Oddiy maktablarda qisqartirilgan laborant lavozimi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy qilindi
Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan holda imzolagan 2024-yil 28-avgustdagi 288-sonli buyrug‘i bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bir nechta lavozimlar qisqartirilgandi. Bu lavozimlar orasida esa laborant lavozimi ham bor edi.
Vazirlik bu kabi qisqartirishlarni umumiy o‘rta ta’lim sohasida takrorlanuvchi samarasiz xarajatlarni optimallashtirish va davlat budjeti hisobidan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida amalga oshirganligini ta’kidlagandi.
Yangi qoidaga ko‘ra, laboratoriya xonasi mavjud bo‘lganda fizika yoki kimyo fani o‘qituvchisidan biriga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizi miqdorida, ya’ni, 577 ming 500 so‘m har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi. Shu yo‘l orqali budjet xarajatlarini iqtisod qilish reja qilingandi.
Qizig‘i shundaki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 17-oktyabrdagi 355-sonli buyrug‘i bilan ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida kimyo, biologiya, fizika bo‘yicha zarur jihozlarga hamda laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan laboratoriya xonalarining har biri uchun 1,0 birlikdan laborant lavozimi kiritildi.
Vazirlikning buyrug‘ida qayd etilishicha, ixtisoslashtirilgan hamda ijod maktablarida joriy qilingan laborantlik lavozimi o‘quv jarayonlarini takomillashtirish, bu borada zamonaviy o‘qitish metodikalari vа mexanizmlaridan keng foydalanish hamda dars jarayonlarini laboratoriya mashg‘ulotlari orqali уаnаdа chuqurroq vа mustahkam o‘rganishni ta’minlash maqsadida joriy qilingan.
Shu yerda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi oddiy maktablardagi laborant lavozimini takrorlovchi samarasiz xarajatlarni qisqartirish maqsadida tugatgan bo‘lsa, unda nima uchun ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda ushbu lavozimni joriy etdi?
Laborantlik lavozimi dars jarayonlarini laboratoriya mashg‘ulotlari orqali chuqurroq va mustahkam o‘rganish uchun zarur bo‘ladigan bo‘lsa, unda nima uchun bu lavozim oddiy maktablardan olib tashlandi?
Demak, vazirlikning pozitsiyasidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida dars jarayonlarini laboratoriya mashg‘ulotlari orqali chuqur o‘rganish katta ahamiyatga ega, lekin oddiy maktablar uchun buning zarracha ahamiyati yo‘q. Bu hol oddiy maktab o‘quvchilari uchun ochiqdan-ochiq diskriminatsiya emasmi?
Laborant lavozimining oddiy maktablarda tugatilishi, ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablarda bu lavozimning joriy qilinishi, ta’lim sohasidagi yana bir tabaqalanish va tengsizlikka yaqqol misol bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Vazirlik resurslarni samarali boshqarishni maqsad qilgan bo‘lsa-da, bu holat oddiy maktab o‘quvchilarini amaliy bilimlardan mahrum qilishi tabiiy hol. Buni vazirlikning o‘zi ham tan olib turibdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining oddiy maktablar uchun qabul qilgan bu qarorini ta’limda teng imkoniyatlarni ta’minlash maqsadlariga zid deb hisoblaymiz. Aslida, har bir o‘quvchiga sifatli ta’lim berish uchun barcha maktablarga teng resurs va imkoniyatlar taqdim etilishi lozim.
Faqat shundagina maktablar o‘rtasidagi tafovutlarni kamaytirish va barcha o‘quvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish mumkin bo‘ladi. Afsuski, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi barcha o‘quvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish o‘rniga, maktablar o‘rtasidagi tafovutlarni yanada kengaytirayotgan ko‘rinadi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga yaratilayotgan alohida sharoitlar hamda davlat ta’lim tizimida kuchayib borayotgan tengsizlik mavzusida maqola e’lon qilgandik.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Ta’lim muassasalari yong‘in xavfsizligi uchun budjetdan qachon pul ajratiladi?
Yangi yildan maktab va bog‘chalarni qurish xarajatlari hududlarning o‘zida hal bo‘ladi
Yangi o‘quv yilidan huquqshunoslarga ham maktabda dars o‘tishga ruxsat beriladi
Vazir, jurnalist va deputatlar maktablarda dars o‘tmoqda
Mavzuga doir yangiliklar
Ta'lim siyosati
2026-yilda ta’lim uchun Davlat budjetidan qancha pul ajratilyapti?
2026-yilda umumiy o‘rta ta’lim xarajatlari 63,7 trln so‘mni yoki Davlat budjeti jami xarajatlarining 15,8 foizini tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Yangiliklar
Ta’lim muassasalari yong‘in xavfsizligi uchun budjetdan qachon pul ajratiladi?
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ta’lim tashkilotlarining yong‘in xavfsizligi uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilmasligi masalasi ko‘tarildi.
Yangiliklar
Yangi yildan maktab va bog‘chalarni qurish xarajatlari hududlarning o‘zida hal bo‘ladi
Avvalgi tartib bo‘yicha bir viloyatda maktab qurilishi kerak bo‘lsa, buning uchun qaror Toshkentda qabul qilinardi.
Yangiliklar
Maktablardagi ayrim lavozimlar qisqartirildi
Psixolog, kutubxonachi va laborant lavozimlari qisqartirildi
O'zbek
Izohingizni tahrirlang