Top.Mail.Ru
“2025-yil maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari uchun xushxabarlarga boy bo‘ladi” – Hilola Umarova

“2025-yil maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari uchun xushxabarlarga boy bo‘ladi” – Hilola Umarova

13:12 / 31.12.2024 4.90k

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ta’lim tizimi xodimlariga Yangi yil bayram tabrigini yo‘lladi.

“Men ishonaman, kirib kelayotgan 2025-yil ham barcha yurtdoshlarimiz qatorida maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari uchun ham unutilmas, xayrli voqealarga, xushxabarlarga boy bo‘ladi”, deydi Hilola Umarova.

Avvalroq vazir Umarova 2025-yilda ta’lim sohasida amalga oshiradigan rejalari haqida ma’lum qilgandi. Xo‘sh, yangi 2025-yilda ta’lim sohasini yana qanday islohotlar kutmoqda?


Vazir Hilola Umarovaning Yangi yil bayram tabrigi

Barchangizni kirib kelayotgan yangi — 2025-yil bilan samimiy tabriklayman va o‘zimning eng ezgu tilaklarimni bildirib qolaman.

Yakunlanib borayotgan yilda maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga doir qator muhim o‘zgarishlarga birgalikda guvoh bo‘ldik. Davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan izchil islohotlar natijasi mamlakatimizning har bir hududida kechayotgan o‘zgarishlarda, har bir pedagog faoliyatida o‘z aksini topmoqda, desam adashmagan bo‘laman.

Joriy yilda birgina O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligi fidoyi kasb egalari bo‘lgan o‘qituvchilar - hamkasblarimiz uchun katta yangilik bo‘ldi. Unda pedagoglar nufuzini, sha’ni va qadr-qimmatini yanada yuksaltirish, huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mustahkam qonuniy asoslar belgilandi.

Hurmatli ustozlar!

Men ishonaman, kirib kelayotgan 2025-yil ham barcha yurtdoshlarimiz qatorida maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari uchun ham unutilmas, xayrli voqealarga, xushxabarlarga boy bo‘ladi.

Bizning maqsadimiz aniq: ertamiz egalarini barkamol tarbiyalash uchun sidqidildan ishlash, ta’lim sifatini oshirish, soha rivojiga munosib hissamizni qo‘shish. Ushbu mas’uliyatli va sharafli yo‘lda barchangizga katta kuch-g‘ayrat tilab qolaman.

Sizlarga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, kasbiy muvaffaqiyatlar hamisha hamroh bo‘lsin! Yangi yil yana bir bor muborak bo‘lsin!

Hilola Umarovaning 2025-yildagi sohaga doir eng muhim rejalari


Xabaringiz bor, joriy yilning 24-dekabr kuni vazir Hilola Umarova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 2025-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar bo‘yicha axborot bergandi.


Hilola Umarova taqdimotda keltirib o‘tilgan sohaga doir eng muhim rejalari haqida rasmiy telegram sahifasida ham ma’lumot bergandi.

2025-yilda ta’lim sohasida amalga oshiriladigan ishlar 


  • Yangi baholash tizimi joriy etilgan umumta’lim maktablar soni 1 500 tadan 3 000 taga yetkaziladi va 257 nomdagi yangi darslik majmualari yaratiladi;


  • Ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan umumta’lim maktablar soni 420 taga, kasb-hunarga o‘rgatiladigan umumta’lim maktablar soni 400 taga yetkaziladi;


  • Xorijdan jalb qilingan chet tili fani mutaxassislari soni 2 000 nafarga yetkaziladi;


  • Xususiy maktablar soni 700 taga va ulardagi o‘quvchilar qamrovi 150 ming nafarga yetkaziladi;


  • Investitsiya dasturi doirasida 26 ta yangi umumta’lim maktabi qurilishi va 320 tasini  rekonstruksiya qilish orqali 120 943 nafar, shuningdek 54 ta pedagogik kollej binosini umumta’lim maktabiga aylantirish orqali 32 905 nafar o‘quvchi o‘rni yaratiladi;


  • 2025-2026-o‘quv yilida Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 58 ta umumta’lim maktabi qurish ishlari boshlanib, 72 ming nafar yangi o‘quvchi o‘rni yaratiladi;


  • Mamlakatimizning 4 ta hududida yangi ixtisoslashtirilgan maktab, 9 ta hududida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab, Toshkent viloyati, Chinoz tumanida Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;


  • Yurtimizning 208 ta tuman (shahar)ida “Jasorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;


  • 4 500 ta umumta’lim maktabida “Iqtidor” maktab ansambli, 5 000 ta umumta’lim maktabida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klubi tashkil etiladi hamda “Turon” maktab teatri tashkil etilgan umumta’lim maktablar soni 5 000 taga yetkaziladi;


  • 6 200 ta sport klubi tashkil etiladi va ularga 1 mln nafar o‘quvchi qamrab olinadi;


  • “Yashil maktabim” o‘quvchilar ekologik harakati doirasida 2 530 ta umumta’lim maktabida yashil bog‘ barpo etiladi;


  • “Ta’lim barcha uchun teng” tamoyili asosida inklyuziv ta’lim tizimi joriy etilgan umumta’lim maktablar soni 1 900 taga yetkaziladi, shuningdek ushbu tizim 208 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida joriy etiladi;


  • Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasi, Abu Rayhon Beruniy xalqaro kimyo olimpiadasi va Buyuk Sharq Renessansi xalqaro olimpiadasi (jami 3 ta) o‘tkaziladi;


  • Hududiy pedagogik mahorat markazlarida 120 ming nafar, KRK” va “KRS” tadbirlari orqali 370 ming nafar maktabgacha va maktab ta’limi tizimi pedagoglari malakasi oshiriladi;


  • Umumta’lim maktablarining 2 ming nafar amaldagi direktori va 1 500 nafar direktorlikka nomzod kadrlar,  maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 1 500 nafar amaldagi direktori va 750 nafar direktorlikka nomzod kadrlar menejerlik kursida o‘qitiladi;


  • Umumta’lim maktablariga pedagog kadrlarni maxsus platforma orqali tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;


  • Maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 78 foizga yetkaziladi. Buning uchun 162 ta davlat, 100 ta DXSH asosida va 1 000 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil qilinadi va bu orqali 83 ming nafar yangi bola o‘rni yaratiladi;


  • Maktabga tayyorlov guruhlari sonini 28 519 taga yetkazish orqali 798 ming nafar tarbiyalanuvchi qamrab olinadi va qamrov ko‘rsatkichi 98 foizga yetkaziladi;


  • Islom taraqqiyot banki va OPEK jamg‘armasi kredit mablag‘lari hisobidan 200 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, 30 ming bola o‘rni yaratiladi;


  • 6 892 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini to‘liq raqamlashtirish orqali bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovini elektron hisobga olish, oziq-ovqat xarajatlarini natura shaklida elektron tarzda hisoblash imkoniyati yaratiladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xilola Umarova
  • Yangi yil

Ulashish