Kuzgi pedagog kadrlar attestatsiyasi qay tartibda o‘tkaziladi?
Pedagoglar uchun attestatsiya jarayoni qanday tashkil etiladi? Test sinovida nechta va qanday topshiriqlar beriladi, har bir bosqichda pedagoglar qanday baholanadi, testga nimalarni olib kirish mumkin emas, test natijalaridan norozi bo‘lgan pedagog qanday tartibda apellyatsiya berishi mumkin? Quyida pedagoglar uchun eng muhim jihatlarni tushuntiramiz.
Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarining attestatsiyasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 4-sentabrdagi 334-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnoma asosida tashkil etiladi.
Mazkur hujjat attestatsiya va kasbiy sertifikatlash test sinovlarini maxsus jihozlangan kompyuter xonalarida o‘tkazish, test topshiruvchilarni auditoriyaga kiritish, test jarayonini tashkil etish, qoidabuzarliklar, natijalardan norozi bo‘lganda murojaat qilish va boshqa tashkiliy masalalarni tartibga soladi.
Attestatsiya ikki bosqichda o‘tkaziladi
Yo‘riqnomaga ko‘ra, pedagog kadrlar attestatsiyadan ikki bosqichda o‘tkaziladi va ikkala bosqich yakuniga ko‘ra umumiy 100 ballik tizimda baholanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining musiqa madaniyati hamda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilaridan tashqari pedagoglar uchun birinchi bosqichda mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda esa pedagogik mahorati baholanadi.
Birinchi bosqichdagi malaka sinovi mutaxassislik fanidan 35 ta, kasb standarti bo‘yicha 5 ta test topshirig‘idan iborat. Ikkinchi bosqichda esa pedagogik mahoratni aniqlash uchun 10 ta topshiriq beriladi. Har bir to‘g‘ri bajarilgan topshiriq 2 ball bilan baholanadi. Natijada birinchi bosqich uchun 80 ball, ikkinchi bosqich uchun 20 ball, jami 100 ball to‘plash mumkin.
Musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun esa alohida tartib belgilangan. Ular uchun mutaxassislik fanidan 35 ta, kasbiy standart bo‘yicha 5 ta, jami 40 ta test topshirig‘i beriladi va har bir to‘g‘ri javob 1 ball bilan baholanadi. Mazkur fanlar bo‘yicha amaliy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish tartibi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda tegishli vazirliklar tomonidan belgilanadi.
Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan pedagoglar uchun ham alohida qoida mavjud. Ularga malaka toifalari berilmaydi. Bunday pedagog 55 ball va undan yuqori natija ko‘rsatsa attestatsiyadan o‘tgan va lavozimi saqlangan, 55 balldan kam natija ko‘rsatsa attestatsiyadan o‘tmagan hamda o‘qituvchi lavozimiga muvofiq emas deb hisoblanadi.
Test jarayoni qanday tashkil etiladi?
Test sinovlari o‘tkaziladigan joyda pedagoglar uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Jumladan, kutish zali, toza ichimlik suvi, birinchi tibbiy yordam uchun zarur vositalar, o‘tirish joylari, shaxsiy buyumlarni vaqtincha saqlash uchun alohida joy hamda ona va bola uchun zarur sharoitlarga ega xonalar tashkil qilinadi.
Auditoriyalarda pedagoglar yakka tartibda o‘tqaziladi. (Ko‘rish imkoniyati cheklangan pedagoglar bundan mustasno.) Test ishlash joyi ham pedagogning xohishiga ko‘ra emas, tasodifiy tanlash yo‘li orqali belgilanadi. Buning uchun pedagog raqami ko‘rinmaydigan qilib joylashtirilgan qog‘oz yoki kartochkalardan birini tasodifiy tanlaydi.
Undagi raqam qaysi kompyuterda test topshirishini belgilaydi. Tasodifiy tanlash natijasida belgilangan kompyuterdan boshqa kompyuterga o‘tirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Homilador ayol pedagoglarga esa istisno tariqasida havo almashinuvi yaxshi bo‘lgan yoki deraza oldidagi kompyuterni tanlashga ruxsat beriladi.
Test topshiruvchi pedagoglar belgilangan vaqtda test o‘tkaziladigan binoga kelishi kerak. Test boshlanishidan oldin ortiqcha buyumlar belgilangan joyga topshiriladi va ro‘yxatdan o‘tiladi. Testga kechikib kelganlar bo‘yicha kelmaganlik sabablari o‘rganiladi.
Uzrli yoki uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmagan pedagoglar hisobidan bo‘sh qolgan kompyuterlardan keyingi navbatdagi test topshiruvchilarning roziligi asosida foydalanish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Test boshlanishidan oldin pedagogning shaxsi Face ID orqali identifikatsiya qilinadi. Agar birinchi urinishda shaxs tasdiqlanmasa, yana bir marta imkoniyat beriladi. Ikki urinishdan so‘ng ham identifikatsiya amalga oshmasa, JSHSHIR ma’lumotlari orqali shaxs aniqlashtiriladi. Zarur hollarda Milliy gvardiya va Ichki ishlar organlari xodimlarining planshetlari orqali ham shaxsni tasdiqlash mumkin.
Pedagog kompyuterga joylashgach, tizimga JSHSHIR raqamini kiritadi. Test boshlanishidan oldin esa test topshirish tili va tizimda aks etgan shaxsiy ma’lumotlarning to‘g‘riligi tekshiriladi. Shundan keyin ekranda test topshiriqlari soni va ajratilgan vaqt ko‘rsatiladi. Test davomida oldingi va keyingi topshiriqlarga o‘tish imkoniyati mavjudligi ham tushuntiriladi.
Test yakunlangach, to‘plangan ball kompyuter ekranida aks etadi. Pedagog natijasi bilan tanishib chiqqach, “Chiqish” tugmasini bosadi va shundan so‘ng test topshirish auditoriyasini tark etadi. Belgilangan vaqt tugagach esa test avtomatik ravishda yakunlanadi va qo‘shimcha javob kiritish imkoniyati berilmaydi.
Testga nimalarni olib kirish mumkin emas?
Attestatsiya jarayonida eng muhim talablardan biri — test binosi va auditoriyasiga taqiqlangan buyumlarni olib kirmaslik. Kitob, daftar, ruchka, qalam, soat, pardoz buyumlari, sumka, xalta, paket, qog‘oz, mobil telefon, quloqchin, noutbuk, netbuk va boshqa elektron qurilmalarni olib kirish taqiqlangan.
Shuningdek, smart texnologiyali ko‘zoynak, shpargalka, ayrim turdagi suv idishlari, o‘ramli yeguliklar, sovuq qurol va tig‘li buyumlar ham auditoriyaga kiritilmaydi. Hatto, avtomashina pultini olib kirishga ham ruxsat berilmaydi. Biroq ayrim zarur vositalarni olib kirishga ruxsat etiladi.
Jumladan, oddiy ko‘zoynak, shaffof va yorliqsiz idishdagi suv, astma ingalyatori, kattalashtiruvchi lupa va boshqa optik vositalar, shaxsni tasdiqlovchi hujjat, qo‘ltiqtayoq, nogironlik aravachasi, hassa va tibbiy niqob shular jumlasidan. Eshitish apparatidan foydalanadigan shaxslar esa tegishli nogironlik hujjatini ko‘rsatgan holda uni olib kirishi mumkin.
Shuningdek, test jarayonida ishlatilgan qoralama qog‘ozlarni auditoriyadan olib chiqish mumkin emas. Test topshiriqlarini biror buyum, vosita yoki materialga yozib olish va test hududidan olib chiqish ham taqiqlanadi.
Test jarayonida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmagan pedagogga avvalo bir marta ogohlantirish beriladi. Agar u ogohlantirilgandan keyin qoidani yana buzsa, holat asosiy mas’ulga ma’lum qilinadi.
Qoidabuzarlikni tasdiqlash uchun zarur hollarda videoyozuv, test tizimidagi ma’lumotlar va boshqa dalillar ko‘rib chiqiladi. Holat tasdiqlansa, pedagogni test sinovidan chetlashtirish bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi va uning test topshiriqlarini bajarish jarayoni to‘xtatiladi.
Xususan, auditoriyaga adabiyot, shpargalka yoki telekommunikatsiya va texnika vositalarini olib kirish, test vaqtida boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish, qoralama qog‘ozlarni auditoriyadan olib chiqishga urinish, boshqa talabgorga test javoblarini yozib berish yoki maslahatlashish testdan chetlashtirish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Bunda chetlashtirilgan pedagog tegishli dalolatnoma bilan tanishtiriladi va testdan chetlashtirish to‘g‘risidagi qaror yoki test natijasi yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Sertifikatga ega pedagoglar attestatsiyada qay tartibda qatnashadi?
Tegishli sertifikatga ega pedagoglar uchun ham alohida tartib belgilangan. Navbatdagi majburiy attestatsiyada ularga mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasini aniqlash hamda o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovidan maksimal ball beriladi. Shu sababli ular ushbu fan bo‘yicha birinchi bosqich malaka sinovidan ozod etiladi.
Biroq sertifikatga ega pedagoglarning ikkinchi bosqichda ishtirok etishi majburiy. Ularga birinchi bosqich bo‘yicha test topshiriqlari taqdim etilmaydi va ikkinchi bosqichdagi 10 ta test topshirig‘ini bajarish uchun 20 daqiqa vaqt ajratiladi.
Boshqa hududda test topshirish mumkinmi?
Ayrim asosli holatlarda pedagogga doimiy yoki vaqtincha yashash hududidan boshqa hududda test topshirishga ruxsat berilishi mumkin.
Bunga harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i boshqa hududda vaqtincha yashashi, homiladorlik yoki tug‘ruq ta’tili sababli boshqa hududda bo‘lish, xizmat safari, ta’til, davolanish kabi holatlar, shuningdek hujjatlar bilan tasdiqlanadigan boshqa asosli sabablar misol bo‘lishi mumkin.
Buning uchun pedagog yozma ariza bilan murojaat qiladi va sababni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qiladi. Masalan, tibbiy ma’lumotnoma, aviachipta yoki temiryo‘l chiptasi, xizmat safari to‘g‘risidagi buyruq yoki ma’lumotnoma va boshqa tegishli hujjatlar taqdim etilishi mumkin.
Muhimi, test topshirish hududini o‘zgartirishga faqat asosli sabab va uni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Og‘zaki murojaat yoki tasdiqlovchi hujjatlarsiz berilgan so‘rov asosida test topshirish joyi o‘zgartirilmaydi.
Test natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar qanday murojaat qiladi?
Pedagog test topshirish vaqtida muayyan savol yuzasidan e’tirozi bo‘lsa, platformadagi “Savol (test topshiriq)ga e’tiroz bildirish” funksiyasidan foydalanishi mumkin. Bunda e’tirozning tegishli sababini tanlash va uni belgilangan tartibda yuborish kerak bo‘ladi.
Test yakunlangach ham pedagog test topshiriqlari yoki test sinovini o‘tkazish jarayoni yuzasidan e’tiroz bildirish huquqiga ega. Buning uchun pedagoglar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun ichida apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish mumkin. Elektron shikoyat pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinet orqali yuboriladi.
Apellyatsiya komissiyasi attestatsiya boshlanguniga qadar vazir buyrug‘i bilan 7 kishidan iborat tarkibda tuziladi. Murojaat ko‘rib chiqilgach, komissiya attestatsiya natijasini o‘zgarishsiz qoldirishi, aniqlangan xatolik yoki noto‘g‘ri baholash holatlari bo‘lsa natijani o‘zgartirishi yoki test jarayonida tashkiliy-texnik kamchiliklar aniqlangan taqdirda testni qayta topshirishni tashkil etishi mumkin.
Apellyatsiya bo‘yicha ekspertlarning xulosalari murojaat qilgan pedagogning shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Shuningdek, pedagog qonunchilikda belgilangan tartibda vazirlik buyrug‘i yoki apellyatsiya komissiyasi qarori yuzasidan sudga ham shikoyat qilishi mumkin.
Attestatsiya faqat test savollariga javob berishdan iborat emas. Pedagog test o‘tkaziladigan joyga kirishdan boshlab belgilangan tartibga rioya qilishi, shaxsini identifikatsiyadan o‘tkazishi, tasodifiy belgilanadigan kompyuterda ishlashi va test yakunlangach natijasi bilan tanishib chiqishi kerak.
Shu sababli attestatsiyaga borayotgan pedagog, avvalo, testning ikki bosqichli tuzilishi, topshiriqlar soni va ball taqsimotini bilib olishi, testga taqiqlangan buyumlarni olib bormasligi hamda test davomida belgilangan qoidalarga qat’iy amal qilishi muhim. Agar test topshirig‘i yoki test jarayonida xatolik bor deb hisoblasa, buning uchun belgilangan e’tiroz va apellyatsiya tartibidan foydalanishi mumkin.
Izohlar 2
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
O‘zbekistonda tennisni maktabdan boshlab ommalashtirishga qaratilgan yangi tizim joriy etiladi
Samarqandda ham MMTB mas’ullari 1,1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qildi
O‘zbekiston TIMSS 2027 va PISA 2029 tadqiqotida ham ishtirok etadi
O‘quvchiga zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchilar 2,2 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi va ishdan bo‘shatilishi ham mumkin
Mavzuga doir yangiliklar
Bilasizmi?
Attestatsiyaga ariza yuborish yakunlanishiga 5 kun qoldi
Xabaringiz bor, 2026-yil 1-avgustdan malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish va murojaat yuborish boshlangan bo‘lib, murojaat yuborish 2026-yil 1-oktabrga qadar davom etadi.
Yangiliklar
Vazirlik attestatsiya testlarini yana pullashni boshladimi?
Ayni paytda esa sinov.uz platformasida attestatsiyaga tayyorgarlik uchun mo‘ljallangan testlar yana 25 ming so‘mdan sotuvga qo‘yilgan. Platformada turli fanlar bo‘yicha attestatsiyaga tayyorgarlik testlari mavjud.
Yangiliklar
Pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish maqsadida noqonuniy sxema tuzgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi
Avvalroq, pedagog xodimlarni attestatsiya hamda kasbiy sertifikatlashdan o‘tkazib qo‘yish maqsadida amalga oshirilgan bir qancha noqonuniy harakatlar fosh bo‘lgani haqida xabar bergadik. Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangandi.
Yangiliklar
Nogironligi bo‘lgan pedagoglarga attestatsiya va milliy sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha vaqt beriladi
2027/2028-o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan pedagoglarga attestatsiya va milliy sertifikat imtihonlarini topshirishda belgilangan vaqt me’yorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha vaqt olish imkoniyati beriladi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang