Oddiy maktablarda qisqartirilgan laborant lavozimi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy qilindi
Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan holda imzolagan 2024-yil 28-avgustdagi 288-sonli buyrug‘i bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bir nechta lavozimlar qisqartirilgandi. Bu lavozimlar orasida esa laborant lavozimi ham bor edi.
Vazirlik bu kabi qisqartirishlarni umumiy o‘rta ta’lim sohasida takrorlanuvchi samarasiz xarajatlarni optimallashtirish va davlat budjeti hisobidan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida amalga oshirganligini ta’kidlagandi.
Yangi qoidaga ko‘ra, laboratoriya xonasi mavjud bo‘lganda fizika yoki kimyo fani o‘qituvchisidan biriga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizi miqdorida, ya’ni, 577 ming 500 so‘m har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi. Shu yo‘l orqali budjet xarajatlarini iqtisod qilish reja qilingandi.
Qizig‘i shundaki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 17-oktyabrdagi 355-sonli buyrug‘i bilan ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida kimyo, biologiya, fizika bo‘yicha zarur jihozlarga hamda laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan laboratoriya xonalarining har biri uchun 1,0 birlikdan laborant lavozimi kiritildi.
Vazirlikning buyrug‘ida qayd etilishicha, ixtisoslashtirilgan hamda ijod maktablarida joriy qilingan laborantlik lavozimi o‘quv jarayonlarini takomillashtirish, bu borada zamonaviy o‘qitish metodikalari vа mexanizmlaridan keng foydalanish hamda dars jarayonlarini laboratoriya mashg‘ulotlari orqali уаnаdа chuqurroq vа mustahkam o‘rganishni ta’minlash maqsadida joriy qilingan.
Shu yerda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi oddiy maktablardagi laborant lavozimini takrorlovchi samarasiz xarajatlarni qisqartirish maqsadida tugatgan bo‘lsa, unda nima uchun ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda ushbu lavozimni joriy etdi?
Laborantlik lavozimi dars jarayonlarini laboratoriya mashg‘ulotlari orqali chuqurroq va mustahkam o‘rganish uchun zarur bo‘ladigan bo‘lsa, unda nima uchun bu lavozim oddiy maktablardan olib tashlandi?
Demak, vazirlikning pozitsiyasidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida dars jarayonlarini laboratoriya mashg‘ulotlari orqali chuqur o‘rganish katta ahamiyatga ega, lekin oddiy maktablar uchun buning zarracha ahamiyati yo‘q. Bu hol oddiy maktab o‘quvchilari uchun ochiqdan-ochiq diskriminatsiya emasmi?
Laborant lavozimining oddiy maktablarda tugatilishi, ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablarda bu lavozimning joriy qilinishi, ta’lim sohasidagi yana bir tabaqalanish va tengsizlikka yaqqol misol bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Vazirlik resurslarni samarali boshqarishni maqsad qilgan bo‘lsa-da, bu holat oddiy maktab o‘quvchilarini amaliy bilimlardan mahrum qilishi tabiiy hol. Buni vazirlikning o‘zi ham tan olib turibdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining oddiy maktablar uchun qabul qilgan bu qarorini ta’limda teng imkoniyatlarni ta’minlash maqsadlariga zid deb hisoblaymiz. Aslida, har bir o‘quvchiga sifatli ta’lim berish uchun barcha maktablarga teng resurs va imkoniyatlar taqdim etilishi lozim.
Faqat shundagina maktablar o‘rtasidagi tafovutlarni kamaytirish va barcha o‘quvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish mumkin bo‘ladi. Afsuski, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi barcha o‘quvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish o‘rniga, maktablar o‘rtasidagi tafovutlarni yanada kengaytirayotgan ko‘rinadi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga yaratilayotgan alohida sharoitlar hamda davlat ta’lim tizimida kuchayib borayotgan tengsizlik mavzusida maqola e’lon qilgandik.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egasi” olib kelinadi
Prezident qarori bilan tashkil etilgan Psixologiya ilmiy-tadqiqot institutiga rahbar tayinlandi
Farg‘onada attestatsiya test savollarini rasmga olib tarqatgan o‘qituvchi aniqlandi
Kuzgi attestatsiyada 240 mingdan ortiq oʻqituvchi ishtirok etadi
Mavzuga doir yangiliklar
Ta'lim siyosati
O‘qituvchilar attestatsiyasini o‘tkazuvchi markaz boshqa tashkilotga qo‘shib yuborildi
Qarorga bilan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi faoliyati tugatilib, uning vakolat va funksiyalari Bilim va malakalarni baholash agentligiga o‘tkazilmoqda.
Ta'lim siyosati
Ta’lim uchun davlat xarajatlari besh yilda ikki barobardan ziyod oshgan
2025-yilda O‘zbekistonda ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan davlat xarajatlari 84,2 trillion so‘mga yetgan. Bu 2021-yildagi ko‘rsatkichdan qariyb 44,5 trillion so‘mga ko‘p.
So'ragan edingiz
36 nafar o‘quvchini 2 ta sinfga komplektlash mumkinmi?
Umumta’lim muassasalarining sinflari o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, shahar hududi va tuman markazlarida 25 ― 35 nafargacha, qishloq hududlarida esa 20 ― 35 nafargacha (olis (tog‘li, cho‘lli) hududlarda joylashgan umumta’lim muassasalari bundan mustasno) komplektlanadi.
Yangiliklar
Ta’limga ajratilgan mablag‘lar nimalarga sarflandi?
2026-yilning birinchi yarim yilligida ta’lim tizimiga ajratilgan mablag‘lar bog‘chalarni qo‘llab-quvvatlash, darsliklar chop etish, pedagoglarni rag‘batlantirish va malakasini oshirish, maktablarni jihozlash hamda oliy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga sarflandi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang