Top.Mail.Ru
Pedagoglar malakasini oshirish tizimidagi kamchiliklar muhokama qilindi

Pedagoglar malakasini oshirish tizimidagi kamchiliklar muhokama qilindi

13:00 / 07.05.2026 53

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida pedagog xodimlar malakasini oshirish tizimidagi ayrim kamchiliklar muhokama qilindi.


2026-yil 6-may kuni Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining qo‘shma majlisida viloyatdagi davlat umumta’lim maktablaridagi rahbar va pedagog xodimlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash bo‘yicha belgilangan vazifalar bajarilishi, shu jumladan umumta’lim maktablari rahbarlari uchun tashkil etilgan menejerlik kurslarini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.



Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev ishtirok etib, bu yo‘nalishda vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berdi. Senatorlar esa mazkur sohada uchrayotgan ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tib, vazirlik mas’ullarini so‘roqqa tutdi.



Ma’lum qilinishicha, 2025-yil yanvar-dekabr oylarida 5 yillik malaka oshirish tizimi asosida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 125 245 nafar xodimining malakasi oshirilgan. 


2024-2025-yillar hamda 2026-yil yanvar-mart oylari davomida respublika bo‘yicha 8 309 nafar tinglovchi menejerlik o‘quv kurslariga qabul qilingan bo‘lib, shundan 4 595 nafari (55,3%) kursni muvaffaqiyatli tamomlab, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan.


Senatorlar mazkur sohada uchrayotgan ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tib, “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasidan (onlinedu.uz) faqatgina malaka oshirish o‘quv jarayonini tashkil qilishda foydalanilayotganini tanqid qilishdi.


Senatorlarning ta’kidlashicha, uch yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan ayollar, pensiya yoshidagilar hamda nogironligi bo‘lgan pedagog va mutaxassis xodimlarga elektron platforma orqali mustaqil malaka oshirish imkoniyati joriy etilgan bo‘lsa-da, mazkur amaliyot bugungi kunda cheklab qo‘yilgan.


Shuningdek, umumta’lim maktabi direktorlarining faoliyatiga yakuniy baho berishda ularning sohadagi ko‘p yillik samarali mehnati natijalari, ularning rahbarligida maktab o‘quvchilari hamda pedagoglari turli yutuqlarga erishgani inobatga olinmasligi maktab rahbarlarining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotganligi ham qayd etildi.


Yana bir e’tirozli holatlardan biri — menejerlik sertifikatini qo‘lga kiritgan davlat umumta’lim maktablari direktorlarining keyingi faoliyatini monitoring qilish tizimi mavjud emasligi. Ya’ni, menejerlik o‘quv kurslarini yakunlagan maktab direktorlari faoliyatidagi ijobiy o‘zgarishlarni baholashning mexanizmi yaratilmagan.


Yuqoridagi e’tirozli holatlardan kelib chiqib, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi vakillariga pedagog xodimlarning malakasini oshirish hamda rahbar kadrlar uchun tashkil etiladigan menejerlik o‘quv kurslarini o‘qitish, yakuniy baholash tizimini tubdan takomillashtirish va sertifikatga ega bo‘lgan rahbar xodimlarining keyingi mehnat faoliyatini monitoring qilish hamda samaradorligini baholash mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.


Majlis yakunida umumta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari malakasini oshirishni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shma qaror qabul qilindi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Malaka oshirish

Ulashish