchi
“Men pedagogman, maktabda jismoniy tarbiya fanidan dars beraman, ta’tilga chiqqan kunimdan beri qurilishda ishlayapman. Maqsad shu endi tirikchilik uchun. Nolimayman, xudoga shukur o‘qituvchilikdan, faqat biz o‘zbeklarda orzu-havas ko‘pmi bilmayman, oylikni zo‘rg‘a yetkazamiz yoki yo‘q.
Ta’til vaqtida dam olaman, 10 oy eshakdek ishladim, endi 1 oy yoki 1 hafta shohlardek dam olaman deyishga oylikdan orttirib qo‘ygan pulimiz yo‘q, shuning uchun ham ishlamasak bo‘lmaydi. Mayli, nima bo‘lsa ham shu yosh avlodga qo‘limizdan kelganicha ta’lim-tarbiya berishga bel bog‘laganmiz, bu yo‘lda davom etamiz.
Agar ta’lim sohasidan chiqib ketsak, aslida ko‘proq pul topamiz, lekin erkak pedagoglar kerak ta’limga, ayniqsa, maktab va kasb-hunar maktablariga. Shuning uchun ham xudoga shukur qilib yuribmiz.
Kim baxtli, dunyoda ertalab uyg‘onganida aniq maqsadi bor, ishi bor inson baxtli, uyqudan turib bugun nima qilay ekan deyishdan ko‘ra. Ta’lim tizimida yangiliklar ko‘p bo‘lgandi xudo xohlasa hali hammasi bundan-da ajoyib bo‘ladi, barcha hamkasblarimga omad va ta’tilni yaxshi o‘tkazib olishlarini tilayman.”
“Erkak ustozlar maktabdan boshqa ishlarga o‘tib ketishadi” – Khujaqulov Akrom
“Men Qashqadaryo viloyatidagi maktabda jismoniy tarbiya fanidan dars berib kelaman. Toifam oliy. Yozgi ta’til har yilgidek juda og‘ir yuklama ostida o‘tdi. Bir guruh hamkasblarimiz bilan birgalikda yollanma ishchi bo‘lib ishladik (ustachilik, quruvchilik).
Kun juda issiq, ish esa og‘ir. Menimcha, erkak o‘qituvchilarning maoshini oshirish kerak, aks holda erkak ustozlar maktabdan boshqa ishlarga o‘tib ketishadi. O‘zim ham shu haqda anchadan beri o‘ylab yuribman.”
“Shu yil yoz faqat maktab guruhini kuzatish va yangi jadvallarni to‘ldirish bilan o‘tdi” – Robiya Raximova
“Hattoki ta’til bo‘lishiga qaramay, mudir, turli ishchi guruhlar maktabning o‘quv yiliga tayyormi yo‘qmi tekshirishdi, xonalar changi artilmagan deb, sinf rahbarlari ta’tilda chaqirilib, xonalarni tozalatishdi.
Menimcha, avgust oyida ishga chiqqanimizda bu ishlarni bemalol qilishimiz mumkin, deb o‘ylayman. Yuqoridagilarning bu ishini to‘g‘risi, tushunolmayman.”
“Ta’tilni maktabda to‘garak o‘tish bilan o‘tkazyapman” – Orifjon Ahadovich
“Men 25 yildan buyon o‘qituvchilik qilaman. Juda ko‘plab shogirdlar chiqardim. Kasbimdan nolimayman. To‘g‘ri,i maoshi past bu oydan bu oyga yetmaydi, orttirib biror katta ish qilib bo‘lmaydi, ammo qora qozon qaynab turibdi.
Lekin biz o‘qituvchilarning eng katta yutug‘imiz ertaga narigi dunyoda sirot ko‘prigidan o‘tayotganimizda biz chiqargan shogirdlarimiz poyimizga poyandoz bo‘ladi. Yozgi ta’tilga kelsak, men shaxsan o‘zim maktabda to‘garak o‘tish bilan o‘tkazyapman.
Buni men rasmga tushib yuqoriga ko‘zbo‘yamachilik uchun yuborishga emas, balki vijdonan o‘tyapman. 15 nafar o‘quvchining ko‘chada vaqtini behudaga sarflab yurmasdan biror narsa o‘rganayotganligidan huzurlanyapman. Men shu ish faoliyatim mobaynida o‘z fikrim va o‘z bilimimga tayanib kelmoqdaman.
O‘quvchilar va ota-onalar oldida hurmatim baland. Eng asosiysi Allohimning oldida yuzim yorug‘. Allohim, olayotgan maoshimizni xalolidan berib, barakasi bilan bersin.
To‘g‘ri, maoshimizdan dang‘illama uylar qura olmayapmiz, allambalo mashinalar minolmayapmiz, lekin boqiy dunyomizni obod qilyapmiz, deb o‘ylayman.
Hayotda shifokor bilan o‘qituvchi xato qilishga haqqi yo‘q. Shifokor xato qilsa o‘lim, o‘qituvchi xato qilsa kelajakka xiyonat deganidir. Zero, bandasining emas, Allohimning nazaridan chetda qolmaylik. Butun o‘zbekistonlik o‘qituvchilarga sharafli va mashaqqatli ishlarida ulkan-ulkan zafarlar tilayman.”
“Sentyabrgacha charchagan ustozlardan nima kutish mumkin?” – Saltanat Safarova
“Ta’til - bu dam olish degani emas. Ayniqsa, erkak ustozlar uchun! Men maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosariman.
Men tanigan va jamoamizdagi erkak ustozlarning hammasi ta’tilda qo‘shimcha ish olgan. Aksariyati qurilishda ishlayapti, mashinasi bori kira qilyapti.
Sentyabrgacha xorijga ketganlari ham bor. Chunki ta’til pulini oldi va kreditga to‘ladi. Kimdir qiz chiqarishi kerak, kimdir o‘g‘liga to‘y qilishi kerak, kimdadir kontrakt bor.
Yangi o‘quv yiliga farzandiga kiyim-kechak deganday. Hech biri ta’tilda dam olgani yo‘q. Sentyabrgacha charchagan, muammolarini yecha olmay qiynalib yurgan ustozlardan nima kutish mumkin?”
Yozgi ta’til — o‘qituvchi uchun dam olish emas, qo‘shimcha pul ishlab olish mavsumiga aylanib ulgurgan. Tizimdagi muammolar, past maosh va dars soati yetishmovchiligi pedagoglarni majburan qo‘shimcha daromad topishga undayapti. Ayrim hollarda esa “yuqoridan” tushayotgan topshiriqlar, turli hisobotlar va tadbirlar o‘qituvchining ta’tilini ham xotirjam o‘tkazishga yo‘l qo‘ymayapti.
Biz “Muallimdan maktub” loyihasi orqali ta’tilni kimdir bozorda, kimdir qurilishda, kimdir esa o‘z farzandlariga ham vaqt ajrata olmay yozgi ta’tilni o‘tkazgan o‘qituvchilarning hikoyalarini tingladik. Ularning har biri bir hikoyasi haqiqatni ko‘rsatadi: o‘qituvchining hayoti televizorda ko‘rsatilgandek silliq va baxtli emas.
Bu hikoyalar orqali biz nafaqat o‘qituvchining og‘ir mehnatini yoritishga harakat qildik, balki ta’lim siyosatini belgilovchi shaxslarga ham o‘qituvchining haqiqiy hayoti qandayligini ko‘rsatib, ularning yuziga oyna tutmoqchi bo‘ldik.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

O‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish jarayoni boshlandi

Sanitariya talablari buzilgani uchun ayrim xususiy bog‘chalar yopildi

Jizzaxdagi bog‘chada zaharlangan bolalardan 4 nafari shifoxonada qolmoqda

Vazirlik attestatsiya bo‘yicha yana bir sud ishida javobgar sifatida ishtirok etadigan bo‘ldi
Mavzuga doir yangiliklar

Nihoyat, vazirlik “Dolzarb 90 kun” tadbirlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi
Vazirlikning tahririyatimizga yo‘llagan rasmiy javob xatida ta’kidlanishicha, yozgi ta’til vaqtida hech bir pedagogning mehnat huquqlari buzilmasligi nazarda tutilgan.

“Dolzarb 90 kun” tadbirini deb, direktorning boshi baloga qoldi...mi?
“Dolzarb 90 kun” tadbirini o‘tkazgan maktab direktori chaqirtirlidi. Aslida, tadbirga taniqli olimlar, yozuvchilar ham taklif qilingan. Shuningdek, maktab direktori Rustam Abduvohidovning tashabbusi bilan “Yoshlar festivali” ham tashkil etilgandi.

Vazirlik “Dolzarb 90 kun” tadbirlari yakuni bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi
Ammo vazirlik “Dolzarb 90 kun” tadbirlarga o‘z ixtiyori bilan qatnashgan pedagoglarni bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish masalasiga to‘xtalib o‘tmagan.

“Dolzarb 90 kun” tadbirlari yakunlandi
Joriy yilning 31-may kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi respublika bo‘ylab barcha hududlarda o‘quvchilarning yozgi ta’til davomidagi vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Dolzarb 90 kun” tadbirlari boshlanganini rasman e’lon qilgandi.
Izohingizni tahrirlang