Top.Mail.Ru
Yangi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ilk bor ko‘rinish berdi

Yangi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ilk bor ko‘rinish berdi

09:00 / 06.08.2025 1.36k

Yaqinda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlangan E’zoza Karimova tayinlovdan 6 kun o‘tib, ilk bor ko‘rinish berdi.


U kecha, 5-avgust kuni vazir o‘rinbosarlari, vazirlik mas’ullari, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida navbatdagi “Vazir soati”ni o‘tkazdi.


O‘tkazilgan “Vazir soati”da deyarli yangi tashabbuslar ilgari surilmagan. U o‘zidan oldingi sobiq vazir Hilola Umarova davrida olib borilgan odatiy ishlar yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatma berish bilan cheklangan.


Uchrashuvda Pedagogik mahorat markazlarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati, to‘rtinchi “Ustozlar forumi”ni o‘tkazish, darsliklarni joylarga yetkazib berish va taqsimot jarayonlari, pedagoglar ishtirokida o‘tkazilgan diagnostikasi natijalari atroflicha muhokama qilindi.


“Mahoratli o‘qituvchi – millat tayanchi” shiori ostida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan an’anaviy to‘rtinchi “Ustozlar milliy forumi”ga puxta tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari haqida so‘z bordi.


Mazkur Forumning respublika bosqichida 210 nafar ilg‘or o‘qituvchi va tarbiyachi ishtirok etadi. So‘ng kaskad usulida 13-14-avgust kunlari 14 ta viloyatda, 19-20-avgust kunlari 208 ta tuman (shahar)da, 25-29-avgust kunlari barcha ta’lim tashkilotlarida tashkil etiladi.


Tadbir doirasida yangi o‘quv yiliga qadar darsliklarning joylarga yetkazib berish va qayta taqsimlash bo‘yicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.


Mas’ullarga joriy yilgi maktab darsliklarining buyurtma ma’lumotlarini “Raqamli kutubxona” elektron tizimiga to‘liq kiritish hamda darsliklarni hududlar o‘rtasida qayta taqsimot qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.



Shuningdek, “Raqamli kutubxona” elektron tizim orqali darsliklarni maktablarga yetkazish jarayonlarini monitoring qilib borish, utilizatsiya qilishga doir tizimni takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.


Shuningdek, o‘tgan yildan boshlab attestatsiyada ishtirok etmagan pedagoglarni alohida diagnostikadan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.


Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Qashqadaryo, Xorazm, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari mas’ul xodimlariga o‘tkazilgan diagnostika natijalari asosida manzilli ishlarni olib borish, ushbu jarayonlar tashkil etilmagan hududlar o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, diagnostikadan o‘tkazish vaqti bo‘yicha taklif kiritish vazifasi berildi.


Shuningdek, avgust oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdan tashqari kasbiy sertifikatlash sinovlarini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar berildi.



Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • E'zoza Karimova

Ulashish