Vazir Hilola Umarova faoliyatiga ikki yil
Ushbu maqolada vazir Hilola Umarova faoliyati haqida faqat bizning nazarimiz va tahlilimiz asosida xulosa chiqarilgan. Mazkur fikrlar shaxsiy kuzatuvlarimiz va tahlillarimizga tayangan bo‘lib, ular turli qarashlar va fikr-mulohazalarga ochiqdir.
Pedagoglar 2023 – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”ni yangi vazir bilan boshlashdi. 2023-yilning 30-dekabrida (sobiq) Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Hilola Umarova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandi.
Hilola Umarovaning vazir lavozimiga tayinlanishi O‘zbekistondagi muhim o‘zgarishlar davri – adminreformaga to‘g‘ri kelib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son Farmoni bilan Xalq ta’limi hamda Maktabgacha ta’lim vazirligi qo‘shib yuborildi. 2023-yil 1-yanvardan boshlab Xalq ta’limi vazirligi boshqa nom, ya’ni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi nomi bilan qayta tashkil etildi.
Shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan boshlab Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tugatildi. Uning vazifa va funksiyalari esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkaziladi. Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi shaklida qayta tashkil etildi. Uning tashkiliy bo‘ysunuvi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qaytarildi.
Bunday o‘zgarishlar yangi vazirga boshqaruv tizimini shakllantirishda qiyinchiliklar tug‘dirishi tabiiy hol edi. Sababi, ma’muriy islohotlar jarayonida vazirning boshqaruv uslubi ham yangi sharoitlarga moslashishni talab etardi, chunki qayta tashkil qilingan vazirlikning vazifalari nafaqat maktab ta’limi, balki maktabgacha ta’limni ham o‘z ichiga qamrab olgandi.
Ammo adminreforma Hilola Umarovaning vazir sifatida o‘z boshqaruv jamoasini shakllantirishiga ham qulay imkoniyat yaratgan bo‘lishi mumkin. Chunki, Umarovada qayta tashkil etilgan vazirlikning boshqaruv tuzilmasini ko‘rib chiqish, yangi lavozimlarni belgilash va vazifalarni taqsimlab olish imkoniyati paydo bo‘lgandi.
Yangi tuzilma doirasida vazir o‘z jamoasini shakllantirish, o‘zi ishonchli va malakali deb hisoblagan kadrlarni strategik lavozimlarga tayinlash imkoniga ega bo‘ldi. Bu esa unga boshqaruv tamoyillarini o‘ziga qulay usulda joriy qilish uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni tanlashga xizmat qilgan bo‘lsa kerak.
Lekin 2024-yil yanvar oyida vazir Umarovaning ikki o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov hamda Dilshod Kenjayev maktablarda ma’naviyat va sport tadbirlarini tashkil etishga e’tiborsiz bo‘lganligi uchun lavozimidan ozod etilib, ularning o‘rniga Sardor Radjabov hamda Farxod Boqiyev vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Omadsiz boshlangan qadam
Hilola Umarovaning vazir lavozimiga tayinlanganiga hali bir hafta bo‘lmay turib, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qaroriga asosan, umumta’lim hamda ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilarining qishki ta’til kunlari ob-havo haroratining keskin tushib ketganligi sababli, 2023-yilning 17-yanvarigacha uzaytirildi.
2023-yilning 9-yanvar kuni esa 17-yanvardan emas, balki 11-yanvardan maktablarda darslar boshlanishi haqida ko‘rsatmalar berila boshlandi. Buning ortidan esa mahalliy hokimliklar go‘yoki, o‘zlarini yaxshi ishlayotgandek ko‘rsatish maqsadida maktablarni ochish poygasini boshlab, vazirlikning hech qanday ko‘rsatmalarisiz maktablarni ochib yubordi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining qishki ta’til davrini uzaytirish vakolati mahalliy hokimliklarga berilgani haqidagi bayonotidan so‘ng, jamoatchilik faollari yangi vazirni vakolatsizlikda ayblay boshladi va bu keng muhokamalarga ham sabab bo‘ldi.
Bu orada esa maktablarda fizika va kimyo fanlari qisqartirilishi yuzasidan tarqalgan xabar ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama qilindi. Umuman olganda, Umarova ish faoliyatining dastlabki kunlarini mana shunday muhokamalar bilan qarshi olishiga to‘g‘ri keldi.
Vazir Umarovaning faoliyatiga 4 oy to‘lar-to‘lmas, Prezidentning tegishli qarori bilan Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etildi. Ushbu markaz Respublika ta’lim markazining 34 ta shtat birligini hamda faoliyati tugatilayotgan Ta’lim sifatini baholashning xalqaro tadqiqotlar milliy markazining 18 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga tashkil etildi.
Yangi tashkil etilgan markazga esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vazifalarini takrorlovchi funksiyalar yuklatilib, juda katta vakolatlar berildi.
Vazir faoliyatidagi jonlanish
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova lavozimga tayinlanganiga qariyb 5 oy bo‘lsa ham tizimda yangiliklar bo‘lmadi. Jamoatchilikda esa Hilola Umarova davrida ta’limda o‘zgarish bo‘lmasmikan degan fikr uyg‘ona boshladi.
Ayniqsa, vazirlik, uning hududiy bo‘linmalaridagi kadrlarning tinimsiz almashishi, lavozimga tayinlashlar jarayonida ayrim tushunmovchiliklar ham shunday fikr uyg‘onishiga sabab bo‘lgandi. Bu orada, ya’ni 2023-yil fevral oyidan boshlab vazir o‘qituvchilar murojaatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan vazir.uzedu.uz platformasini ishga tushirdi.
Nihoyat, 2023-yil 22-may kuni Hilola Umarova Prezident Shavkat Mirziyoyevga maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflari taqdimoti bilan tanishtirdi. Taqdimotda tilga olingan takliflar esa Prezidentning 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni bilan tez orada kuchga kirdi.
Amaliyotga joriy qilingan asosiy yangiliklar quyidagilardan iborat edi
- Yangi ishga kirayotgan pedagog kadrlarga bir yil davomida o‘qituvchi-stajyor sifatida faoliyat yuritib, shu muddatda sertifikat olish talabi qo‘yildi;
- Maktab direktorlarini lavozimiga tayinlash “Direktorlar kengashi” tavsiyasiga asosan ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi belgilandi;
- Hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshliqlarini lavozimga tayinlashda mahalliy hokimliklar bilan kelishish tartibi bekor qilindi;
- Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining maktablar faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash vakolatlari butunlay tugatildi;
- Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilaridan yo‘llanma talab etish tartibi bekor qilindi;
- Maktab direktorlariga o‘z o‘rinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish, ajratilgan umumiy soatlar doirasida o‘quv rejalariga 15 foizgacha o‘zgartirish kiritish masalalarini mustaqil hal qilish huquqi berildi;
- Pedagoglar malaka toifasi uchun sinovlar 1 yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkazilishi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanishi belgilandi;
- Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining boshlang‘ich sinflarida informatika fani, o‘rta sinflarda esa o‘quvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan darslar joriy etildi;
- Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlaridan turli ko‘rinishdagi jadval va hisobotlar talab etilishiga bosqichma-bosqich chek qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilandi;
- Xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini olgan pedagog kadrlarga tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga nisbatan 70 foiz miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanishi belgilandi;
- 2024-yil 1-iyundan boshlab bog‘chalarning oliy ma’lumotli tarbiyachi va o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari maktab o‘qituvchilari bazaviy tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga tenglashtirildi;
- Markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati xodimlarining bazaviy tarif stavkasi miqdorlari 1,5 baravarga oshirildi.
Bizning nazarimizda, bu islohotlar Hilola Umarova faoliyatidagi yaxshi qadamlardan biri bo‘ldi. Ayniqsa, maktablar boshqaruvida mahalliy hokimiyat vakolatlarining kamaytirilishi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining maktablar faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash vakolatlarining butunlay tugatilishi ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi.
Vazir Hilola Umarovaning yana bir yutuqlaridan biri shu ediki, u ikki yillik faoliyati davomida prezidentga jami 6 marta ta’limni isloh qilish bo‘yicha taqdimot qilib berdi. Ya’ni, u prezidentning ta’limga e’tiborini qarata oldi. Ta’limga davlat budjetida nazarda tutilmagan mablag‘lardan tashqari qo‘shimcha mablag‘lar jalb qila olgani yana ham ahamiyatli.
Hilola Umarovaning ta’limni isloh qilish to‘g‘risidagi taqdimotlari
Vazirning keyingi ish faoliyati davomida yana bir qancha yangiliklar joriy qilindi
- CHQBT fani o‘qituvchilariga zaxiradagi harbiy unvon va malaka toifasi berish tizimi joriy etildi;
- Respublika bo‘yicha 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi va baholash tizimi joriy etildi, 2024-yilda bunday maktablar soni 1 500 taga yetkazildi;
- 2024-yil 1-sentyabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan direktorlarga 50 foiz, uning o‘rinbosarlariga esa 30 foiz ustama to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yildi;
- O‘quvchilarni xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha Prezident qarori imzolandi;
- Maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazildi;
- Maktablardagi bo‘sh sinf xonalari repetitorlar va o‘quv markazlari uchun bepul ijaraga berilishi belgilandi;
- Sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalarga erishayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilariga 40 foizgacha ustama berish tartibi joriy qilindi;
- O‘qituvchilarning metodik kunlari “Kasbiy rivojlanish kunlari” sifatida qayta joriy qilindi;
- A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tashkil etildi;
- A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tanib bo‘lmas darajada to‘liq ta’mirlandi;
- Pedagog xodimlar uchun har besh yilda ishdan ajralgan holda malaka oshirish tartibi qayta joriy qilindi;
- Maktabgacha ta’lim tashkilotlari malaka oshirish instituti vazirlik bo‘ysunuviga o‘tkazildi;
- Maktabgacha ta’lim agentligi faoliyati tugatilib, uning tashkiliy tuzilmasidagi tashkilotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi;
- Bog‘cha direktorlariga ham menejerlik sertifikati uchun 30 foizlik ustama joriy qilindi;
- Bog‘chalarda direktor o‘rinbosari lavozimi joriy qilinishi belgilandi;
- Maktablarning bo‘sh yerlarida xususiy bog‘cha qurishga ruxsat berildi;
- Bog‘cha xodimlariga ham vazir jamg‘armasi hisobidan ustama olishga ruxsat berildi;
- 2024-yil 1-oktyabrdan o‘qituvchilar oylik maoshi 15 foizga oshirildi;
- Fan olimpiadasi g‘oliblari uchun to‘lanadigan pullardan daromad solig‘i olinmaydigan bo‘ldi;
- Fan olimpiadalari markazi tashkil etildi;
- “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilishi, 208 ta tuman va shahardan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga esa uy-joy berilishi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi;
- CHQBT shtat birligi Mudofaa vazirligiga o‘tkazildi;
- Maktablarga harbiy poligonlardan foydalanishga ruxsat berildi;
- Respublikadagi 208 ta maktab “Jasorat maktabi” sifatida harbiylashtirilgan ta’lim muassasasiga aylantirilishi belgilandi;
- Musiqa fani o‘qituvchilari toifa olish uchun Madaniyat vazirligi imtihonidan ham o‘tishi belgilandi;
- Jismoniy tarbiya o‘qituvchilari toifa olish uchun ham test, ham amaliy imtihon topshirishi belgilandi;
- Rahbar xodimlarning oylik maoshi yana ikki barobarga oshirilishi belgilandi;
- Xalqaro olimpiadalarda 128 ta (15 ta oltin, 36 ta kumush va 77 ta bronza) medal qo‘lga kiritildi. G‘olib o‘quvchilar 1,4 mlrd so‘m, ularning ustozlari esa 1,9 mlrd so‘m miqdorida rag‘batlantirildi.
Umuman olganda, 2024-yilning o‘zida maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga oid 23 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xususan, tizimga oid 2 ta qonun, Prezidentimizning 4 ta farmoni va 8 ta qarori, 9 ta Vazirlar Mahkamasi qarorlari shular jumlasidandir.
Ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan omillar
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova tashabbusi bilan amalga oshirilgan islohotlar orasida ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lganlari ham yo‘q emas. Faqat yutuqlar haqida yozib, tizimidagi ayrim kamchiliklarni ham sanab o‘tmasak, xolislik yo‘qoladi. Shu sababli, jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lgan bir qancha omillarni ham sanab o‘tamiz.
PISA, PIRLS va TIMSS tadqiqot natijalarining yopiqligi
O‘zbekiston PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlarda ilk bor ishtirok etdi. Bu o‘ziga xos tarixiy voqea bo‘lib, mamlakatimiz ta’lim tizimining xalqaro baholashlarda o‘z o‘rnini aniqlashga qaratilgan muhim qadamdir. Ammo ushbu tadqiqotlar natijalari bo‘yicha taqdim etilgan axborotlarning cheklanganligi ko‘pchilikni tashvishga solmoqda.
Tadqiqot natijalari haqidagi Milliy hisobot ham yopiqligicha qoldi. Na vazirlikning rasmiy veb-saytida va na boshqa ochiq manbalarda ushbu hisobotning to‘liq shakli e’lon qilindi. Shu bilan birga, yaqinda e’lon qilingan TIMSS tadqiqoti natijalari haqida ham vazirlik kichik post bilan cheklandi.
Bizningcha, ushbu muhim masala bo‘yicha vazir Hilola Umarova o‘ta tezkorlik bilan ochiq muloqot tashkil etilishi zarur edi. Vazirning shaxsan o‘zi ta’lim sohasidagi bunday muhim xalqaro tadqiqotlar natijalari bo‘yicha batafsil ma’lumot berishi, matbuot anjumani tashkil etishi, jurnalistlar, blogerlar, ta’lim ekspertlari hamda jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazishini ko‘pchilik kutgandi. Afsuski, natijalar haqida faqatgina qisqa va umumiy postlar bilan cheklanish xalqaro tadqiqotlarning asl maqsadi va ahamiyatini chuqurroq anglash imkoniyatini cheklab qo‘ymoqda.
Umuman olganda, vazirning ochiq muloqotlarga kam kirishishi ta’lim tizimidagi islohotlar mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazishni qiyinlashtirmoqda. Chunki, vazir qanday muammolarni yechishga urinayotganini na o‘qituvchilar, na ota-onalar tushunmasa, yoki to‘liq tushuntirilmasa, u ko‘rayotgan choralarni ham tushunishlari qiyin.
“Til egalari” islohoti
2023-yildan boshlab ta’lim muassasalariga jami 500 nafardan ziyod xorijlik pedagoglar “til egalari” sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan dars berish uchun jalb qilindi. 2024-yildan boshlab “til egalari” soni 1 500 taga yetkazilib, 2025-yilda esa xorijdan jalb qilingan chet tili fani mutaxassislari sonini 2 000 nafarga yetkazish reja qilinmoqda.
Ta’lim muassasalariga “til egalari”ning jalb qilinishi ta’lim sifatiga qay darajada ijobiy ta’sir o‘tkazganligi haqida aniq bir statistik hisobotlar e’lon qilinmadi, yoki biz eshitmadik. Shuningdek, bu tajribaning samaradorligi ilmiy asoslar bilan isbotlab berilmadi.
O‘zbekistonlik o‘qituvchilar oylik maoshlar bo‘yicha boshqa sohalarga qaraganda eng quyi pog‘onalarni egallagan bir vaqtda xorijdan kelgan o‘qituvchilarga katta maosh va imtiyozlar berilib, budjet mablag‘larini samarasiz xarajatlar uchun sarf qilinishi ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Maktablar o‘rtasidagi farqlarning kengayib borishi yoxud tabaqalashgan ta’lim
Ta’lim ekspertlari, mutaxassislar barcha o‘quvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish kerakligi to‘g‘risida gapirayotgan bir vaqtda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga yanada katta imkoniyatlar taqdim qilish davo ettirilmoqda.
Jumladan, 2024-yil 1-aprel kuni Prezidentning “Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” yana bir farmoni imzolandi.
Oddiy maktablarda qisqartirilgan laborant lavozimi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy qilindi. Vazirning buyrug‘i bilan oddiy maktablardagi laborant lavozimi takrorlovchi samarasiz xarajatlarni qisqartirish maqsadida tugatilib, oradan hech qancha vaqt o‘tmay xuddi shu lavozim ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy etildi.
Vazirning oddiy maktablar uchun qabul qilgan bu qarori ta’limda teng imkoniyatlarni ta’minlash maqsadlariga zid bo‘lib qoldi. Aslida esa har bir o‘quvchiga sifatli ta’lim berish uchun barcha maktablarga teng resurs va imkoniyatlar taqdim etilishi lozim edi. Buni esa ilmiy tadqiqot natijalari allaqachon isbotlab bergandi.
“PISA natijalari shuni ko‘rsatdiki, o‘quvchilarni qobiliyatiga qarab ajratadigan mamlakatlarning hech biri samarali ta’lim tizimi qatoriga yoki eng yaxshi natijalarga erishgan o‘quvchilar ulushi ko‘proq bo‘lgan tizimlar qatoriga kirmaydi...”, degan edi PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxer.
Mezonlarga asoslangan yangi baholash tizimi
2023/2024-o‘quv yilidan boshlab 500 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qitish va bilimni baholashning yangi tartibi joriy etildi, 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab esa mazkur maktablarning har biriga 2 tadan maktab biriktirilib, yangi tizimning qamrovi 1 500 taga oshirildi.
Yangi baholash tizimi 1 500 ta maktabda joriy etilgach, ushbu tizim kamchiliklari haqida ayrim o‘qituvchi va ota-onalar turli e’tirozlar bildira boshladi. Tizimdagi kamchiliklar to‘liq bartaraf etilmay turib, 2025-yilda yangi baholash tizimi joriy etilgan umumta’lim maktablar sonini 1 500 tadan 3 000 taga yetkazish reja qilinmoqda.
Bu tizim kamchiliklari haqida batafsil “Tanaffus” podkastining 6-sonida
Shuningdek, vazir Hilola Umarova faoliyati davomida boshqa ko‘ngilsiz holatlar ham sodir bo‘ldi. Ayrim maktablarda tibbiyot xonalari yo‘qligi sababli, vazirga parlament so‘rovi yuborildi, ta’lim tizimi eng ko‘p mehnat qonunchiligi buzilgan soha deb topilib, bunda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida jami 7 785 ta holatda mehnat qonunchiligi buzilish holati kuzatildi. Shuningdek, bir nafar o‘qituvchi va o‘quvchi tomonidan akademik halollik tamoyillari buzilishi ortidan O‘zbekiston Xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlatildi.
Umumiy xulosalar
Hilola Umarova rahbarligida O‘zbekiston ta’lim tizimida bir qator muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu davrda ta’lim jarayonlarini zamonaviylashtirish, sifatni oshirish va innovatsiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotgani e’tiborga molik. Albatta, bu yutuqlarni baholash bilan birga, mavjud kamchiliklarni aniqlab, ularni bartaraf etishga intilish ham muhimdir.
Eng asosiysi, ta’lim bir joyda depsinib qolayotgani yo‘q. Ilgari ta’lim yangiliklari haqida ommaviy axborot vositalarida deyarli yoritilmagan bo‘lsa, hozirgi kunda ta’lim kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylandi.
Ta’lim sohasidagi yangiliklar va muhim islohotlar jamiyatda keng muhokama qilinishi, shubhasiz, sohaning rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. Sherzod Shermatov davrida ham bu borada sezilarli o‘zgarishlar bo‘lib, ta’lim masalalariga e’tibor oshgani ko‘zga tashlangandi.
Hilola Umarova davrida esa bu jarayon yanada yuqori bosqichga ko‘tarilgan, ya’ni ta’lim sohasidagi islohotlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilib, jamoatchilik diqqat markazida qolmoqda. Bu yondashuv esa ta’lim tizimining ochiqligini ta’minlash va islohotlarni samarali tatbiq etishda muhim rol o‘ynaydi.
Vazir Hilola Umarovani yaqindan taniysizmi?
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
Mentor-o‘qituvchilarga 20 foizlik ustama to‘lash boshlanadi
2025-yilda pedagoglarning ustama va ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatiladi
2025-yil 1-fevraldan bolalar masalalari bo‘yicha vasiylik va homiylik komissiyalari faoliyati tugatiladi
“Eng yaxshi bezatilgan ta’lim muassasalari” tanlovi g‘oliblarini tabriklaymiz
Mavzuga doir yangiliklar
Vazir Hilola Umarovani yaqindan taniysizmi?
U 2023-yilning 30-dekabrda vazir bo'lgandi
“2025-yil maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari uchun xushxabarlarga boy bo‘ladi” – Hilola Umarova
Hilola Umarova ta’lim tizimi xodimlariga Yangi yil bayram tabrigini yo‘lladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2024-yilda qanday ishlar amalga oshirildi?
2024-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi e’lon qilindi
Vazir Hilola Umarova 2025-yil rejalarini Prezidentga taqdimot qilib berdi
Bu Hilola Umarovaning vazir lavozimiga tayinlangandan buyon 6-taqdimoti hisoblanadi
Izohingizni tahrirlang