“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlariga 27 mingdan ortiq IIV xodimlari jalb etiladi

O‘zbekistonda 24-may kuni o‘tkaziladigan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida xavfsizlikni ta’minlashga jami 27 mingdan ortiq IIV, Milliy gvardiya, FVV xodimlari va harbiy xizmatchilari jalb etiladi. Bu haqda Daryo.uz nashri xabar berdi.
24-may kuni “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayram tadbirlari respublikada faoliyat olib borayotgan 10 mingdan ortiq muassasada maktab o‘quvchilari, ota-onalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida keng nishonlanishi belgilangan. Ushbu ta’lim muassasalarida 1-sinf, 9-sinf, 11-sinf bo‘lgan jami 2 milliondan ortiq bitiruvchi ishtirok etishi kutilmoqda.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonovaning ma’lum qilishicha, tadbir o‘tkaziladigan ta’lim muassasalari tegishli mutasaddi idoralar xodimlari tomonidan to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilib, qo‘riqlash pultiga ulangan. Videokuzatuv kameralari esa hududiy ichki ishlar organlarining situatsion markazlariga integratsiya qilingan.
Bundan tashqari, maktablarda o‘quv yili yakunlanishi munosabati bilan yoshlar xiyobonlar va istirohat bog‘lariga hordiq chiqarish uchun kelishlari kutilmoqda. Ushbu joylarda xavfsizlikni ta’minlashga jami 5 mingdan ortiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiy xizmatchilar xizmatga biriktirildi.
Hududlardagi bevosita yo‘l chetida joylashgan maktablar oldida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida YPX inspektorlari kuchaytirilgan tartibda xizmat olib boradi. Maktablarning joylashgan joyiga qarab transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi. Shu kuni imkon qadar barchaga jamoat transportida harakatlanishlari tavsiya etiladi.
Barcha ota-onalar va kattalardan bitiruvchilarning yarim tungacha istirohat bog‘larida yurishlari, spirtli ichimlik, tamaki mahsulotlari va taqiqlangan moddalarni iste’mol qilishlari, ko‘chalarda guruh-guruh bo‘lib kortejlarda yurishlari, avtomashina, skuter, samokatlarni olib boshqarishlari, anhor, kanal va cho‘milish havzalarida suzishlari, o‘zlarining yonlarida tig‘li kesuvchi, sanchuvchi hamda boshqa inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan buyumlarni olib yurishlariga yo‘l qo‘ymasliklari so‘raldi.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari
2025-yil 21-may kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2024-2025-o‘quv yilini yakunlash va “Ilm – eng buyuk sharaf!” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risidagi 592-xdfu xati imzolandi.
Vazirlikning ushbu ko‘rsatma xatida aytilishicha, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-may kungi VM-21/25-93-sonli bayoniga asosan tashkil etilmoqda.
Ushbu ko‘rsatmada umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini joriy yilning 24-may kuni ertalab soat 8:00 dan 9:00ga qadar tashkil etish belgilangan.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

O‘zbekiston ilk bor Polsha Ta’lim vazirligi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi

O‘zbekiston bolalar mehnatiga butunlay barham bergan davlat sifatida e’tirof etildi

Pedagog xodimlar 1-avgustdan boshlab oshirilgan miqdorda maosh oladilar

Nihoyat, vazirlik “Dolzarb 90 kun” tadbirlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi
Mavzuga doir yangiliklar

Oddiy maktablarda taqiqlangan “Bitiruv oqshomi” Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi maktablarda o‘tkazilgani aytilmoqda
Oddiy maktablarga “Bitiruv oqshomlari”ni o‘tkazmaslik bo‘yicha qat’iy ko‘rsatma bergan bir vaqtda ayrim Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda kunning kechki vaqtida “Bitiruv oqshomlari” o‘tkazilgani haqida xabar tarqaldi.

5-sinf o‘quvchisi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiriga mashina haydab bordi, ayrim o‘quvchilar spirtli ichimlik ichgan
24-may, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” kuni o‘quvchilar tomonidan avtomobil boshqarish bilan bog‘liq 256 ta holat aniqlandi. Achinarlisi, o‘quvchilar orasida ushbu tadbirga spirtli ichimliklar iste’mol qilib borganlari ham topildi.

Bu yil maktablarini 450 mingdan ortiq o‘quvchi tamomladi
2024/2025-o‘quv yilida 10 146 ta umumta’lim maktabining 9-sinfini 632 946 nafar, 11-sinfini 451 073 nafar o‘quvchi tamomladi.

Nihoyat, vazirlik “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bo‘yicha rasmiy ko‘rsatma berdi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu yil “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirini o‘tkazish haqidagi ko‘rsatma xatni negadir jamoatchilikdan sir tutish maqsadida faqatgina xizmat doirasida foydalanilish shaklida imzoladi.
Izohingizni tahrirlang