O'qituvchining oyligidan tortib, maktab formasi va maktab darsliklarigacha
Kecha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan matbuot anjumanida pedagoglar maoshi, maktab formasi, darsliklar masalasi, noqonuniy egallab olingan maktab binolari, shuningdek, fan olimpiadachilariga beriladigan imtiyozlar kabi bir qator dolzarb savollarga vazir va uning o‘rinbosarlari batafsil javob berishdi.
Bizning faoliyatimiz har bir xonadonda har kuni muhokama bo‘ladi
Matbuot anjumanini ochib bergan Hilola Umarova jurnalist va blogerlarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi:
“Bizning tizim juda katta – maktablarimizda 6 yarim milliondan ortiq o‘quvchi, maktabgacha ta’lim tashkilotlarimizda 2 milliondan ortiq bog‘cha bolasi, texnik xodimlarni qo‘shib hisoblaganda bir millionga yaqin pedagog jamoamiz bor.
O‘quvchilar va bog‘cha bolalarimizning ota-onalari bilan ham bevosita ishlaymiz. Bu degani, bizning kundalik faoliyatimiz deyarli har bir xonadonda har kuni muhokama bo‘ladi.
Aytmoqchi bo‘lganim, vazirlik tizimi faoliyati hammaning yaqqol ko‘z ongida turadi. Mazkur jihat bizni yanada mas’uliyat bilan ishlashga undaydi, albatta”, – deya o‘z fikrini bildirdi.
Noqonuniy egallab olingan maktab binolarini qaytarib olyapmiz
Anjumanda maktab yer maydonlarini noqonuniy egallash holatlari bo‘yicha ham savol berildi.
“Ochig‘ini aytishimiz kerak, bunday holatlar tizimga begona emas. Ayniqsa, 2019-2022-yillarda tizimdagi 279 ta maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida noqonuniy ravishda 470 ta holatda 93,6 gektar yer maydoni fuqarolar va mahalliy hokimliklar qarori asosida o‘zlashtirilgan.
Bugungi kunda, 256 ta holat bo‘yicha Fuqarolik va ma’muriy sudlarga da’vo arizalari kiritilib, 189 ta sud qarorlari tizim foydasiga qanoatlantirildi. 58 ta obyekt maktablar balansiga to‘liq qaytarilgan. Birgina misol, Qo‘qon shahridagi 27-maktabni olaylik. Maktab binosini ikkita tashkilot noqonuniy ravishda egallab olgan.
Vazirlikning pozitsiyasi aniq, biz maktablarni to‘liq qaytarib olishni xohlaymiz. Hozirda bu borada harakatlar olib borilyapti” – deya munosabat bildirdi Hilola Umarova.
Darsliklar bilan ta’minlash yo‘nalishida raqamli tizim yaratilmoqda
Anjumanda ishtirok etayotgan bloger Zafar Solijonov darsliklar bilan ta’minlash mavzusida savol berdi:
Siz vazir bo‘lishingizdan oldin darsliklar masalasi ancha muammo bo‘lgan. Murojaatlar soni ham ko‘p edi. Hozir vaziyat yaxshilandimi? Darsliklar bilan ta’minlash bo‘yicha ma’lumot bersangiz? Muammolar bormi yoki muammolar to‘liq bartaraf etildimi?
Unga quyidagicha javob berildi:
“Haqiqatan, eng ko‘p muhokama bo‘ladigan mavzulardan biri. Umuman olganda, darsliklar yetkazib berish masalasi bo‘yicha may oyida reja tasdiqlanadi. Ya’ni, har bir hudud o‘z ehtiyoji asosida buyurtma beradi. Vazirlik buyurtmalarni muvofiqlashtiradi va o‘quv yili boshlanishiga qadar yetkazib beradi.
Sentyabr oyida ham ba’zi o‘quvchilar maktabini o‘zgartirishi mumkin, darslik esa o‘sha o‘quvchining eski maktabiga etkazilgan bo‘ladi. Shuning uchun ba’zi maktablarda darslik ortib qoladi, ba’zi maktablarda darslik yetmay qoladi. Bu vaziyatlar turli tushunmovchiliklarni yuzaga keltirishi mumkin.
Biz buni inobatga olib, operativ ishlash uchun har bir hududda shtab tashkil qildik va muammolarni joyida hal qilishga harakat qilamiz. Yana shuni aytib o‘tishim joizki, hozirda darsliklar bilan ta’minlash yo‘nalishida raqamli tizim yaratilmoqda. Bu endilikda mavjud muammolarni yanada tezkor hal qilishimizga imkon yaratadi”, — dedi Hilola Umarova.
Maktab formasi bo‘yicha talablarni kim belgilaydi?
Matbuot anjumanida ko‘p muhokama bo‘ladigan navbatdagi masala – maktab formasi bo‘yicha ham savol berildi.
“Bugungi kunda maktab formasi bilan bog‘liq masalalar ko‘p muhokama qilinmoqda. Bilamizki, o‘quvchilarning maktab formasi va uni kiyishga bo‘lgan yagona talablar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi 666-sonli qarori bilan tartibga solingan.
Shuningdek, vazirlikning 2023-yil 31-avgustdagi 282-sonli buyrug‘i bilan o‘quvchilarini kiyinish madaniyati bo‘yicha o‘z tavsiyalarini barcha maktablarga yetkazgan va shu asosida ular tomonidan ichki tartib-intizom qoidalari ishlab chiqilgan”, - deya javob berdi vazir Hilola Umarova.
O‘qituvchi-pedagoglarning maoshi qachon 1000 AQSH dollaridan oshadi?
Matbuot anjumani doirasida o‘qituvchi-pedagoglarning maoshi qachon 1000 AQSH dollaridan oshishi bilan bog‘liq savol ham berildi.
“Hamma joyda shu savol beriladi. Umuman, o‘qituvchilarning oyligi oshishi biz uchun ham muhim. Bu bo‘yicha Moliya vazirligi bilan doimiy hamkorlikda ishlayapmiz. Bir narsani aytib o‘tishimiz kerak, bugun 1000 AQSH dollaridan ko‘p oylik oladigan ustozlarimiz bor.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda o‘qituvchilarning o‘rtacha oylik ish haqi 3,4 mln so‘mni tashkil etadi. 2023-yilning mos davriga nisbatan 13,3 foizga oshgan.
Shuningdek, oliy toifali, direktor jamg‘armasi hisobidan ustama oluvchi hamda xalqaro darajada tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilarning ish haqi miqdorlari 10 mln so‘m. Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama 5,7 mln so‘m, sinovlardan shaffof o‘tgan o‘qituvchilarga bu pul ham to‘lab beriladi, asosiysi, ustozlar soniga chegara qo‘yilmagan.
Shuningdek, olis hududga borib ishlaydigan o‘qituvchilarga 3,7 mln so‘mgacha, xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘lgan hamda bugungi kunda o‘qituvchi bo‘lib ishlayotganligi uchun 4,1 mln so‘mgacha ustama beriladi.
Hozirda umumta’lim maktablarining 1000 AQSH dollari va undan yuqori miqdorida ish haqi oluvchi o‘qituvchilari soni 6000 nafardan ziyodni tashkil etadi. Yildan yilga oyliklarimiz va o‘z ustida ishlaydigan ustozlarimiz soni ko‘paymoqda.
Barcha ustozlarimiz yuqori miqdorda oylik olishlarini xohlayman. Ularning o‘z ustida ishlashi va munosib yutuqlarga erishishi uchun sharoit yaratib berishga, bor imkonim bilan yordam berishga harakat qilaman” – dedi vazir Hilola Umarova.
Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari qanday rag‘batlantiriladi?
Anjuman davomida bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev fan olimpiadalari hamda sport musobaqalari g‘oliblari ikki xil standart asosida rag‘batlantirilayotgani hamda mazkur masala ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘layotganini aytib o‘tdi. Bloger ushbu holat yuzasidan vazirlik rahbariyatining munosabatini so‘radi.
“Avvallari fan olimpiadalarida yutgan o‘quvchilar faqat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtiyoziga ega bo‘lgan. 2019-yildagi Prezident qarori bilan esa fan olimpiadalari, xususan jahon olimpiadalarida yutgan o‘quvchilarimizni ham rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Nafaqat o‘quvchi yoshlarga, balki ularning ustozlari ham rag‘batlantiriladi. Bu tizim asosan 5 yo‘nalishdagi fan olimpiadalari uchun ishlaydi. Qarorga ko‘ra xalqaro IT yo‘nalishi, matematika, fizika, kimyo hamda biologiya fan olimpiadalarida birinchi o‘rin olgan, oltin medal sohibiga BHMning 500 barobari miqdorida taqdirlanadi. Kumush medal sovrindorlari 300 barobar, bronza medal uchun esa 200 barobar miqdordagi mablag‘ bilan taqdirlanishi belgilab qo‘yilgan.
To‘g‘ri, ko‘p hollarda sport musobaqalari va fan olimpiadalari bir xil vaqtda o‘tkaziladi. Ammo bir narsaga e’tibor qaratish lozimki, fan olimpiadalari har yili bo‘ladi. Olimpiada esa 4 yilda bir marta o‘tkaziladi”, deb javob berdi vazir.
“Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va tizimdagi muhim islohotlar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarning boshqa savollariga javob berildi.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
2025-yil 1-yanvardan ona tili va tarix o‘qituvchilariga milliy sertifikat uchun 50% ustama beriladi
Maktabda qimor o‘yini tashkil qilgan direktor ishdan olindi
Endilikda maktablar “Mening maktabim” loyihasida ovoz berish yo‘li orqali jihozlanadi
Maktab va bog‘chalarda Yangi yil bayramini o‘tkazishga oid rasmiy ko‘rsatma berildi
Mavzuga doir yangiliklar
Vazir Xilola Umarovani yaqindan taniysizmi?
U 2023-yilning 30-dekabrda vazir bo'lgandi.
Nima uchun Hilola Umarova vazir lavozimiga qaytadan tayinlandi?
Ko‘pchilikda nima uchun Hilola Umarova yana qaytadan lavozimiga tayinlandi degan savol tug‘ilishi tabiiy hol
Vazir Hilola Umarova o‘z ish faoliyatini davom ettiradimi?
U parlament saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surgandi
“O‘qituvchilarning barcha takliflarni shaxsan o‘zim o‘qib boryapman” – Hilola Umarova
Avvalroq vazir pedagoglarga murojaat qilgandi
Izohingizni tahrirlang