Endi ayrim psixologlar ham kasbiy sertifikat olishi kerak bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-fevraldagi 87-son qarori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 22-fevraldagi 51-sonli buyrug‘i bilan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining tegishli toifaga ega bo‘lmagan pedagog kadrlariga kasbiy sertifikat olish talabi qo‘yilgandi.
Kasbiy sertifikat — bu nazorat sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxsga pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beradigan, cheklanmagan muddatga beriladigan QR-kod qo‘yilgan davlat namunasidagi hujjat hisoblanadi.
Avvalroq, kasbiy sertifikat olish talabi maktabga yangi ishga kirgan stajyor-o‘qituvchilarga nisbatan qo‘llanilgandi. Endilikda esa yangi ishga kirgan yoki attestatsiyadan o‘tolmagan psixologlar ham kasbiy sertifikat olishi kerak bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 740-son qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi 87-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”ga o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra psixologlar bir yil muddatga ishga qabul qilinadilar, muddat yakunlangandan so‘ng, faqat kasbiy sertifikat olgan yoki navbatdan tashqari pedagog kadrlar attestatsiyasida ishtirok etib, kamida mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimi saqlangan darajada ko‘rsatkichga ega bo‘lgan pedagoglar bilan belgilangan tartibda o‘qituvchi yoki mos ravishda psixolog sifatida mehnat shartnomasi tuziladi.
Bunda 2026-yildan boshlab psixolog lavozimiga birinchi marta ishga qabul qilingan psixologlar, 2027-yildan boshlab esa pedagoglar attestatsiyasidan o‘ta olmagan, lavozimiga muvofiq emas deb topilgan, psixologlar ham kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etiladi.
Kasbiy sertifikatlash sinovlari qay tartibda o‘tkaziladi?
Kasbiy sertifikat olish uchun nazorat sinovi qoida tariqasida, har yili mart — may oylarida o‘tkaziladi. Kasbiy sertifikatlash nazorat sinovi test shaklida, kompyuterda (onlayn platforma) orqali o‘tkaziladi.
Nazorat sinovi 50 ta topshiriqdan iborat bo‘ladi, har bir to‘g‘ri bajarilgan topshiriq 2 ball bilan baholanib, nazorat sinovi uchun jami 100 ball beriladi. Nazorat sinovi natijasi bo‘yicha 56 va undan yuqori ball to‘plagan talabgor nazorat sinovidan o‘tgan hisoblanadi. 56 balldan kam ball yiqqan talabgor nazorat sinovidan o‘tmagan hisoblanadi.
Talabgor kasbiy sertifikat ololmasa nima bo‘ladi?
Birinchi marotaba nazorat sinovida ishtirok etib, undan o‘ta olmagan talabgor uchun navbatdan tashqari nazorat sinovi har yili yangi o‘quv yili boshlangunga qadar tashkil etiladi.
Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etib, yetarli ball to‘play olmagan talabgor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Ish beruvchi esa mehnat shartnomasi bekor qilingan talabgor tugatgan oliy ta’lim tashkilotiga talabgorning kasbiy sertifikatlashdan o‘ta olmaganligi to‘g‘risida reklamatsiya (e’tiroznoma) yuboradi.
Kimlar kasbiy sertifikatlashga jalb etilmaydi?
Magistr darajasiga ega mutaxassislar, fan nomzodi, falsafa doktori Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori Doctor of Science (DSc) darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan pedagog kadrlar kasbiy sertifikatlashga jalb etilmaydi.
Kimlar kasbiy sertifikatlashdan ma’lum muddatga ozod qilib turiladi?
- homilador ayollar, homiladorlik yoki tug‘ish ta’tilida bo‘lgan ayollar, ular ta’tilda bo‘lgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
- pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan uch yoshgacha bolalari bor ayollar (farzandi uch yoshga to‘lgunga qadar);
- uzoq (uch oydan ortiq vaqt mobaynida) davolanayotgan pedagog kadrlar, ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;
- uch oy va undan uzoq muddatga respublika hamda chet el davlatiga o‘qishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kursiga yuborilgan pedagog kadrlar, ular ishga chiqqanidan so‘ng olti oy davomida kasbiy sertifikatlashdan ma’lum muddatga ozod qilib turiladi.
Izohlar 3
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Prezident qarori bilan tashkil etilgan Psixologiya ilmiy-tadqiqot institutiga rahbar tayinlandi
Farg‘onada attestatsiya test savollarini rasmga olib tarqatgan o‘qituvchi aniqlandi
Kuzgi attestatsiyada 240 mingdan ortiq oʻqituvchi ishtirok etadi
Toshkentda Markaziy Osiyo taʼlim forumi ish boshladi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Ta’lim tizimida psixologik xizmatni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
Prezident qarori bilan uzluksiz ta’lim tizimida psixologik xizmatni ilmiy asosda rivojlantirish, pedagog va o‘quvchilarni psixologik diagnostikadan o‘tkazish, maktab psixologlarining malakasini oshirish hamda ularning faoliyatini baholashning yangi mexanizmlarini joriy etish belgilandi. Bu jarayonlar uchun alohida ilmiy-tadqiqot instituti ham tashkil etildi.
Ta'lim siyosati
Bo‘lajak o‘qituvchilar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkazish tashabbusi bo‘yicha xavotirlar
Mazkur loyihaning qabul qilinishi pedagogik kadrlar tayyorlash sifatini oshirmaydi, balki yangi muammolar va yuridik kolliziyalarni yaratish orqali ortga tortadi.
So'ragan edingiz
Talabalar kasbiy sertifikatlash sinoviga jalb qilinadimi?
Talabalar tugallanmagan to‘liqsiz oliy ma'lumotli shaxs hisoblanadi.
Bilasizmi?
Attestatsiya hamda kasbiy sertifikatlash test sinovlari qaysi manzillarda o‘tkazilishini bilasizmi?
Vazirlik malaka sinovlari oʻtkaziladigan joy manzillarini e'lon qilgan.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang