Top.Mail.Ru
Toshkentda maktab avtobuslarini ishga tushirish taklif qilindi

Toshkentda maktab avtobuslarini ishga tushirish taklif qilindi

16:37 / 15.08.2025 54
Toshkentda tirbandlikni kamaytirish uchun maktab avtobuslarini ishga tushirish taklif qilindi. Biroq YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimovning aytishicha, shahar maktablariga o‘quvchilarning nafaqat poytaxtning turli tumanlari, balki viloyatdan ham kelishi loyihani amalga oshirishni qiyinlashtiradi.

Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining 12-avgustdagi sessiyasida poytaxtda maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar berdi.


Yig‘ilish ishtirokchilaridan biri 25-maydan boshlab shahar ko‘chalarida tirbandlik sezilarli darajada kamaygani, o‘quv yili tugaganidan keyin ota-onalar farzandlarini maktabga olib borishni to‘xtatganini ta’kidladi.


Bir qator mamlakatlarda maktab avtobuslari yoki avtobuslar o‘quvchilarni qat’iy belgilangan hududdan olib ketish tizimi mavjud. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar bitta avtobusda 20−30 nafar bola maktabga kelsa, bu yo‘llarda 20−30 ta mashina kamayishini anglatadi.

“Demografik holat bo‘yicha o‘quvchilar soni va maktablar oshib bormoqda. Shu narsani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan gaplashib, birgalikda ishlash kerak”, — dedi u.

Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimovning ma’lum qilishicha, mazkur masala o‘rganilgan, biroq amalga oshirishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.


“Toshkent maktablariga hozir Toshkent viloyatidan ham kelishadi. 15 ta tuman bo‘lsa, u yerdan ham kelishadi. Imkoniyat yo‘q. Yunusobod tumaniga eng yaqin Toshkent tumanidan bolalarini olib kelishadi. Hamma poytaxt maktablariga kirishga harakat qilmoqda, shu bois bir hududdan bolalarni yig‘ish qiyin bo‘ladi. Bu taklifni o‘rganamiz”, — dedi YHXB vakili.
Eslatib otamiz, avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining iqtisod qilingan mablag‘lari hisobidan Samarqand viloyatining olis hududlarida (qariyb 300 km uzoqlikda) joylashgan maktablariga 17 ta “Maktab avtobuslari” xarid qilingandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Maktab avtobusi

Ulashish