Top.Mail.Ru
Ta’lim uchun davlat xarajatlari besh yilda ikki barobardan ziyod oshgan

Ta’lim uchun davlat xarajatlari besh yilda ikki barobardan ziyod oshgan

12:40 / 14.10.2026 202

2025-yilda O‘zbekistonda ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan davlat xarajatlari 84,2 trillion so‘mga yetgan. Bu 2021-yildagi ko‘rsatkichdan qariyb 44,5 trillion so‘mga ko‘p. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan davlat xarajatlari so‘nggi besh yil davomida izchil oshib borgan. 


Xususan, 2025-yilda ushbu maqsadlar uchun 84 trillion 152 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Ta’lim xarajatlari 2021-yilda 39,6 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 2,1 barobardan ziyod oshgan. 


So‘nggi besh yilda ta’limga yo‘naltirilgan davlat xarajatlari

  • 2021-yilda — 39,6 trillion so‘m;

  • 2022-yilda — 50,3 trillion so‘m;

  • 2023-yilda — 61,2 trillion so‘m;

  • 2024-yilda — 71,2 trillion so‘m;

  • 2025-yilda — 84,2 trillion so‘m.


Demak, mazkur davrda xarajatlar har yili oshib borgan. 2025-yilda esa ta’lim uchun sarflangan mablag‘lar 2024-yildagiga nisbatan qariyb 12,9 trillion so‘mga ko‘paygan.


2026-yilda ta’limga 100 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgandi

2026-yilda ta’limga 100,3 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 2025-yilda kutilayotgan xarajatlarga nisbatan 8,1 trln so‘mga ko‘proqni tashkil etgandi. Biroq, 2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, respublika budjetidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga 63,69 trillion so‘m, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga esa 6,36 trillion so‘m, jami hisobda 70 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. 

Bunda Maktab va maktabgacha ta’limi vazirligi sohasiga ajratilgan budjetining maktab ta
’limi uchun ajratilgan mablag‘larning asosiy qismi (82.7%) ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.


Davlat bir nafar maktab o‘quvchisi uchun qancha mablag‘ sarflanmoqda?

Ta’limga ajratilayotgan mablag‘lar hajmini hisoblashda bir nafar o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan mablag‘ miqdori ham muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Avvalroq, xalqtaliminfo.uz saytida e’lon qilingan maqolada umumiy o‘rta ta’lim xarajatlari doirasida bir nafar o‘quvchi uchun 2025-yilda qariyb 8 million so‘m, aniqrog‘i, 7 million 974 ming 400 so‘m ajratilishi prognoz qilinganligi haqida ma’lumot berilgandi.


Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir nafar o‘quvchi uchun yillik xarajatlar 2022-yilda 5,3 million so‘m, 2023-yilda 6,3 million so‘m, 2024-yilda esa 6,9 million so‘mni tashkil etgan.


Ta’limga ajratilgan mablag‘lar nimalarga sarflandi?


Ta’limga sarflanayotgan mablag‘larning ortishi bilan bir qatorda bu mablag‘larning qanchalik to‘g‘ri sarflanayotganligini va buning ta’lim sifatiga ta’sirini ham alohida tahlil qilish zarur. Hozircha 2026-yilning birinchi yarim yilligida ta’lim tizimiga ajratilgan mablag‘lar tahlili bo‘yicha ayrim ma’lumotlar bor (1, 2).


Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotiga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida ta’lim sohasiga jami 49 trln 539 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Shundan maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tizimiga 43 trln 235 mlrd so‘m to‘g‘ri keladi.

Maktabgacha ta’lim — 9 trln 209,3 mlrd so‘m 


2026-yilning birinchi yarim yilligida maktabgacha ta’lim tizimiga 9 trln 209,3 mlrd so‘m ajratilgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 1 trln 88,8 mlrd so‘mga ko‘p. Mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga taqsimlangan:

  • Ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar — 3 trln 651,4 mlrd so‘m;


  • yagona ijtimoiy soliq to‘lovlari — 921,5 mlrd so‘m;


  • nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga subsidiyalar — 2 trln 20,3 mlrd so‘m;


  • oziq-ovqat xarajatlari — 1 trln 457,9 mlrd so‘m;


  • boshqa xarajatlar — 1 trln 158,2 mlrd so‘m.

Nodavlat bog‘chalarga ajratilgan subsidiyalar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 176,5 mlrd so‘mga oshgan. 2026-yilning birinchi yarim yilligida maktabgacha ta’lim sohasida 700 ta yangi nodavlat bog‘cha tashkil etilgan. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion 75,9 milliard so‘m subsidiya ajratilgan. Bu esa maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 78 foizda saqlab qolish imkonini bergan. 


Shuningdek, 150 ta maktabgacha ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 406,4 mlrd so‘m moliyalashtirilgan.

Umumta’lim maktablari — 34 trln 26 mlrd so‘m

2026-yilning birinchi yarim yilligida umumta’lim sohasiga 34 trln 26 mlrd so‘m ajratilgan. Bu 2025-yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 3 trln 160,2 mlrd so‘mga ko‘p. Xarajatlar tarkibi quyidagicha:

Ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar — 24 trln 150 mlrd so‘m;


ijtimoiy soliq to‘lovlari — 6 trln 145,2 mlrd so‘m;


boshqa xarajatlar — 3 trln 730,8 mlrd so‘m.


Umumta’lim xarajatlarining qariyb 71 foizi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga to‘g‘ri keladi.

Ta’limni rivojlantirish dasturlari

Maktab ta’limini rivojlantirish yo‘nalishlariga ajratilgan mablag‘lar:


  • Darsliklarni yangilash — 10,4 mlrd so‘m;


  • ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi — 125 mlrd so‘m;


  • maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi — 11 mlrd so‘m;


  • tizimdagi muassasalarni sport jihozlari bilan ta’minlash — 3,4 mlrd so‘m;


  • maktablarga jalb qilingan 377 nafar xorijiy til o‘qituvchisi uchun — 206,7 mlrd so‘m;


  • bolalar uchun milliy kontent yaratish va ommalashtirish — 60 mlrd so‘m;


  • “Kelajak” markazlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi — 16,6 mlrd so‘m;


  • ayrim toifadagi o‘quvchilarni qo‘shimcha ta’limga jalb qilish — 95,4 mlrd so‘m.


Maktablar qurilishi va ta’miriga qancha mablag‘ sarflangan? 


2026-yilning birinchi yarim yilligida 434 ta umumta’lim maktabida qurilish, rekonstruksiya, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlari uchun 1 trln 893,7 mlrd so‘m moliyalashtirilgan. Bundan tashqari, 14 ta ijod va ixtisoslashtirilgan maktabda qurilish, rekonstruksiya va jihozlash ishlari uchun 165,5 mlrd so‘m yo‘naltirilgan.

Xorijdan o‘qituvchilarini jalb qilish xarajatlari 

2026-yilda xorijiy o‘qituvchilar – “til egalari”ni jalb qilish xarajatlari ham 2,8 karra oshirilgan. 2025-yilda buning uchun Davlat budjetidan 210 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgandi. 2026-yilda esa buning uchun 700 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. 

Ma’lumki, 2023-yildan boshlab ta’lim muassasalariga jami 500 nafardan ziyod xorijlik pedagoglar “til egalari” sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan dars berish uchun jalb qilingandi. 
2024-yildan boshlab “til egalari” soni 1 500 nafarga yetkazilib, 2025-yilda esa xorijdan jalb qilingan chet tili fani mutaxassislari sonini 2 000 nafarga yetkazish reja qilingandi. 


Darsliklar uchun 1,9 trillion so‘m ajratilgan 


2026-yilda ham maktab darsliklarga ajratiladigan budjet xarajatlari karrasiga oshirilgan. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha xarajatlar 2020-yildagi 66 mlrd so‘mdan 2026-yilga kelib 1 trln 985 mlrd so‘mga yetgan. Bu — so‘nggi olti yil ichida xarajatlar 30 baravardan ko‘proqqa oshganini ko‘rsatadi.



2026-yilning birinchi yarim yilligida maktablar uchun 89,3 million nusxa yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalarini chop etish hamda yetkazib berish uchun 1,9 trillion so‘m ajratilgan. Birinchi sinf o‘quvchilari uchun 802 mingta o‘quv qurollari to‘plamini yetkazib berish ishlari davom etmoqda. 


208 ming pedagog attestatsiyadan o‘tkazildi ayrim pedagoglar rag‘batlantirildi


Ta’lim sifatini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan 1 500 nafar pedagogni rag‘batlantirish uchun 128 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Shuningdek, 208 ming nafar pedagog attestatsiyadan o‘tkazildi, 80,5 ming nafari malaka oshirish kurslariga jalb etildi, maktablarga 1 325 nafar xorijiy mutaxassis jalb qilindi.


Yil oxirigacha yana qanday natijalarga erishish rejalashtirilgan? 


Yil yakuniga qadar maktabgacha ta’lim qamrovini saqlab qolish, barcha maktablarni sport jihozlari bilan ta’minlash, 1 000 ta ta’lim muassasasini zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlash, 129 ming nafar pedagogning malakasini oshirish hamda bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish testlari bo‘yicha o‘rtacha natijasini 75,5 ballga yetkazish vazifalari belgilangan.


Kasbiy ta’lim, oliy ta’lim va ilm-fan xarajatlari


Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2026-yil uchun rejalashtirilgan 6,3 mlrd. so‘m budjet mablag‘ining yarim yillikda 2,5 mlrd so‘mi o‘zlashtirilgan. Shundan, 1,9 mlrd so‘m oliy ta’limni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Talabalar turar joylari bilan ta’minlanganlik darajasi 58 foizga yetkazildi, talabalar turar joylari sig‘imi 159 mingdan ortiq o‘ringa oshirildi.


Ilm-fan va innovatsiyalar sohasida 441,8 milrd. so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi. Ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar soni 20,7 ming nafarga yetdi, davlat ilmiy dasturlari doirasida fundamental tadqiqotlar bo‘yicha xalqaro hamkorlik to‘liq ta’minlandi.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Davlat budjeti

Ulashish