Top.Mail.Ru
Nega yana 5 yillik malaka oshirish tizimiga qaytildi?

Nega yana 5 yillik malaka oshirish tizimiga qaytildi?

10:16 / 25.12.2024 9.08k

Barchamiz juda yaxshi eslaymiz, 2021-yilga qadar o‘qituvchilarning malaka oshirishi ma’lum bir davriylikka asoslangandi. Ya’ni bunda pedagog xodimlar 5 yilda, maktab direktorlari esa 3 yilda bir marotaba malaka oshirishga yuborilardi.


Avvalgi, 5 yillik tizimda qog‘ozbozlik, korrupsiya holatlari avj olib ketgandi. Malaka oshirishga chiqqan pedagoglarning “kattagina chiqimi” bor edi. Kursni muvaffaqiyatli “yopish” uchun mablag‘ sarf qilmaslikning sira ham imkoni yo‘q edi. Malaka oshirish kursini tugatgandan so‘ng topshiriladigan test sinovlari va malaka ishi himoyasi kabi talablar korrupsion tizimni yaratgandi.

“Maktab rahbarlari shunday bo‘lardiki, shunday stressda yurardiki, [kunlari] faqat test yodlash bilan o‘tardi. Undan keyin, maktab rahbarlari testing har bir blogidan muvaffaqiyatli o‘ta olgan taqdirda, malaka ishi bo‘lardi. Malaka ishini 60, 65 varaqdan maktab rahbarlari kechasi bilan uxlamasdan yozib chiqishardi”, degan edi 5 yillik tizim haqida salbiy fikr bildirgan pedagoglardan biri.
“Oldingi malaka oshirish bir qo‘rquv, juda ham bir stress, juda ham bosim ostida o‘tgan deb o‘ylayman. Chunki men bu jarayonni o‘z boshimdan o‘tkazganman. Testlarga tayyorgarlik, to‘rt hafta davomida shunaqa hayajon, shunaqa qo‘rquv bizni juda ham charchatgandi”, deya fikr bildirgandi yana bir pedagog.

Nega 5 yillik malaka oshirish tizimidan voz kechilgandi?


Davriylikka asoslangan avvalgi tizimdan voz kechishga o‘sha vaqtlari bir qancha asoslar keltirilgandi. Ya’ni, birinchidan tizimning korrupsiyalashib ketgani, ikkinchidan esa bir oylik qisqa muddatli malaka oshirish jarayonida olingan bilim va ko‘nikmalar o‘qituvchining kelgusi 5 yil davomida o‘z faoliyatini samarali olib borishi uchun yetarli emas degan xulosaga kelinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-yanvardagi PQ-4963-son qarori bilan 2021-yildan boshlab uzluksiz tarzda malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgandi.


Shundan so‘ng, aniqrog‘i 2021-yildan boshlab o‘qituvchilar istagan vaqtida, istagan joyida malaka oshirishiga imkoniyat yaratildi. Yangi tizimni joriy etish jarayonida o‘qituvchilarga malaka oshirishning turli xil shakllariga, ya’ni masofaviy, mustaqil hamda an’anaviy tarzda o‘qishga ruxsat berildi. Shu qatorda bitiruv malaka ishlari, bir imkoniyatli kirish va chiqish testlari ham bekor qilindi. Pedagoglarga esa o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib, qay tartibda malaka oshirishni o‘zi tanlash imkoniyati berildi.


Yangi tizimdagi malaka oshirish shaklining o‘qituvchilar orasida eng ommalashgan shakllaridan biri masofadan, ya’ni, onlayn tarzda “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasi orqali malaka oshirish shakli bo‘ldi.


Onlayn malaka oshirishning afzallik jihati sifatida esa hududiy malaka oshirish markaziga ancha uzoqlikda joylashgan pedagoglarga qulaylik yaratish hamda 1 oy davomida malaka oshirishga ketgan o‘qituvchilarning darsini boshqa o‘qituvchilarga taqsimlash muammosining oldini olish kabi omillar bilan izohlandi.


Onlayn malaka oshirish tizimining kamchiligi nimada edi?


Afsuski, ayrim o‘qituvchilar onlayn platformaga joylashtirilgan videodarslarni ko‘rishga ham toqat qilmay, malaka oshirish sertifikatlarini pulga sotib ola boshladi.


Ayrim “uddaburonlar” pedagoglar jamlangan guruhlar, turli xil telegram kanallarda malaka oshirish sertifikatini ma’lum bir mablag‘ evaziga olib berish taklifini berila boshladi. Ya’ni, onlayn platformadan o‘qituvchilarning o‘rniga “o‘qib”, sertifikat olib berish “biznesi” avj oldi.


Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga tashrifi davomida ham tilga olgandi.

“Afsuski, o‘qituvchilarni malaka oshirish va qayta tayyorlash jarayonlari ayanchli holga kelib qolgan, achinarli tomoni o‘qituvchilar ma’lum bir to‘lovlar evaziga qayta tayyorlash jarayonlariga umuman qatnashmay sertifikat olib ketavergan. Sifat qayerdan bo‘lsin. Eng asosiy bo‘g‘inimiz sanalgan A.Avloniy ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tubdan o‘zgartirishimiz shart”, degandi o‘shanda vazir Umarova.

Yana qayta joriy qilingan 5 yillik malaka oshirish tizimi endi qanday ishlaydi?


Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-dekabrdagi 867-son qarori bilan “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi yangi Nizom tasdiqlandi.


Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-dekabrdagi 867-son qaroriga ko‘ra 2025-yil 1-yanvardan boshlab, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi (vazirlik - malaka oshirish muassasasi - ta’lim tashkiloti) yo‘lga qo‘yildi.


Unga ko‘ra pedagog xodimlarning har 5 yilda belgilangan davomiylikdagi malaka oshirish dasturlarini o‘zlashtirishi majburiy etib belgilandi. Bunda pedagog va mutaxassis xodimlar uchun malaka oshirish kursining davomiyligi kamida 100 soat, rahbar xodimlar uchun kamida 144 soat etib belgilanadi.


Xodim uning mehnat ta’tili yoki vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi davrida malaka oshirishga jalb qilinmaydi.


Har yili 15-oktyabrgacha maktabgacha, umumiy o‘rta ta’lim, Ixtisoslashtirilgan maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining rahbari tomonidan navbatdagi kalendar yilda malaka oshiradigan pedagog va mutaxassis xodimlar haqidagi ma’lumotlarni elektron platformaga kiritish orqali malaka oshirishga buyurtma shakllantiriladi.


Bunda pedagog yoki mutaxassis xodimning avvalgi malaka oshirgan muddati, shuningdek, tashkilot xodimlarining har yili o‘rtacha 20 foizi malaka oshirishi lozimligi nazarda tutiladi.


Tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbariyati tizimdagi barcha maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari hamda tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida asosiy shtatda faoliyat ko‘rsatayotgan har bir xomimning malaka oshirish bo‘yicha tegishli buyurtmaga kiritilishini ta’minlaydi va nazorat qiladi.


Shuningdek, malaka oshirish kursi davomida o‘quv dasturining muayyan bo‘limi (moduli) tugallangandan keyin tinglovchining bilim va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash va baholash usuli, ya’ni oraliq nazorat shakli ham nazarda tutilmoqda.


Oraliq, yakuniy attestatsiya va yakuniy nazorat sinovlari tashkil etiladi


Endilikda, yakuniy attestatsiya, ya’ni malaka oshirish kurslari oxiridagi yakuniy nazorat sinovi, ilg‘or pedagogik uslub va texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha topshiriqlarni bajarishdan iborat bo‘lgan malaka ishi yoki bitiruv ishini himoya qilish shaklida o‘tkaziladigan baholash jarayonlari ham yo‘lga qo‘yilmoqda.


Malaka oshirish kursida o‘qigan pedagoglar kurs yakunida uning dasturiga kiruvchi fanlar bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni, o‘zlashtirish darajasini baholash usuli, ya’ni yakuniy nazorat sinovi ham topshirishi kerak bo‘ladi.


Bunda malaka oshirish kursi tinglovchisi kursning o‘quv rejasida nazarda tutilgan barcha nazorat (oraliq, yakuniy) turlarida ijobiy natija ko‘rsatsa, kursning o‘quv dasturi to‘liq o‘zlashtirilgan hisoblanadi.


Oraliq nazoratlarda yetarli ball to‘play olmagan tinglovchiga kasbiy rivojlantirish ta’lim tashkiloti rahbari ruxsati bilan (bir kundan so‘ng) qayta topshirishga imkoniyat beriladi. Oraliq nazorat topshiriqlarini bajarmagan tinglovchilar yakuniy nazoratga qo‘yilmaydi.


Malaka oshirish kursining yakuniy nazoratida tinglovchi ijobiy natijaga erishmaganda, ikki oy ichida bir marta kasbiy rivojlantirish ta’lim tashkilotida tuzilgan yakuniy nazoratni o‘tkazadigan komissiyaga qayta topshirish imkoniyati beriladi.


Malaka oshirish kursining yakuniy attestatsiyasi yakuniy nazorat sinovi va ilg‘or pedagogik uslub va texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha topshiriqlarni bajarishdan iborat malaka ishini baholash shaklida o‘tkaziladi.


Malaka oshirish kursining yakuniy attestatsiyasida tinglovchi ijobiy natijaga erishmaganda ikki oy ichida bir marta kasbiy rivojlantirish ta’lim tashkilotida tuzilgan yakuniy attestatsiyani o‘tkazadigan komissiyaga qayta topshirishga imkon beriladi.


Amaliy fanlar (musiqa madaniyati, tasviriy san’at va chizmachilik, texnologiya fanlari) o‘qituvchilarining yakuniy attestatsiyasi yakuniy nazorat sinovi va tegishli fan bo‘yicha amaliy topshiriqlar shaklida o‘tkazilishi mumkin.


Malaka oshirish kursi dasturini to‘liq o‘zlashtirgan tinglovchilarga kursni tashkil qilgan ta’lim muassasasi tomonidan davlat namunasidagi elektron generatsiya qilingan va elektron raqamli imzo (QR-kod) bilan tasdiqlangan hujjat (sertifikat) beriladi.


Umuman olganda, endilikda malaka oshirishga borgan pedagoglar oraliq nazorat, yakuniy attestatsiya va yakuniy nazorat sinoviga jalb qilinishi belgilandi.

Ma’lumot uchun: Avvalgi tizimda malaka oshirish kursi tinglovchisi kursning o‘quv rejasida nazarda tutilgan ma’lum bir kreditlarni yig‘ib, belgilangan nazorat turlarida ijobiy natija ko‘rsatsa, kursning o‘quv dasturi to‘liq o‘zlashtirilgan hisoblanardi.

Nazoratlarda yetarli ball to‘play olmagan tinglovchiga kurs davomida qayta topshirishga imkoniyat beriladi. Malaka ishi yoki bitiruv ishi degan talab mavjud emasdi, aniqrog‘i bunday tizimdan voz kechilgandi.


Yil davomida uzluksiz kasbiy rivojlantirish tadbirlari ham tashkil etiladi


Pedagoglar o‘z malakasini faqatgina 5 yilda emas, aksincha yil davomida ham uzluksiz kasbiy rivojlantirish tadbirlari doirasida oshirib boraveradi. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tadbirlari malaka oshirish kurslari oralig‘ida har yili tashkil qilinadigan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlaridan iborat bo‘ladi.


“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari o‘quv yili davomida haftaning belgilangan kunlarida, shuningdek, o‘quvchilarning ta’til kunlarida o‘tkaziladi.

“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari qanday tashkil etiladi?

Ayrim toifadagi pedagoglarga elektron platforma orqali malaka oshirishiga ruxsat beriladi


Uch yoshga to‘lmagan yosh bolasi bo‘lgan ayollar, pensiya yoshidagilar hamda nogironligi bo‘lgan pedagog va mutaxassis xodimlar maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari pedagogik kengashlarining qarori hamda o‘z arizasiga muvofiq elektron platforma orqali mustaqil malaka oshirishi mumkin.


Bunda kasbiy rivojlantirish ta’lim tashkiloti maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari pedagogik kengashlarining qarori hamda pedagog va mutaxassis xodimlarning arizasi asosida tinglovchining mustaqil malaka oshirishi bo‘yicha tegishli buyruqni rasmiylashtiradi.


Mustaqil malaka oshirishi belgilangan tinglovchilarning yakuniy attestatsiyasi Kasbiy rivojlantirish ta’lim tashkilotida tuzilgan komissiya tomonidan bevosita tashkil etiladi. Ularning oraliq nazoratlari elektron platforma orqali tashkil etiladi.


Mustaqil ta’lim shaklidagi malaka oshirish kursi dasturini to‘liq o‘zlashtirgan va yakuniy attestatsiyada ijobiy baholangan tinglovchilarga belgilangan tartibda sertifikat beriladi.


Bu tizim ham avvalgidek korrupsiyaga uchramaydimi, degan savolga hozir aniq javob berish qiyin. Yangi tizim ishga tushgach, avvalgi muammolar yana qayta paydo bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Biroq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bunday holatlarning oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rgan deb umid qilamiz. Biz bu mavzuni yana davom ettiramiz va tez orada yana shu mavzuga qaytamiz.

Izohlar 7

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Malaka oshirish

Ulashish