Top.Mail.Ru
Vazir E’zoza Karimovaga deputatlik so‘rovi yuborildi

Vazir E’zoza Karimovaga deputatlik so‘rovi yuborildi

11:05 / 18.10.2025 397

Yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish hamda Nurotadagi maktablar holati bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatlari Sayyora Imamova hamda Kozim Tojiyevlar tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimovaga deputatlik so‘rovi yuborildi.




Ma’lumki, fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga faqatgina B2 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikat egalariga topshirishga haqli.


Shuningdek, mazkur sertifikat egalariga test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani kiritilgan barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball berilishi nazarda tutilgan.


Amaliyotda, maktab bitiruvchilarining aksariyati (qo‘shimcha darslarga qatnashishni hisobga olgan holda) chet tillarini (ingliz, rus, fransuz, nemis va boshqa) B1 darajada o‘zlashtirmoqda, bu esa OTMlarga kirishdagi talabdan past.


Ma’lumotlarga ko‘ra, OTMlarning kunduzgi ta’lim shaklida umumiy qabul parametrlari doirasida qolgan vakant o‘rinlari 19 279 tani tashkil etgan, shundan qariyb 1000 tasi filologiya va tillarni o‘qitish, tarjima nazariyasi va amaliyot hamda xorijiy til va adabiyot yo‘nalishlariga tegishlidir.


Yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish borasida umumiy ta’lim muassasalarida chet tiliga o‘qitish darajasi OTMlarga o‘qishga qabul qilishdagi chet tiliga qo‘yilgan talabga mutanosibligini va mazkur masalani yoshlar manfaatida hal etish bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputati Sayyora Imamova tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimovaga “deputat so‘rovi” yuborildi.


Qonunchilik palatasi deputati Kozim Tojiyev tomonidan esa Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi maktablar bo‘yicha ikkita deputat so‘rovi yo‘llandi.


Birinchi so‘rovda, Nurota tumanining 12 ta maktabida 18 ta komplekt sinf mavjud bo‘lib, ularda jami 247 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgani keltirilgan. Bu maktablar asosan chekka, tog‘li va cho‘l hududlarida joylashgan bo‘lib, o‘quvchilar soni belgilangan me’yorga yetmaydi.


Natijada, bir sinf xonasida 2 ta turli sinf (masalan, I va III, II va IV) o‘quvchilari birga o‘qishga majbur bo‘lmoqda. Ota-onalar va o‘qituvchilar tomonidan birinchi sinf o‘quvchilarining fanlarni o‘zlashtirishiga bu xol salbiy ta’sir ko‘rsatishi bildirilgan.


Ikkinchi so‘rovda, Hukumatning 2019-yildagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatda Nurota tumanidagi “Qadok” va “Qizilcha” mahallalaridagi maktablarda boshqa hududlardan kelib ishlovchi o‘qituvchilar uchun maxsus ustama berilishi nazarda tutilganligi keltirilgan.


Biroq, 2022-2023-yillarda “Qadok” mahallasi hududida “Bo‘ston”, “Qizilcha” mahallasida esa “Tinchlik” nomi bilan yangi mahallalar tashkil etilgan. Natijada, 6 ta maktab yangi mahallalar hududiga ko‘chirilgan.


Yangi mahallalar Hukumat qaroridagi ro‘yxatda yo‘qligi sababli mahalladagi  maktablarda ishlovchi o‘qituvchilarga maxsus ustama berilmay kelinmoqda. Deputat vazirlikdan mazkur masalalarni o‘rganib chiqib, tegishli choralar ko‘rishni so‘ragan.


Endilikda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 10 kunlik muddat ichida Qonunchilik palatasi deputatlarining so‘roviga javoban tegishli ma’lumotlarni taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Parlament so'rovi
  • E'zoza Karimova

Ulashish