Attestatsiyaga kech ariza topshirgan ayrim o‘qituvchilar puliga “kuyib” qolishi mumkin
Xabaringiz bor, 2026-yil 6-yanvar kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2026-yilning yanvar-iyun oylarida o‘tkaziladigan malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish va murojaat yuborish boshlangan bo‘lib, hozirda ham davom etmoqda.
Attestatsiyada ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish va murojaat yuborish 2026-yil 1-martga qadar davom etadi.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablariga ko‘ra, pedagog kadrlardan hujjatlarni qabul qilish har yili 1-mart va 1-oktyabr sanalarida to‘xtatiladi.
Ya’ni, vazirlik hujjatlarni faqat 1-martgacha qabul qila oladi. Agar o‘qituvchilar arizani so‘nggi muddatlarda topshirsa va xatolikka yo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, vazirlik tomonidan hujjatlar rad etilgandan keyin, o‘qituvchi uni qayta tahrirlay olmasligi mumkin.
Chunki, rad etilgan arizalar o‘qituvchilar tomonidan qayta tahrirlangunga qadar 1-martga qadar belgilangan muddat tugaydi.
Shu sababli, pedagog xodimlar hujjat topshirishni oxirgi muddat yetib kelguniga qadar cho‘zmasligi, hujjatlarni vaqtliroq topshirib ro‘yxatdan o‘tib olishlarini tavsiya qilinadi. Shunda pedagoglar tomonidan yuborilgan hujjatlarda xatolik aniqlanib, vazirlik tomonidan rad etilgan taqdirda ham pedagoglar uni qayta tahrirlashga ulgurishi mumkin bo‘ladi.
Yuqoridagi tavsiyalarga amal qilmagan va oxirgi muddatda ariza topshirib, hujjatlaridagi xatolik tufayli arizasi rad etilgan pedagoglar 1-martdan so‘ng hujjatlarini tahrirlay olmaydi hamda attestatsiya uchun amalga oshirgan to‘lovlari ularga qaytarilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, pedagog kadrlarni navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi.
Pedagog kadrlarni navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Attestatsiya uchun arizalar:
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining yangilangan interfeysdagi pedkadr.uzedu.uz platformasi;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;
- Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun: “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 23-bandiga ko‘ra, taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning haqqoniyligiga pedagog kadr mas’ul hisoblanadi.
Nizomning 25-bandida esa noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim etilganligi aniqlangan har qanday bosqichda pedagog kadrning hujjatlarini qabul qilish va attestatsiyadan o‘tkazish jarayoni to‘xtatilishi, topshirilgan hujjatlar va to‘langan yig‘im qaytarilmasligi qayd etilgan.
Pedagog kadrlar tomonidan topshirilgan hujjatning qalbaki ekanligini aniqlash vakolatli vazirliklarda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida pedagog kadrlar tomonidan topshirilgan hujjatlarning haqqoniyligini aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, tegishli vakolatli tashkilotlarga so‘rovnoma yuboriladi.
Pedagog kadrlar tomonidan topshirilgan hujjatlar qalbaki ekanligi aniqlangan taqdirda, mazkur hujjatlar vakolatli vazirliklar tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq chora ko‘rish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.
Nizomning 26-bandiga ko‘ra quyidagi holatlarda davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli vazirliklar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi rad etilishi mumkin:
- pedagog kadrlar tomonidan so‘rovnomaning elektron raqamli imzo yoki imzoni identifikatsiya qilishning boshqa vositalari yoxud SMS-xabarnoma bilan tasdiqlanmaganligi;
- pedagog kadrlar tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim etilgani ma’lum bo‘lib qolganligi;
- so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarning to‘liq taqdim etilmaganligi;
- attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatganlik uchun belgilangan yig‘imning to‘lanmaganligi (pedagog kadrni navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkazish holatlari bundan mustasno).
Davlat xizmatlari ko‘rsatishni mazkur bandda ko‘rsatilgan asoslardan boshqa holatlar bo‘yicha rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Nizomning 23-bandiga ko‘ra, pedagog kadr davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortishga haqli (pedagog kadrni navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkazish holatlari bundan mustasno).
Pedagog kadr davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda to‘langan yig‘im qaytarilmaydi. Pedagog kadrga bog‘liq bo‘lmagan holatlar (pedagog kadrning vafot etishi, mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishi yoki pedagog kadr bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi tufayli davlat xizmatidan foydalanish zarurati mavjud emasligi) sababli davlat xizmatidan foydalanilmagan taqdirda, to‘langan yig‘im pedagog kadrga yoki uning qonuniy vakiliga qaytariladi.
Nizomning 30-bandiga ko‘ra, hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan hollarda vakolatli vazirliklar tomonidan hujjatlar qabul qilinmaganligi to‘g‘risida davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud vakolatli vazirliklarning rasmiy veb-sayti orqali pedagog kadrlarga xabarnoma yuboriladi.
Pedagog kadrlar hujjat qabul qilish to‘xtatilgunga qadar kamchiliklarni tuzatgan holda hujjatlarni qayta topshirishlari mumkin. Bunda pedagog kadrdan davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im takroran undirilmaydi.
Nizomning 31-bandiga ko‘ra, pedagog kadrlardan hujjatlarni qabul qilish har yili 1-mart va 1-oktyabr sanalarida to‘xtatiladi.
Izohlar 16
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Dars taqsimoti ortidan maktab direktori qamoqqa olindi
Maktablarda yangi to‘garaklar tashkil etiladi, ular bepul bo‘ladi
Maktab kutubxonalari rivojlantiriladi, direktor o‘rinbosarlari mahalla kutubxonalariga mas’ul bo‘ladi
Bog‘chalardagi tarbiyachi yordamchisi lavozimi ham pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga kiritilmoqda
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Nogironligi bo‘lgan pedagoglarga attestatsiya va milliy sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha vaqt beriladi
2027/2028-o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan pedagoglarga attestatsiya va milliy sertifikat imtihonlarini topshirishda belgilangan vaqt me’yorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha vaqt olish imkoniyati beriladi.
Yangiliklar
Endilikda attestatsiyadan o‘tmasdan turib, ikkinchi va birinchi malaka toifasini olishi mumkin bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda pedagoglarning oliy ma’lumot darajasi va o‘qishdagi natijalariga qarab ularga malaka toifalari beriladi.
So'ragan edingiz
Muntazam attestatsiyadan o‘tolmagan o‘qituvchini ishdan bo‘shatish mumkinmi?
Murojaat mualliflarining aytishicha, bunday xodimlar turli sabablar, jumladan, tanish-bilish yoki yaqinlarining mansabidan foydalangan holda hanuz ishda qolmoqda. Navbatdagi murojaatda ham o‘quvchilarning bilim darajasi keskin pasayib ketgan, attestatsiyadan yillar davomida o‘ta olmayotgan o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasini qonuniy asosda bekor qilish mumkinmi, degan savol o‘rtaga tashlangan.
Ta'lim siyosati
Bo‘lajak pedagoglar bilimini ikki marta baholashdan mantiq bormi?
O‘qituvchi malaka toifasi olishi uchun test topshiradi, vazir jamg‘armasi ustamasi uchun test topshiradi, qo‘shimcha ustamalar uchun test topshiradi. Endi esa navbat hali oliygohni tamomlamagan bo‘lajak pedagoglarga keldi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang