Top.Mail.Ru
Bir yildan buyon bo‘sh turgan Respublika ta’lim markaziga direktor tayinlandi

Bir yildan buyon bo‘sh turgan Respublika ta’lim markaziga direktor tayinlandi

09:36 / 11.03.2026 669

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq, vazirlik huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktori lavozimiga Norboyeva Dilshoda Abdunasimovna tayinlandi.


2025-yilning yanvar oyida 2024-yil 12-fevraldan buyon Respublika ta’lim markazi direktori lavozimida ishlab kelgan Xudaykulov Sherzod Uktamovich lavozimidan ozod qilingandi. Shu vaqtdan buyon Respublika ta’lim markazi direktori lavozimi bo‘sh turgandi.


Keyinroq markazga Dilshoda Norboyeva vaqtincha vazifa bajaruvchi direktor sifatida tayinlangan. Xalqtaliminfo.uz manbasining xabar berishicha, vazirlikning O‘quv jarayonini metodik jihatdan ta’minlash va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Dilshoda Norboyeva lavozimidan to‘liq ozod qilinib, Respublika ta’lim markazi direktori lavozimiga tayinlangan. Respublika ta’lim markazi rasmiy saytida Norboyeva vaqtincha vazifa bajaruvchi direktor sifatida korsatilgan. Vazirlik ham mazkur tayinlov borasidagi rasmiy ma’lumotlarni hali ochiqlamadi. 


Norboyeva Dilshoda Abdunasimovna 1984-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 2006-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan va ta’lim tizimida o‘z faoliyatini boshlagan. 


Dastlab A.Navoiy nomidagi Respublika Nafis san’at litseyida tarbiyachi sifatida ish boshlagan. Keyinchalik Respublika o‘quvchilar saroyida faoliyat yuritgan. 2010-2012-yillarda Toshkent shahridagi 300-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktabda ingliz tili o‘qituvchisi sifatida ishlagan. 2012-2013-yillarda 268-sonli umumta’lim maktabida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 


2013-2015-yillarda Sergeli tumani xalq ta’limi bo‘limida kichik guruh rahbari, 2015-2016-yillarda esa O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Postda” gazetasi va “Qalqon” jurnali tahririyatida faoliyat yuritgan.


2016-yildan boshlab u yana ta’lim tizimida o‘z faoliyatini davom ettirib, Sergeli tumani xalq ta’limi bo‘limida xorijiy tillar metodisti, bosh inspektor-metodist lavozimlarida ishlagan. 2017-2019-yillarda Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasida ta’lim sifati monitoringi bo‘limida bosh inspektor-metodist bo‘lgan. 


2019-2020-yillarda Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazida direktor o‘rinbosari sifatida ilg‘or xalqaro tadqiqotlarni joriy etish bo‘yicha ishlagan. 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi ta’lim sifati monitoringi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimini egallagan.


2021-2022-yillarda Prezident ta’lim muassasalari agentligida O‘quv jarayonini metodik ta’minlashni takomillashtirish bo‘limida bosh mutaxassis, keyinchalik ushbu bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan. 


2023-yildan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining O‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Tayinlov

Ulashish