Pedagoglar malakasini oshirish tizimidagi kamchiliklar muhokama qilindi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida pedagog xodimlar malakasini oshirish tizimidagi ayrim kamchiliklar muhokama qilindi.
2026-yil 6-may kuni Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining qo‘shma majlisida viloyatdagi davlat umumta’lim maktablaridagi rahbar va pedagog xodimlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash bo‘yicha belgilangan vazifalar bajarilishi, shu jumladan umumta’lim maktablari rahbarlari uchun tashkil etilgan menejerlik kurslarini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev ishtirok etib, bu yo‘nalishda vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berdi. Senatorlar esa mazkur sohada uchrayotgan ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tib, vazirlik mas’ullarini so‘roqqa tutdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil yanvar-dekabr oylarida 5 yillik malaka oshirish tizimi asosida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 125 245 nafar xodimining malakasi oshirilgan.
2024-2025-yillar hamda 2026-yil yanvar-mart oylari davomida respublika bo‘yicha 8 309 nafar tinglovchi menejerlik o‘quv kurslariga qabul qilingan bo‘lib, shundan 4 595 nafari (55,3%) kursni muvaffaqiyatli tamomlab, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan.
Senatorlar mazkur sohada uchrayotgan ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tib, “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasidan (onlinedu.uz) faqatgina malaka oshirish o‘quv jarayonini tashkil qilishda foydalanilayotganini tanqid qilishdi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, uch yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan ayollar, pensiya yoshidagilar hamda nogironligi bo‘lgan pedagog va mutaxassis xodimlarga elektron platforma orqali mustaqil malaka oshirish imkoniyati joriy etilgan bo‘lsa-da, mazkur amaliyot bugungi kunda cheklab qo‘yilgan.
Shuningdek, umumta’lim maktabi direktorlarining faoliyatiga yakuniy baho berishda ularning sohadagi ko‘p yillik samarali mehnati natijalari, ularning rahbarligida maktab o‘quvchilari hamda pedagoglari turli yutuqlarga erishgani inobatga olinmasligi maktab rahbarlarining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotganligi ham qayd etildi.
Yana bir e’tirozli holatlardan biri — menejerlik sertifikatini qo‘lga kiritgan davlat umumta’lim maktablari direktorlarining keyingi faoliyatini monitoring qilish tizimi mavjud emasligi. Ya’ni, menejerlik o‘quv kurslarini yakunlagan maktab direktorlari faoliyatidagi ijobiy o‘zgarishlarni baholashning mexanizmi yaratilmagan.
Yuqoridagi e’tirozli holatlardan kelib chiqib, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi vakillariga pedagog xodimlarning malakasini oshirish hamda rahbar kadrlar uchun tashkil etiladigan menejerlik o‘quv kurslarini o‘qitish, yakuniy baholash tizimini tubdan takomillashtirish va sertifikatga ega bo‘lgan rahbar xodimlarining keyingi mehnat faoliyatini monitoring qilish hamda samaradorligini baholash mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Majlis yakunida umumta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari malakasini oshirishni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shma qaror qabul qilindi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
“X-variant” tarqalganiga qaramay, tarixdan milliy sertifikat natijalari e’lon qilindi
14 nafar bolani bog‘chaga olib ketayotgan mashina avariyaga uchradi, haydovchi vafot etdi
Jismoniy tarbiya o‘qituvchilari uchun amaliy imtihon sanasi aniq bo‘ldi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga yangi rahbar tayinlandi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
O‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish bo‘yicha prezident topshirig‘i nega to‘liq bajarilmadi?
Prezident topshirig‘iga asosan har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan, jami 1000 nafardan ortiq maktab o‘qituvchilari xorijga malaka oshirishga yuborilishi lozim edi.
So'ragan edingiz
Ikki yil avval malaka oshirgan o‘qituvchiga yangi o‘quv yiliga ustama uchun ball beriladimi?
2024-yilda malaka oshirgan pedagog xodim keyingi besh yil ichida ish beruvchi tomonidan majburiy tarzda malaka oshirishga yuborilishi lozim. Ana shu muddatga qadar esa uning 2024-yilda malaka oshirgani haqidagi sertifikati o‘z kuchida bo‘ladi.
Ta'lim siyosati
O‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish bo‘yicha prezident topshirig‘i to‘liq bajarilmadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra 2025-yilda 360 nafar pedagog xodimlar Turkiya, Germaniya, Malayziya, Fransiya, Ozarbayjon davlatlariga malaka oshirishga yuborildi.
So'ragan edingiz
Sirtqi ta’limda o‘qiyotgan o‘qituvchi malaka oshirishi majburiymi?
Pedagog xodim belgilangan muddatda malaka oshirish kurslaridan o‘tmagan taqdirda, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi amal qilish muddatidan qat’i nazar, ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinadi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang