Top.Mail.Ru
Yangi yilga sinfxonani bezatmagan o‘qituvchini jazolash to‘g‘rimi?

Yangi yilga sinfxonani bezatmagan o‘qituvchini jazolash to‘g‘rimi?

23:19 / 13.12.2025 1.78k

Savol

O‘qituvchilar sinf xonalarni yangi yilga bezatmagani uchun javobgarmi? Biror chora ko‘rishga direktor yoki hokimiyat haqlimi?


Javob

Odatda ta’lim muassasalarida Yangi yil bayrami tadbirlarini qiziqarli tashkil etish maqsadida har yili Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ta’lim tashkilotlari hududi, binosi hamda sinf xonalarini tartibga keltirish, ta’lim tashkilotlari hovlisidagi tabiiy archani (mavjud bo‘lsa) o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar qo‘l mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bilan bezatish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar beriladi.


Shuningdek, ta’lim tashkilotlari foyesi, faollar yoki sport zallarini o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar qo‘l mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bilan bezatish, bayram tadbirlarini ta’lim tashkilotlari hududida, qiziqarli tarzda tashkil etish va ta’lim muassasasi hududini bayramona bezatish bo‘yicha tavsiyalar ham beriladi.


Bunda Yangi yil bayramini nishonlash bahonasida o‘quvchilar va pedagog xodimlar tomonidan noqonuniy pul yig‘imlarini tashkil etish, Yangi yil bayramini restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalarida o‘tkazish, shuningdek, o‘quvchilar, ularning ota-onalari tomonidan bayram munosabati bilan ta’lim tashkiloti rahbariyati va pedagog xodimlarga turli xil sovg‘alar taqdim etish qat’iyan taqiqlanadi.


Ammo, vazirlik tomonidan beriladigan mazkur ko‘rsatmalar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlariga hech qanday majburiyat yuklamaydi.


Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023-yil 27-iyundagi 190-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan sinf rahbarlari yo‘riqnomasida ham ularga sinfxonalarni bezatish bo‘yicha majburiyat yuklanmagan.


Shu sababli, sinf xonalarni yangi yilga bezatmagan sinf rahbarlariga nisbatan hech qanday jazo choralari qo‘llanilmaydi.

Izohlar 3

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Yangi yil

Ulashish