Ta’lim tizimida psixologik xizmatni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-oktabrdagi PQ–379-son qarori bilan uzluksiz ta’lim tizimida psixologik xizmatni ilmiy asosda rivojlantirish, pedagog va o‘quvchilarni psixologik diagnostikadan o‘tkazish, maktab psixologlarining malakasini oshirish hamda ularning faoliyatini baholashning yangi mexanizmlarini joriy etish belgilandi. Bu jarayonlar uchun alohida ilmiy-tadqiqot instituti ham tashkil etiladi.
Barcha ta’lim tashkilotlarida psixologik diagnostika jarayonlari o‘tkaziladi
Qarorga muvofiq, barcha ta’lim tashkilotlarining pedagoglari va ta’lim oluvchilari yiliga kamida bir marta maqsadli psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi. Bu jarayon ikki bosqichda tashkil etiladi: 2026/2027-o‘quv yilidan maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida, 2027/2028-o‘quv yilidan esa o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida joriy qilinadi.
Diagnostika xalqaro standartlar asosida o‘tkazilib, bunda pedagog va o‘quvchilarning yosh xususiyatlari hamda ehtiyojlariga moslashtirilgan testlar va so‘rovnomalardan foydalaniladi. Natijalar maxsus elektron platformaga kiritiladi. Shu orqali psixologik diagnostika va yordam ko‘rsatish natijalariga oid ma’lumotlar saqlanishi ta’minlanadi.
Hujjatda diagnostika natijalari asosida ta’lim tashkilotlarining psixologlari malaka oshirishi ham nazarda tutilgan. Bunda psixologlar faoliyati natijalariga qarab tegishli qo‘llab-quvvatlash guruhlari shakllantiriladi.
Bunda pedagog va o‘quvchilarning psixologik diagnostika natijalari sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq qilish orqali tahlil qilinib, yagona standart bo‘yicha ular “psixologik barqaror”, “psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj” va “faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur” guruhlariga ajratiladi, bunda:
- “psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj” va “faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur” guruhlariga kiritilgan pedagog va o‘quvchilar bilan individual ish-reja bo‘yicha faoliyat yo‘lga qo‘yiladi hamda uning natijalari Institut tomonidan monitoring qilib boriladi;
- “psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj” guruhiga kiritilgan pedagog va o‘quvchilarga tegishli ta’lim tashkilotining psixologi biriktiriladi;
- “faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur” guruhiga kiritilgan pedagog va o‘quvchilarga tegishli hudud bo‘yicha mentor psixolog biriktiriladi;
- o‘quv yili davomida psixologik barqarorlikni ta’minlashda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 150 nafar mentor psixologlar Davlat budjet mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 baravari miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantiriladi.
Hujjatga ko‘ra, psixologik xizmat xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish faoliyati ham yangicha tashkil etiladi. Bu jarayon yangi tashkil etilgan Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan muvofiqlashtiriladi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab Institutga davlat maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarining psixologik xizmat xodimlarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha tegishli vakolatlar beriladi. Ta’lim tashkilotlarining psixologlari Institut tomonidan tashkil etiladigan kasadli malaka oshirish tizimi orqali o‘qitiladi hamda hududlar kesimida mentor psixologlar guruhi shakllantiriladi.
Shuningdek, kasadli malaka oshirish kursiga o‘qituvchi sifatida jalb etilgan psixologlarga ushbu davrda asosiy ish joyidagi lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorida ustama asosiy ish joyining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Bunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ta’lim tashkilotlari xodimlari Institutning o‘zida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlarda esa pedagogik mahorat markazlarida tashkil etiladigan dasturlar orqali o‘qitilishi belgilangan.
Nodavlat ta’lim tashkilotlari psixologlari ham shartnoma asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarida qatnashishi mumkin. Psixologik xizmat xodimlarining malakasini oshirish besh yilda kamida bir marta amalga oshirilishi shart.
Bundan tashqari, Institut psixologlar uchun zamonaviy o‘quv dasturlari, uslubiy materiallar va amaliy mashg‘ulotlarni ishlab chiqadi. Qarorda psixologik diagnostika, psixologik yordam, stressni boshqarish, emotsional holatni baholash va boshqa yo‘nalishlarda ilmiy asoslangan tavsiyalar tayyorlash vazifalari ham belgilangan.
Psixologlar faoliyati qanday baholanadi?
Qarorga muvofiq, Institut psixologlar faoliyatini diagnostika natijalari, kasbiy salohiyati va amalga oshirgan ishlari asosida baholash mezonlarini ishlab chiqadi. Psixologik xizmat samaradorligini monitoring qilish tizimi ham yaratiladi.
Bunda psixologning faoliyati faqat o‘tkazilgan suhbatlar yoki tadbirlar soni bilan emas, balki belgilangan mezonlar va natijalar asosida baholanishi ko‘zda tutilgan.
Yuqorida ta’kidlanganidek, mentor psixologlar tizimini shakllantirish ham nazarda tutiladi. Faoliyatida yuqori natijalarga erishgan va tegishli talablarga javob beradigan psixologlar mentor sifatida jalb qilinadi. Ular boshqa psixologlarga uslubiy yordam ko‘rsatishi, kasbiy tajriba almashishi va faoliyat samaradorligini oshirishga ko‘maklashishi kerak bo‘ladi.
Psixologik xizmatlar raqamlashtiriladi
Qarorda psixologik xizmatni raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, psixologik diagnostika natijalarini elektron shaklda yuritish, psixologik yordam ko‘rsatish jarayonini monitoring qilish va ta’lim tashkilotlari psixologlari faoliyatiga oid ma’lumotlarni tizimlashtirish ko‘zda tutilgan.
2027-yildan boshlab yagona elektron platformani ishlab chiqish va joriy etish rejalashtirilgan. Ushbu platforma orqali psixologik muhitni muntazam monitoring qilish, xavf guruhiga kiruvchi bolalar va ularning oilalarini erta aniqlash hamda tegishli psixologik yordamni tashkil etish mexanizmlari joriy qilinadi.
Hujjatda internetga qaramlik, bullying, kiberbulling va suitsidal xulq-atvorning oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, profilaktika dasturlarini ishlab chiqish va amaliy mexanizmlarni takomillashtirish ham belgilangan.
Bundan tashqari, maktab psixologlari uchun ota-onalar bilan ishlash bo‘yicha majburiy o‘quv modullarini ishlab chiqish va ularni muntazam psixologik-ma’rifiy tadbirlarga jalb qilish nazarda tutilgan. Bu orqali ta’lim tashkiloti, oila va psixologik xizmat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi
Qaror bilan Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Psixologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Institut psixologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar, mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda amaliyotga ilmiy ishlanmalarni joriy etish bilan shug‘ullanadi.
Institut faoliyatini 2027–2030-yillarda bosqichma-bosqich rivojlantirish rejalashtirilgan. Uning tarkibida raqamli psixologiya va sun’iy intellekt, ta’lim psixologiyasi va psixologik xizmat, shuningdek, psixologik salomatlik va profilaktika yo‘nalishlarida laboratoriyalar tashkil etiladi.
Raqamli psixologiya va sun’iy intellekt laboratoriyasi psixologik diagnostika, maslahat va profilaktika jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan shug‘ullanadi. Ta’lim psixologiyasi laboratoriyasi esa o‘quvchilarning bilim olish motivatsiyasi, akademik stressi, o‘zlashtirishdagi qiyinchiliklari va ijtimoiy moslashuvini o‘rganishga ixtisoslashadi.
Psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyasi orqali aholining psixologik salomatligini saqlash, stress va depressiv holatlarning oldini olish, suitsidal xulq-atvor profilaktikasi hamda inqirozli vaziyatlarda psixologik yordam ko‘rsatishga oid ilmiy-amaliy ishlar olib borilishi rejalashtirilgan.
Institutning 2030-yilgacha rivojlanish maqsadli ko‘rsatkichlarida ilmiy darajali kadrlar ulushini 2026-yildagi 30 foizdan 2030-yilda 35 foizga yetkazish, ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar va tavsiyalar sonini 5 tadan 15 taga oshirish, malaka oshirgan psixologlar sonini 2 ming nafarga yetkazish kabi vazifalar belgilangan.
Shuningdek, 2027-yildan boshlab fundamental va amaliy ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilgan.
Belgilangan vazifalar ijrosi qanday ta’minlanadi?
Qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun mas’ul idoralar va muddatlar ham ko‘rsatilgan. Ta’lim va ilm-fan vazirligi ta’lim tashkilotlarida psixologik diagnostika o‘tkazish, tegishli o‘quv dasturlarini shakllantirish va Institut faoliyatiga doir vazifalar ijrosini ta’minlashda ishtirok etadi.
Psixologiya ilmiy-tadqiqot institutiga esa ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, psixologlar malakasini oshirish, diagnostika va baholash mezonlarini ishlab chiqish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish vazifalari yuklatilgan.
Qarorning amalga oshirilishi natijasida psixologik xizmatni ilmiy asosda tashkil etish, mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish va ta’lim oluvchilarning psixologik farovonligini ta’minlash uchun yangi tashkiliy mexanizmlar yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Ta’lim tizimida psixologik xizmatni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
“Aravani tortolmagan kadr bizning oramizda bo‘lmaydi” — Erkinjon Turdimov
O‘qituvchilar attestatsiyasini o‘tkazuvchi markaz boshqa tashkilotga qo‘shib yuborildi
Ta’lim va ilm-fan vaziriga o‘rinbosarlar tayinlandi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Endi ayrim psixologlar ham kasbiy sertifikat olishi kerak bo‘ladi
Endilikda yangi ishga kirgan yoki attestatsiyadan o‘tolmagan psixologlar ham kasbiy sertifikat olishi kerak bo‘ladi.
Yangiliklar
Endilikda psixologlar ham malaka toifasi olishi mumkin
Shu vaqtga qadar ular attestatsiyaga jalb qilinmagandi
Yangiliklar
Psixolog lavozimi butunlay tugatildimi?
Bu lavozim butunlay tugatilmaydi
So'ragan edingiz
Psixolog lavozimiga talabalarni ishga qabul qilish mumkinmi?
Talabalar tugallanmagan to‘liqsiz oliy ma’lumotli shaxslar hisoblanadi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang