Bir oylik malaka oshirish tizimidan voz kechiladi, yangi tartib qanday ishlaydi?
Bugun, 30-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvda o‘qituvchilar uchun bir oylik majburiy malaka oshirish kurslari bekor qilinishini ma’lum qildi.
Endilikda pedagoglarning poytaxt yoki viloyat markaziga borib, bir oylik kursda majburiy tartibda o‘qishi talabi bekor qilinadi. Uning o‘rniga kasbiy rivojlanish vaucherlari joriy etiladi.
“Zamon o‘zgaryapti. Bolalarning qiziqishi, dunyoqarashi, axborot olish xususiyati ham o‘zgaryapti. Kecha samara bergan dars usuli bugun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu sabab muallimning muntazam o‘qishi va o‘z ustida ishlashi zarur, – dedi prezident”
Yangi tizim qanday ishlaydi?
Xalqtaliminfo.uz'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, yangi tartibda malaka oshirish barcha o‘qituvchilar uchun bir xil davomiylik va bir xil dastur asosida tashkil etilmaydi, endilikda pedagogning qaysi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga ehtiyoji borligi uning attestatsiya jarayonidagi natijalari orqali aniqlanadi.
Ya’ni attestatsiya tizimi endilikda faqat o‘qituvchiga toifa berish yoki bermaslik masalasini hal qilmaydi, balki uning kasbiy rivojlanish ehtiyojlarini ham aniqlash mexanizmi sifatida ham ishlashi ko‘zda tutilmoqda.
Masalan, pedagogning fan bo‘yicha bilimlari yetarli bo‘lsa, biroq zamonaviy dars metodikasi yoki baholash usullarini qo‘llash bo‘yicha ehtiyoji aniqlansa, uning keyingi malaka oshirish yo‘nalishi ham shunga moslashtiriladi.
Shu asosda pedagogga 18 soatdan 72 soatgacha bo‘lgan kasbiy rivojlanish imkoniyati beriladi. Bu yerda asosiy o‘zgarish shundaki, o‘qituvchi shunchaki belgilangan kursga yuborilmaydi. U o‘zining ehtiyojiga mos kursni tanlash imkoniga ega bo‘ladi.
Yangi tizimda pedagogga tanlov imkoniyati beriladi. O‘qituvchi kasbiy rivojlanish vaucheridan foydalanib, malakasini oshirish uchun davlat malaka oshirish markazini ham, tegishli talablarga javob beradigan xususiy malaka oshirish tashkilotini ham mustaqil tanlashi mumkin. Pedagog o‘ziga kerak bo‘lgan kurs yoki yo‘nalishni ham o‘zi tanlaydi.
Demak, endilikda o‘qituvchini shunchaki malaka oshirish kursiga yuborish emas, uning kasbiy ehtiyojini aniqlash va shu ehtiyojga mos ta’lim berish tamoyili birinchi o‘ringa qo‘yiladi.
Poytaxt va viloyat markazlaridagi malaka oshirish markazlari taqdiri nima bo‘ladi?
Bu o‘zgarishdan keyin tabiiyki bir savol tug‘iladi: agar o‘qituvchi istagan joyida va istagan kursida malakasini oshirsa, poytaxt va viloyat markazlaridagi malaka oshirish markazlarining taqdiri nima bo‘ladi?
Hozircha ularning faoliyati to‘xtatilishi haqida ma’lumot yo‘q. Ammo, katta ehtimol bilan yangi tizimda bu markazlar ham pedagoglar tanlashi mumkin bo‘lgan kasbiy rivojlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlardan biri bo‘lib qoladi.
Farq shundaki, ilgari pedagoglar shu markazlarga majburiy tartibda yuborilgan bo‘lsa, endilikda tanlov imkoniyati pedagoglarning o‘ziga beriladi. Bu esa davlat hamda xususiy malaka oshirish markazlari o‘rtasida raqobat muhitini yuzaga keltirishi aniq. Ya’ni, raqobatdosh markazlar faoliyatini davom ettiradi, raqobatga bardosh berolmaganlari esa tugatilishi mumkin.
Albatta, yangi tizimning qanday ishlashi, vaucherning moliyaviy mexanizmi, xususiy tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar, kurslarni tanlash va ularning sifatini nazorat qilish tartibi Hukumatning tegishli hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Malaka oshirish tizimining qisqacha xronologiyasi
- 2021-yilgacha — 5 yillik tizim. O‘qituvchilar har 5 yilda, maktab direktorlari esa har 3 yilda bir marta malaka oshirishga yuborilgan. Kurs yakunida test sinovlari va malaka ishini himoya qilish talablari mavjud edi.
Makur tizimda qog‘ozbozlik, korrupsiya holatlari avj olib ketgani sababli, undan voz kechilib, yangi uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimiga o‘tilgandi.
- 2021-yildan — uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimi. Prezidentning PQ-4963-son qarori bilan avvalgi davriylikka asoslangan tartibdan voz kechildi. Pedagoglarga malakasini masofaviy, mustaqil yoki an’anaviy shaklda oshirish imkoniyati berildi. Bitiruv malaka ishlari hamda avvalgi kirish-chiqish testlari bekor qilindi. Onlayn malaka oshirish ham keng ommalashdi.
Shundan so‘ng, aniqrog‘i 2021-yildan boshlab o‘qituvchilar istagan vaqtida, istagan joyida malaka oshirishiga imkoniyat yaratildi. Yangi tizimni joriy etish jarayonida o‘qituvchilarga malaka oshirishning turli xil shakllariga, ya’ni masofaviy, mustaqil hamda an’anaviy tarzda o‘qishga ruxsat berildi.
Keyinroq esa onlayn platformadan o‘qituvchilarning o‘rniga “o‘qib”, sertifikat olib berish “biznesi” avj olgach, bu tizimdan ham voz kechilib, yana 5 yillik malaka oshirish tizimiga qaytildi.
- 2025-yildan — 5 yilda bir marta majburiy kurs qaytarildi. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-dekabrdagi 867-son qarori bilan yangi tartib joriy qilindi. Unga ko‘ra, pedagoglar har 5 yilda kamida 100 soat, rahbar xodimlar esa kamida 144 soat malaka oshirishi majburiy etib belgilandi. Kurslarda oraliq va yakuniy nazorat hamda yakuniy attestatsiya tizimi joriy qilingandi.
“Nega yana 5 yillik malaka oshirish tizimiga qaytilgandi?”
Izohlar 4
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Kelasi o‘quv yilidan bog‘cha tarbiyachilari uchun oliygohda o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqartiriladi
O‘qituvchilarga 100 va 30 foizlik ustamalar beriladigan tizim yo‘lga qo‘yiladi
Endilikda boshlang‘ich sinflar uchun alohida fan olimpiadasi joriy qilinadi
Prezident o‘qituvchilarga yangi imtiyozlar berilishini ma’lum qildi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
“Hech bir o‘qituvchi o‘z hisobidan chet elda malaka oshirishga majbur qilinmadi" — rasmiy izoh berildi
Har bir tumandan 5 nafardan, jami 110 nafar maktab o‘qituvchilari ro‘yxati shakllantirilgan. Ma’lum qilinishicha, bugungi kunga qadar 30 nafar pedagoglar Turkiya davlatida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirib kelgan.
Yangiliklar
Prezident bunday topshiriq bermagandi: o‘qituvchilarni xorijga yuborish xarajatlari ularning bo‘yniga ilindi
Prezident topshirig‘i noto‘g‘ri talqin qilinib, pedagoglarni xorijiy davlatlarga yuborish xarajatlari o‘qituvchilarning o‘ziga yuklab qo‘yilmoqda.
Yangiliklar
Pedagoglar malakasini oshirish tizimidagi kamchiliklar muhokama qilindi
Senatorlar mazkur sohada uchrayotgan ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tib, vazirlik mas’ullarini so‘roqqa tutdi.
Yangiliklar
O‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish bo‘yicha prezident topshirig‘i nega to‘liq bajarilmadi?
Prezident topshirig‘iga asosan har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan, jami 1000 nafardan ortiq maktab o‘qituvchilari xorijga malaka oshirishga yuborilishi lozim edi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang